Yomon xulqli namozxon...
Yomon xulq va dilozorlik solih amallarning savobini yo‘qqa chiqaradi, ularning habata bo‘lishiga sabab bo‘ladi. Shuning uchun o‘zini mo‘min sanaydigan har bir inson mudom o‘z nafsiini taftish qilib turmog‘i kerak bo‘ladi.
Ba'zi odamlar bor, garchi namoz o‘qisalarda, yaxshi ishlarni qilib tursalar-da, ammo o‘ta badxulq, ikkita gap ortiqchalik qiladigan, bitta gap yetmaydigan qandaydir asabiy inson bo‘ladilar. Undaylarga bir yarimta hajmda gap aytolmasangiz tamom, ichidagi hamma zahrini sizga sochadi. Xuddi juda katta ayb ishni qilib qo‘ygansiz-u u kishiga sizni so‘roq qilish va ustingizga o‘zining haqoratomuz va og‘ir so‘zlari bilan tashlanish izni berilgan.
Agar inson tog‘larga teng keladigan yaxshiliklarni qilib yursa ham, lekin dilozor va badxulq bo‘lsa, sirka asalni aynitgani kabi yaxshi amallari barbod bo‘lib, buzilib ketaveradi. Alloh taolo aytadi:
"يَاأَيُّهَا الَّذِينَ آمَنُوا لَا تُبْطِلُوا صَدَقَاتِكُمْ بِالْمَنِّ وَالْأَذَى"
Ya'ni: "Ey iymon keltirganlar, o‘z yaxshiliklaringizni minnat va aziyat berish bilan yo‘qqa chiqarmangiz!" (Baqara surasi: 264-oyat).
Ushbu oyati karimada agar bir inson boshqa bir insonga yaxshilik qilgan bo‘lsa, aslo unga aziyat bermasligi va minnatda bo‘lmasligi lozimligiga ishora qilinmoqda va agar unga so‘z yoki biror amal bilan aziyat yetkazadigan bo‘lsa, unga qilgan yaxshiligining savobi yo‘qqa chiqishi ochiq-oydin ta'kidlanmoqda.
Yana oyati karima "Ey iymon keltirganlar!" degan ulug‘ xitob bilan boshlangan. Bu esa, ushbu xitobda benihoya muhim bir o‘git va nasihat borligini anglatadi. Va bu xitob hammaga ham emas, kufr yo‘lini tutganlarga emas balki, aynan Allohga iymon keltirgan, oxiratga iymon keltirgan, oxiratdagi savol-javobga ishonuvchi, do‘zax va jannatga ishonuvchi zotlarga atalgan xolos. Shunday ekan, unga quloq tutmoq, e'tibor bermoq so‘ngra, uni ko‘zga surtgan holda amal qilmoq darkor.
Abdulloh ibn Mas'ud raziyallohu anhu aytadilar: "Agar Alloh jalla jaloluhu "Ey iymon keltirganlar!", desa, darhol unga quloq sol! Zero, u, yo sen chaqirilayotgan yaxshilik yoki sen undan qaytarilayotgan yomonlik bo‘ladi".
Ja'daning mavlosi Abu Yahyodan rivoyat qilinadi: Men Abu Hurayradan quyidagi hadisni eshitganman:
Bir kuni Rasululloh alayhissalomga: “Ey Allohning Rasuli, falonchi ayol kechalari (tahajjud) namozini o‘qiydi, kunduzlari (nafl) ro‘zalar tutadi, lekin tilida zahar bor. O‘sha (tili) bilan qo‘shnilariga ozor beradi. U tili achchiq ayol”, - deyishdi. Shunda Rasuli akram sollallohu alayhi va sallam: “U ayolda yaxshilik yo‘q, u do‘zaxdadir”, – dedilar.
Payg‘ambarimiz alayhissalomdan yana so‘rashdi: “Ey Rasulalloh, falonchi ayol esa farz namozlarining o‘zini o‘qiydi, ramazon ro‘zasining o‘zini tutadi (ya'ni ortiqcha, nafl ibodatlar qilmaydi). Odamlarga pishloq va suzmalar ehson qiladi. Uning shundan boshqa aytarlik amali yo‘q. Lekin u hech kimga aziyat bermaydi”. Shunda Nabiy alayhissalom: “Ana shu ayol jannatdadir!” – dedilar (Imom Ahmad. Musnad; Ibn Hibbon; Hokim Naysaburiy. Al-Mustadrak. 7304-hadis;).
Ushbu hadisi sharif amali o‘rtamiyona bo‘lsa ham, ammo birovga aziyat bermaslik insonga najot beradigan katta bir fazilat ekanligiga dalolat qiladi. Shuningdek, hadisi sharif inson garchi, amali kuchli bo‘lsa ham, dilozor va badxulq bo‘lsa, unday odamda hech qanday xayr yo‘qligini va uning yomon xulqi va achchiq tili amallarining savobini yo‘qqa chiqarishini anglatadi.
Alisher Sultonxo‘jayev
Manba: Azon.uz
Kiritilgan vaqti: 05/12/2019 16:23; Ko‘rilganligi: 1987
Chop etilgan vaqti: 11/11/2024 02:39