XALQ XIZMATI OLIY SHARAF
Ma’lumki, dunyo yaralibdiki, Alloh taolo uning barcha davr va zamonida turli-tuman o‘zgarishlarni vujudga keltiradi. Albatta, bu holatlar U zotning koinot va borliqni boshqarib turganligi va uning ichidagi barcha narsalar uning amri farmonida ekaniga dalolat etadi.
Alloh taolo Odam alayhissalomni qudrat qo‘li bilan yaratib, o‘zigagina ibodat etib, faqat unigina tasdiq etadigan qildi. Va u zotdan to qiyomatgacha nasl davom etish xukmini joriy qildi.
Barcha payg‘ambarlarga yerdagi insoniyatni hidoyat etish va ularga ergashganlarni yaxshi va yomon kunlarida hamroh bo‘lishga chaqirdi. Bulardan ushbu ko‘rsatma biz insoniyatga tuganmas meros o‘laroq pandu-nasihatga aylandi. Ilk bor ta’bir joiz bo‘lsa Alloh taolo yerni obod bo‘lishi uchun o‘zi namunali xizmat qilib berdi. Unda hazrati insonni bemalol, shodu-xandon yashashi uchun o‘zga mavjudotlarni uning xizmatiga chorlab qo‘ydi. Va bu bilan insonga ushbu omonatlarni asrab avaylash maqsadida umumiy qilib Qur’oni karimida ko‘rsatma berdi.
وَلَا تُفْسِدُوا فِي الْأَرْضِ بَعْدَ إِصْلَاحِهَا
Ma’nosi: “Yerni (Alloh xayrli ishlarga) yaroqli qilib qo‘ygandan keyin (unda) buzg‘unchilik qilmangiz!”.
Biz turgan kurrai-zamin Alloh taolo tomonidan yashashga yaroqli qilib berildi. Bu omonatlarni asrab avaylashga insonlarni turli-tuman vazifalar bilan xizmat qilishga loyiq qildi. Xususan, Rasululloh sallollohu alayhi vasallam oila va jamiyat uchun qayg‘uradigan kishilarni dunyo va oxiratda darajalari yuqori bo‘lishini bildirib o‘tdilar. Shulardan biriga kishi dunyodan oxirat ostonasiga qadam tashlagan vaqtida guvohi bo‘lamiz
وَعَنِ ابْنِ عَبَّاسٍ رَضِيَ اَللَّهُ عَنْهُمَا: سَمِعْتُ اَلنَّبِيَّ - صلى الله عليه وسلم - يَقُولُ: مَا مِنْ رَجُلٍ مُسْلِمٍ يَمُوتُ, فَيَقُومُ عَلَى جَنَازَتِهِ أَرْبَعُونَ رَجُلًا, لَا يُشْرِكُونَ بِاَللَّهِ شَيْئًا, إِلَّا شَفَّعَهُمْ اَللَّهُ فِيهِ
Ibn Abbos roziyallohu anhumo aytadilar: “Men Nabiy sallollohu alayhi vasallamdan eshitdim. U zot aytdilar: “Qay bir musulmon kishi vafot etsa, uning janozasida Allohga biror narsani sherik qilmaydigan qirq (erkak) kishi ishtirok etsa, Alloh taolo ularni shafoatiga oladi”.
Bu hadisi sharifda Rasululloh sallollohu alayhi vasallam jamiyatdan uzilgan insonni so‘ngi manziliga kuzatishda xizmat qilgan kishini ibodatda bo‘lishi bilan birga Alloh taolo uni shafoatiga olishini ham bildirib o‘tdilar.
Jamiyatning rivoji va yashab turgan xalqning xizmatida jonbozlik qiladigan kishilarga beriladigan fazilatlar bundan-da ziyoda ekanligi ma’lumdir. Bu haqda Rasululloh sallollohu alayhi vasallam shaxs va jamiyatga ma’naviy va moddiy yordam bergan yoki ushbu ishga undagan kishilarni eng yaxshi kishilar o‘rnidan joy olishini aytib o‘tganlar.
خيركم من أطعم الطعام
Rasululloh sallollohu alayhi vasallam aytdilar: “Sizlarning yaxshilaringiz (insonlarni) taomlantirganidir”.
وَعَنْ ابْنِ مَسْعُودٍ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُ قَالَ : قَالَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ : مَنْ دَلَّ عَلَى خَيْرٍ فَلَهُ مِثْلُ أَجْرِ فَاعِلِهِ . أَخْرَجَهُ مُسْلِمٌ
Ibn Mas’ud roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sallollohu alayhi vasallam aytdilar: “Kimki (o‘zgalarni) bir yaxshilikka dalolat qilsa, (dalolat qiluvchiga ham) bajaruvchi ajri mislicha (savob) bor”.
