O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Maqolalar

Yaxshi xulq, go‘zal odob egalari bejiz maqtalmaydi...

 
 

Yaxshi xulqli, odobli inson el-yurtdan hamisha izzat-hurmat ko‘rgan, saodat topgan. Yusuf Xos Hojib, Xoja Ahmad Yassaviy, Sa'diy Sheroziy, Abdurahmon Jomiy, Alisher Navoiy kabi barcha ulug‘larimizning asarlarida yaxshi xulq, go‘zal odob egalari madh etilgani bejiz emas.

Yoshlarning ma'naviy barkamol, axloqan yetuk kishilar bo‘lib ulg‘ayishlarida odob muhim o‘rin tutadi. Go‘zal axloqlarni tamomiga yetkazish uchun yuborilgan Payg‘ambarimizni Alloh taolo “Albatta, Siz buyuk xulq uzradirsiz” (Qalam surasi, 4-oyat), deb madh etadi.
Muhammad Sodiq Koshg‘ariyning “Odob as-solihin” (Solihlar odobi) asari qo‘limga tushib qoldi. Mutolaa qildim, juda ajoyib kitob ekan.
Muqaddas dinimiz ta'limotlari asosida har bir mo‘min-musulmon bilishi zarur bo‘lgan eng muhim odoblar jamlangan kitobni tabdil qildik. O‘quvchiga tushunarli bo‘lishi uchun ayrim o‘rinlarda izoh ham berdik. Axloq oyi Ramazonda bu kitobni o‘quvchilarga ham ilindik.
Ilmi irfon arboblariga ravshan va ochiq, zavqu ixlos sohiblariga ma'lum va ayonki, yaxshilarning suhbati chinakam saodatga eltuvchidir. Yomonlarning aralashuvi esa baxtsizlikka boshlovchidir. Bunga hech shak-shubha yo‘q.
Yaxshilarning suhbati ko‘p va xo‘b foyda beradi. Faqat chiroyli odob sharti ila. Bas, modomiki, saodat izlovchi kishining zohiru botini odob va yaxshi xulqlar bilan bezanmasa, ko‘ngli toza bo‘lmasa, istagan narsasi unga foyda bermaydi.
Masnaviy:
Beadab tanho na xudro dosht bad,
Balki otash dar hama ofoq zad.
Ya'ni:
Adabsiz nafaqat yuzini qoraga bo‘yar,
Balki butun olamga ham o‘t qo‘yar.
Bas, saodat istovchilar zohiriy va botiniy odoblarni bilib, ularga amal qilishlari zarur. Toki ular ham ushbu yo‘lda ma'naviy foydalar topib, ulug‘larning martabalariga erishsalar.
BIRINCHI BOB
Birinchi bob izn so‘rash, salomlashish va ko‘rishish, qo‘l berib so‘rashish odoblarini qamrab olgan.
Birinchi fasl
Bir kishining oldiga huzuriga, uyiga kirish uchun izn so‘rashning besh odobi bor.
Birinchi odob. Kimki biror kishining uyiga kirishni istasa, avval u kishiga eshik ortida turib kelganini bildiradi. Ya'ni, eshikni ohista qoqadi yoki tomog‘ini qiradi (yo‘taladi).
Ikkinchi odob. Agar ichkaridan ovoz chiqsa, eshikning orqasidan salom berib: “Ichkariga kirsam bo‘ladimi?” deb so‘raydi. Uch marta shunday izn so‘raydi. Har izn so‘ragandan so‘ng to‘rt rakat namoz o‘qish miqdoricha kutib turadi.
Uchinchi odob. Agar uy egasi uch marotabadan so‘ng ham kirishga izn bermasa va ovoz chiqarmasa, ortiga qaytib ketadi.
 
To‘rtinchi odob. Uy egasi: “Kimsiz?” deb so‘rasa, otini, kimligini aytish kerak. Ammo: “Men do‘stingizman yoki tanishingizman” demaslik kerak. Aks holda, uy egasida shubha uyg‘onishi mumkin.
Beshinchi odob. Agar uy egasi unga hamroh bo‘lsa va uni uyiga boshlab kelsa, eshik oldiga kelganida kirish uchun izn talab qilinmaydi.
Ikkinchi fasl
 
