Ўзбекистон мусулмонлари идораси
Самарқанд вилояти вакиллиги
w w w . s a m m u s l i m . u z

Мақолалар

Hazrati Umar roziyallohu anhu

 
 

Sahobalar ichida shijoat, odillik, haqgo’ylik, ixlos, itoatgo’ylik, omonatdorlik, taqvo, mas’uliyatlilik kabi oliy sifatlar ila tanilgan Umar roziyallohu anhu haqida ayrim ma’lumotlarni keltiramiz.

U zotning nasablari: Umar ibn Xattob ibn Nufayl ibn Abduluzzo ibn Royah ibn Abdulloh ibn Qurt ibn Rozih ibn Adiy ibn Ka’b ibn Lu’ay ibn G’olib ibn Quraysh.

Ka’b ibn Lu’ayda Rasululloh sollallohu alayhi vassallam bilan nasablari tutashadi.

Tavalludlari: Fil yilining o’n uchinchi yili, Makkada tavallud topganlar.

Kunyalari: Abu Hafs.

Laqablari : Al-Foruq (ya’ni, haq va botilning orasini ajratuvchi).

Ko’rinishlari: Yuz, ko’z va burunlari chiroyli, oq-sariqdan kelgan, uzun bo’ylik, bahaybat gavdalik, qat’iy so’zlik, jiddiy fe’l sohibi, sabot va qattiq qalb egasi, chapaqay edilar va har ishni ikki qo’llarida bemalol bajarar edilar, sochlari siyrak, yursalar tez yurar edilar. Odamlar orasida tursalar, go’yo odamlar piyoda, Umar roziyallohu anhu esa ulovda turgandek ko’rinar edi.

Umar roziyallohu anhu din endigina shakllana boshlaganida, barcha ibodatini boshqalardan qo’rqib, yashirin amalga oshirib yurgan bir paytda birinchi bo’lib islomini oshkor qilgan insondirlar. Birinchi bo’lib “amirul-mo’minin” deb atalgan, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Madinaga hijrat qilib borgan kunlaridan boshlab tarixni kitobat qilgan, Ramazonda taroveh namozida Qur’oni karimni xatm qilib o’qishni sunnat qilgan, masjidlarga birinchi bo’lib chiroqlarni joriy qilgan zotdirlar. U zotning vafotlaridan keyin masjidlarni yoritib turgan chiroqlarni ko’rgan Ali roziyallohu anhu: “Ey amirul-mo’minin, Alloh qabringizni nurga to’ldirsin”, deya duo qilganlar.

Umar roziyallohu anhu xalqining holidan xabar olish uchun tunlari bilan mijja qoqmay ko’chalarni nazorat qilgan xalifadir. Qullar bozorida bolani onadan ajratib sotishni bekor qilganlar. Birinchi bo’lib devonni barpo qilganlar. Qur’oni karimni kitob holatiga keltirish kerakligini ilk bor taklif qilib chiqqanlar. Birinchi bo’lib maqomi Ibrohimda namoz o’qishni yo’lga qo’yganlar. Birinchi bo’lib yosh bolalarga nafaqa pulini joriy qilgan insondirlar.

Kechalarning birida Umar roziyallohu anhu Madina ko’chalarini aylanib yurar ekanlar, Madina tashqarisida bir chodirga, chodir oldida u yoqdan bu yoqqa xavotirlanib yurgan bir kishiga ko’zlari tushdi. Chodirning ichidan bir ayolning ingragan ovozi eshitilib turar edi. Yaqinroq borib qarasalar, bir sahroyi arab Madinaga yetmasdan ayolining tolg’og’i tutib qolgan, shu sababli vaqtincha chodir qurib, shu yerga joylashgan ekan. Shu onda xalifa nima qildilar? O’zini jamiki musulmonlarga qattiq mas’ul deb bilgan xalifa shoshganicha chopqillab uylariga keldilar-da, ayollari Ummu Gulsumga qalblarni larzaga soladigan savol berdilar: “Ey Ummu Gulsum, Alloh rozi bo’ladigan bir savobli ishda menga sherik bo’lishni xohlaysizmi?”. Ayollari ham o’ylab o’tirmay, “Ha, albatta” dedilar. Shunda Umar roziyallohu anhu: “Unday bo’lsa, ayol kishi va chaqaloqqa tug’ruq vaqtida kerak bo’ladigan narsalarni oling va ortimdan yuring”, dedilar. O’zlari esa yelkalarining bir tomoniga un va yog’, ikkinchi tomoniga bir qozonni yuklab, chodir tomon jo’nadilar. Ayoli tug’ruq payti kimdan yordam so’rashni bilmay turgan arobiyning oldiga qozonni tushirib, ayollari Ummu Gulsumga chodirning ichkarisiga kirishini buyurdilar. Musulmonlar xalifasi Umar ibn Xattobdek zot o’zlarini tanitmagan holatda notanish bir a’robiyning xizmatini qilmoqdalar! So’ngra olib kelgan qozonlarini a’robiyning oldida turgan uchta tosh ustiga qo’yib, tagiga olov yoqib, puflay boshladilar. A’robiy ayolidan xavotir olib turgan vaqtda Umar roziyallohu anhu olov yoqib, taom pishirar edilar. Engashib, qozon ostiga puflab turgan paytlarida ichkaridan chaqaloqning yig’isi eshitildi. So’ng ayollari Ummu Gulsum chiqib: “Ey amirul-mo’minin, yoningizdagi birodaringizga Alloh o’g’il bergani haqidagi xushxabarni ayting” dedi. A’robiy ko’maklashayotgan inson amirul-mo’minin ekanligini bilmay: “Bu Madinalik inson saxovatli, oliyjanob ekan. Allohga qasamki, Umardan ko’ra bu inson xalifalikka loyiqroqdir”, deb turar edi. Endi bu gapni eshitib tili kalimaga kelmay qoldi. Og’zini ochib, ikki kalima aytmoqchi bo’lar edi-yu, Umar roziyallohu anhuning haybatlari va salobatlaridan aytishga so’z topa olmay qoldi. Shunda Umar roziyallohu anhu: “Siz o’tiring”, dedilar va ovqatni ichkariga olib kirdilar. Ichkaridagilar ovqatni yeb, ortganini tashqariga chiqardilar. Umar roziyallohu anhu ovqatni a’robiyga uzatib: “Buni siz yeng, axir, uzoq yo’l yurib kelgansiz, charchagansiz. Tong otganida oldimga boring. Safarlaringizga kerakli narsalarni berib, farzandizga nafaqa tayin qilamiz”, dedilar.

Xulosa qilib aytamizki, ko’rib turganingizdek, Umar roziyallohu anhu sahobalar ulug’i va butun insoniyatga yaqqol namuna va o’rnak bo’lgan inson bo’lganlar. U zot Payg’ambar alayhissalomga u zotning risolatlarini ado qilishda ulkan hissa qo’shgan, qo’shganda ham ixlos, shijoat, muhabbat ila xizmat qilgan sahoba. Haqni sevuvchi, nohaqni qattiq qoralovchi Foruq edilar. Hatto Rasululloh alayhissalom Umar roziyallohu anhuning sha’nlari to’g’risida “Agar mendan so’ng payg’ambar bo’lsa, albatta, Umar bo’lar edi”, deya e’tirof etganlar. Alloh barchamizni ushbu solih zotlar kabi dinu-dunyosini obod qilganlardan qilsin, omin!


Киритилган вақти: 29/11/2017 00:00;   Кўрилганлиги: 3068
 
Материал манзили: https://www.sammuslim.uz/articles/hazrati-umar-roziyallohu-anhu
Чоп этилган вақт: 07/12/2024 23:33
 
 
Ўқиш учун ушбу тугмани босинг