Xalqimizning o‘zi uchun shior qilib olgan hikmatli so‘zi bor. U ham bo‘lsa, kasalni davolashdan ko‘ra, uning oldini olgan yaxshiroqdir. Haqiqatan, inson ko‘plab yaxshilik va emin erkinliklarga yillar davomida erishadi. Uni qisqa muddatda ko‘z ochib yumguncha yo‘qolishi tajribalarda kuzatilgan. Bundan kelib chiqadiki, ne’matlarga erishishga qarshi chiqadigan narsalarni bartaraf etish lozim. Va bunday ishlarda kamarbasta bo‘lgan kishilarni sarvari koinot eng yaxshi va sara kishilar qatorida sanaganlar.
فقال رسول الله صلى الله عليه و سلم خيركم الدافع عن قومه ما لم يأثم
Rasululloh sallollohu alayhi vasallam aytdilar: “Sizlarni yaxshilaringiz o‘z qavmi (xalqi)ni modomiki gunoh bo‘lmagan narsalarda ham himoya qiluvchidir”.
من أطفى عن مؤمن سيئة كان خيرا ممن أحيا موؤدة.
Abu Hurayra roziyallohu anhu aytadilar: “Kimki bir mo‘mindan yomonlikni aritsa, u(ning savobi) tiriklay ko‘milgan qizlar[1]ni tiriltirgandan ko‘ra yaxshiroqdir”.
Ma’lumki, har bir jamiyatning o‘z urf-odati va qadriyatlari mavjud. Islom dinini ham asrlar davomida Alloh taolo va Rasuli tomonidan buyurilgan ko‘rsatma va qadriyatlari bor. Buning savobini buyukligi va ummat unga amal qilgani uchun uning savobi Rasululloh sallollohu alayhi vasallamgacha yetib borishi haqida shunday marhamat qiladilar:
حَسَّانُ بْنُ عَطِيَّةَ أَنَّ رَسُولَ اللَّهِ قَالَ « أَنَا أَعْظَمُكُمْ أَجْراً يَوْمَ الْقِيَامَةِ لأَنَّ لِى أَجْرِى وَمِثْلَ أَجْرِ مَنِ اتَّبَعَنِى »
Xasson ibn Atiya roziyallohu anh ayadilar: “Albatta, Rasululloh sallollohu alayhi vasallam aytdilar: “Men qiyomat kunida sizlarni eng ajri ulug‘iman. Chunki, menga (o‘zimni) ajrim va menga ergashganlarning mislicha ajr bor”.
Islom dini ahkomlarining ba’zilari ravshan bayon etilgan bo‘lsa, ba’zilari bayon etilmagan. Zikr qilinmagan amallarning ba’zilari hozirga kelib, xalqning go‘zal odati va ummatning o‘zaro bir-biri bilan mehr-oqibat rishtasi bo‘lishgacha aylangan. Albatta, bu holda odat tusiga kirgan amallar shariat qaytarmagan bo‘lishi kerak. Bunday amallarni bajarib, o‘zga kishilarga unga amal qilish dalolatini qoldirgan kishi uchun ham manfaati borligi haqida muhaddislar bir necha hadislarni dalil qiladilar. Shulardan,
مَنْ سَنَّ سُنَّةً حَسَنَةً فَعَمِلَ بِهَا مَنْ بَعْدَهُ كَانَ لَهُ أَجْرُهَا وَأَجْرُ مَنْ عَمِلَ بِهَا مِنْ بَعْدِهِ لَا يُنْتَقَصُ مِنْ أُجُورِهِمْ شَيْءٌ
Rasululloh sallollohu alayhi vasallam aytdilar: “Kimki bir yaxshi amalni joriy qilsa va undan keyingi kishilar unga amal qilsa, u uchun uning ajri va o‘zidan keyingilarning ajrilaridan biror-bir narsa kamaytirilmagan ajr bor”.
Ushbu hadisdan ma’lum bo‘ladiki, kishi jamiyatga bosh bo‘lib, ularga bir yaxshi amalni odatga aylantirsa, shu odat yo‘q bo‘lib ketguncha, avvalda joriy qilgan kishiga ham savob borib turadi.
Yaxshilikda bardavom bo‘lgan kishidan insonlar, hamda xossatan, Alloh taoloning o‘zi rozi ekanligi ko‘plab hadisi sharif va hikmatlarda keladi. Hatto bu sifatga ega bo‘lgan kishilar insonlarning rahmatiga bog‘lanib qolmay, jamiyatga yaxshilik urug‘ini yoyishga harakatda bo‘ladilar. Ularning o‘yi-fikrlari aytib o‘tilganidek, faqat insonlarga yordam ko‘rsatish bo‘ladi.
Bu haqda pur-ma’no bir necha xikmatlarda shunday deyiladi:
ما من حافظين رفعا إلى الله تعالى ما حفظا فيرى الله في أول الصحيفة خيرا وفي آخرها خيرا إلا قال الله تعالى لملائكته: اشهدوا أني قد غفرت لعبدي ما بين طرفي الصحيفة.