Salomlashishning to‘qqiz odob bor.
Birinchi odob. Ikki mo‘min bir-biriga ro‘baro‘ kelsa, xoh oshno va xoh nooshno bo‘lsin, bir-biriga salom beradi. Salom berish sunnatdir. Javobi, agar salom berilgan bir kishi bo‘lsa, farzi ayndir. Agar ko‘p kishi bo‘lsa, farzi kifoyadir.
Ikkinchi odob. “Assalomu alaykum” deb salom berish kerak. “Assalomu alayka” yoki “Salom alaykum” demaslik lozim.
Uchinchi odob. Salomga alik olish farz. Alik olishda: “Va alaykum assalom” deydi. Salomga kuttirmasdan alik olish kerak. Agar kechiktirib alik olinsa yoki alik olayotganini salom beruvchi eshitmasa, farz soqit bo‘lmaydi.
Agar ikki kishi bir-biriga birinchi bo‘lish maqsadida salom bersa, agar biri avval, biri keyin voqe bo‘lsa, alik olingan bo‘ladi. Agar ikkala salom ham bir paytda voqe bo‘lsa, alik o‘rniga o‘tmaydi, har qaysi alohida alik olishi kerak.
To‘rtinchi odob. Agar kishi bir jamoa mo‘minlarning oldiga kirsa, bir kishini xoslab (alohida ajratib) salom bermaydi. Balki barchaga birday salom beradi. Ammo ko‘chada va bozorda bir kishini xoslab salom bersa bo‘ladi.
Agar jamoa bir kishiga salom bersa, o‘sha kishi alik olishda jamoaning hamma a'zolarini nazarda tutishi kerak. Agar ulardan birini xoslab alik olsa, qolganlarning salomiga alik olinmagan hamda farz soqit bo‘lmagan bo‘ladi. Agar bir kishi tanishiga boshqa kishidan salom aytib yuborsa, xabarchi u kishining salomini yetkazgan zahoti alik olishi vojibdir. Xabarchining javobini salomga qo‘shmaslik mustahabdir. “Va alayka va alayhi, va alaykumus salom” deyish kerak. Agar maktubda salom bitilgan bo‘lsa, xuddi shu shaklda javob qaytarish lozim.
Beshinchi odob. Salom berayotib boshni quyi qilmaslik kerak. Qo‘l, kift (elka) yoki bosh bilan ham ishora qilmaydi. Agar shunday qilsa, bu juda xunuk holatdir.
Oltinchi odob. Ro‘paradagi kishi eshitishi uchun salomni baland ovozda berish kerak. Salom beruvchiga eshittirib alik olish kerak. Agar kar kishiga salom berilsa, ham ovoz chiqarish, ham qo‘l bilan ishora qilish zarur. Agar qo‘l bilan ishora qilinmasa va kar kishi buni eshitmasa, unga javob lozim emas. Agar kar kishi salom bersa, javobda ham talaffuz, ham ishora qilinadi. Agar gung kishiga salom berilsa, u kishi qo‘l bilan ishora qilib alik olsa, farz soqit bo‘ladi. Agar gung kishi salom bersa, til bilan alik olinib, ishora ham qilinsa, farz soqit bo‘ladi.
Yettinchi odob. Yoshi ulug‘ kishi kichikka, otliq piyodaga, yurib ketayotgan kishi o‘tirgan kishiga, ozchilik ko‘pchilikka salom beradi.
Sakkizinchi odob. Nomahram kishi yosh, sohibjamol ayolga salom bermaydi, agar u ayol salom bersa, alik olinmaydi. Agar ayol sohibjamol emas, ya'ni kampir bo‘lsa, salom bersa bo‘ladi. Agar u salom bersa, alik olish lozim.
Xotiniga va mahramlari (ona, opa-singil, amma-xola va hokazo)ga, ular harchand chiroyli bo‘lsa-da, salom berish joizdir. Ular ham alik olishlari shart.
Agar bir kishi notanish sohibjamol ayollar jamoasiga salom bersa, zarari yo‘q. Ular ham salomga alik olishadi. Ayollar jamoasi begona erkakka salom bersa, u alik oladi.
To‘qqizinchi odob. O‘n bir holatdagi kishiga salom berish makruhdir. 1) Hojatxonadagi kishiga. 2) Junub kishiga. 3) Uxlayotgan kishiga. 4) Hammomda yuvinayotgan (junub) kishiga. 5) Ovqatlanayotgan kishiga (agar og‘zida taom bo‘lmasa, salom beriladi. U ham alik oladi). 6) Xutba o‘qiyotgan imomga. 7) Azon va iqomat aytayotgan muazzinga. 8) Namoz o‘qiyotgan kishiga. 9) Qur'oni karim o‘qiyotgan kishiga. 10) Duo qilayotgan kishiga. 11) Ehromga kirgan, talbiya aytayotgan kishiga.
Uchinchi fasl
Mo‘minlar uchrashuvlarida qo‘l berib, ikki kaft bilan ko‘rishishlari kerak. Qo‘l uchida ko‘rishilmaydi. Chunonchi, “musofaha” so‘zi lug‘atda kaftlarni bir-biriga tekkizishni anglatadi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam shunga buyurganlar. Ko‘rishishga birinchi kirishgan kishi to hamrohi qo‘lini tortmaguncha o‘zi ham qo‘lini tortmasligi kerak. Ko‘rishish vaqtida ochiqyuzli, tabassumli bo‘lish zarur.
To‘rtinchi fasl
Quchoqlashib ko‘rishishning to‘rt odobi bor. Birinchisi, safardan qaytgan kishi yaqinlari, qavm-qarindoshlari bilan quchoqlashib ko‘rishadi. Yosh bolalarning peshonasidan o‘pib, boshini silab qo‘yadi. Ikkinchisi, muqim kishilar har kuni uchrashadigan kishilari bilan quchoqlashib ko‘rishmaydi. Uchinchisi, olim, solih va fazilatli kishilar bilan quchoqlashib ko‘rishganda, ularning qo‘lini o‘pish joiz. To‘rtinchisi, ulug‘ shayxlarga ham shunday ehtirom ko‘rsatiladi.
Ibrohimjon INOMOV, 
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari

Kiritilgan vaqti: 27/04/2020 17:13;   Ko‘rilganligi: 2554
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/yaxshi-xulq-gozal-odob-egalari-bejiz-maqtalmaydi
Chop etilgan vaqti: 16/09/2024 07:17
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing