Umr g‘animatdir
Insonni umri hisoblidir. Odam bolasini bir kuni o‘tsa umridan bir kun kamaygan bo‘ladi. Islom dini insoniyat umrni g‘animat bilishga chaqiradi. Inson vaqtini behuda o‘tkazsa o‘z vaqtini qotiliga aylanadi.
Berilgan umrni g‘animat bilib to‘g‘ri foydalanish kerak. Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom aytdilar: (Muslim rivoyati) “ احرص على ما ينفعك “ “Senga foydali bo‘lgan narsaga haris bo‘l.” Insonga berilgan uzun umrni qadri- qiymati ham umirni nimaga sarf qilganiga bog‘liq ekan. Payg‘ambarimiz aytdilar: (Termiziy rivoya ) خير الناس من طال عمره و حسن عمله “ Insonlarni yaxshisi umri uzun va amali chiroyli kishidir.” Umrni va vaqtni g‘animat bilish solih amallar bilan bo‘ladi.
Solih amal : Ota onaga yaxshilik qilish - ibodatdir. Ular bilan suhbatlashish soadatdir. Ularga yaqin bo‘lish tavfiqdir.Ularni qalbiga surur bag‘ishlash va ularni xursand qilish dindagi istiqomatdir. Ota onadan so‘ng ularni do‘stlariga yaxshilik qilish ota onaga yaxshilik qilish kabidir.
Solih amal: Silai rahm qilish - Rahmonni rozi bo‘lishi va umrni o‘zayishidir. Molni ziyoda bo‘lishi va vaqtga baraka bo‘lishidir. Makorimal axloqni namoyon bo‘lishi va muruvvatni zohir bo‘lishidir.
Solih amal : Olimlar va solihlar suhbatida bo‘lish. Chunki bu suhbatlar ilmi ma'rifatga targ‘ib qiladi va yaxshilik eshiklarini ochadi yomonlik eshiklarini yopadi. Agar yomon kimsalar suhbatida bo‘lsa yomonlikni o‘rganadi yomonlik eshiklari ochiladi yaxshilik eshiklari yopiladi. Xalqimizda bir maqol bor “ Yaxshiga yo‘liqsang yetarsan murodga, yomonga yo‘liqsang qolarsan ofatga”. Donishmandlardan biri aytgan ekan “Do‘stingni kimligini aytsang seni kim ekanligingni aytaman” deb.
Solih amal: Ilm o‘rganish ayniqsa yoshlikda ilm o‘rganish Ulug‘larimiz aytgan: “ Yoshlikda olingan ilm toshga uyilgan naqsh kabidir”. Agar vaqtimizni behudaga sarflamasdan umrimiz lahzalarini ilm o‘rganishga , yaxshilikka, foydali va savobli- solih amallarga sarflasak har bir o‘tkazgan vaqtimiz bizga bu dunyoda ham u dunyoda ham mukofatlar va yutuqlar bo‘lib qaytadi inshaalloh!
Ozod NAZAROV - Pastdarg‘om tuman bosh imom xatibi
Kiritilgan vaqti: 04/01/2020 09:36; Ko‘rilganligi: 1221
Chop etilgan vaqti: 09/10/2024 03:04