Anas roziyallohu anhu aytadilar: “Ikki farishta Allloh taologa yozgan narsalarni olib chiqadilar. Alloh avvalgi sahifada va oxirgisida yaxshilik ko‘rib, farishtalariga aytadi: “(Ey farishtalar!) guvoh bo‘linglar!, Albatta, men bandamning (nomai a’mol) sahifasini (boshi va oxir) tarafidagi barcha narsani kechirdim”.
من استفتح أول نهاره بخير وختمه بالخير قال الله لملائكته: لا تكتبوا عليه ما بين ذلك من الذنوب.
Abdulloh ibn Yasr roziyalllohu anhu aytadilar: “Kimki kunning avvalini yaxshi(amal) bilan boshlab, yaxshi (amal) bilan tugatsa, Alloh taolo farishtalariga aytadi: “Uni gunoh amallarini yozmanglar”.
Barcha Islom diniga oid manbalarda qiyomat kuni va unda inson ko‘zi ko‘rmagan holat ro‘y berishi ta’kidlanadi. Albatta, bu kunning yomonligidan Rasululloh sallollohu alayhi vasallam namozlari so‘ngidan panoh tilar va duo va iltijo qilish tarbiyasini berganlar. Biroq shu kunning dahshatidan omonda bo‘ladigan kishilarni ham birma-bir sanab o‘tganlar. Bu paytda shodu-xandon bo‘ladiganlar baxtli kishi ekani ayni haqiqatdir. Shular jumlasiga noma’lum biror-bir mo‘minni diliga xushnudlik kiritgan kishi ham kiradi.
من أقر بعين مؤمن أقر الله بعينه يوم القيامة.
Abdulloh ibn Muborak rahmatulloh alayh aytadilar: “Kimki mo‘min kishini ko‘zini shodon qilsa, Alloh taolo qiyomat kunida uning ko‘ziga shodonlik kirgizadi”.
Sayyidimiz sarvari koinotning go‘zal xulqlaridan biri doimo o‘zgalar tashvishi U zotning tashvishlari edi. Hatto, beva ayollar haqlarini o‘rtasida muhokama uchun yetaklab kelishardi. Ayniqsa, xonadonlariga kelgan so‘rovchilar hech quruq qaytib ketmasdi. Hatto, sahobalarni shu sifatda bo‘lishga targ‘ib qilar va bu sifatga ega bo‘lganlarga jannat bashoratini berardilar.
يا أسيد! أتحب الجنة؟ قال: نعم، أحب لأخيك ما تحب لنفسك.
Yaziyd ibn Usayd roziyallohu anhu aytdilar: “Rasululloh sallollohu alayhi vasallam aytdilar: “Ey Usayd! Jannatni yaxshi ko‘rasanmi?. U zot “Ha”, dedilar. “Rasululloh sallollohu alayhi vasallam aytdilar: “(unday bo‘lsa) o‘zinga yaxshi ko‘rgan narsani do‘sting uchun ham yaxshi ko‘r”.
من ألطف مؤمنا أو خف له في شيء من حوائجه صغر أو كبر كان حقا على الله أن يخدمه من خدم الجنة.
Rasululloh sallollohu alayhi vasallam aytdilar: “Kimki bir mo‘minga iltifot qilsa yoki uning kichik yoki katta xojatlaridan birortasini aritsa, Alloh taologa jannat xodimlaridan unga xizmat qildirishi haq bo‘lib qoladi”.
من أنصف الناس من نفسه ظفر بالجنة العالية، ومن كان الفقر أحب إليه من الغنى؛ فلو اجتهد عباد الحرمين أن يدركوا ما أعطي ما أدركوا.
Ibn Umar roziyallohu anhu aytdilar: “Rasululloh sallollohu alayhi vasallam aytdilar: “Kimki, insonlarga xolis bo‘lsa, Oliy jannat ila zafar topadi. Kimga boylikdan ko‘ra faqirlik unga mahbubroq bo‘lsa, ikki Haramdagi ibodatchilar (u topgan ajrni) topishga xarakat qilsalar ham erisha olmaydilar”.
Jamiyat va xalqning tashvishi va uning rivoji uchun harakatda bo‘lganlar Harami sharifdagi ibodatgo‘y kishilarning amallaridan ham savobli amal ekanini ushbu hadisda uqtirib o‘tdilar.
Xulosa qilib aytganda, kishining barcha xayrli amali savobsiz qolmasligi va elu-yurtning xizmatidagi inson Islom dini tomonidan o‘ta qadrlanishi yuqoridagi bir necha hadis sharif va hikmatlardan ma’lumdir. Usuliy allomalarni yakdil so‘zlari shuki, jamiyat tabaqasidagi mas’ul shaxslar har bir so‘zu-amallarining javobgarliklari katta ekan, uning oxiratdagi darajasi ham shu kabidir.
[1] Bu holat johiliya davri odatlaridan hisoblangan. Ular qiz farzandni tarbiyalashni o‘zlariga or sanaganlar.
Kiritilgan vaqti: 07/12/2016 00:00; Ko‘rilganligi: 3088
Chop etilgan vaqti: 12/12/2024 08:26