O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Maqolalar

TINCHLIK BEBAHO NE’MAT

 
 

Darhaqiqat Alloh taoloning bizlarga bergan ne’matlari beqiyos. Shunday ulug‘ ne’matlardan biri bo‘lmish tinchlik haqida mulohaza qilsak, shoyatki, uning naqadar ulug‘ ne’matligi yanada namoyon bo‘lib, bu holatga shukrimiz ziyoda bo‘lsa.

Chunki aksar inson tabiati ne’matlar ichida yashab turib uning qadriga yetmaslikka moil bo‘ladi. Zero bu xususda sevikli Payg‘ambarimiz (s.a.v.) shunday deb marhamat qilganlar:

" نِعْمَتَانِ مَغْبُونٌ فِيهمَا كَثِيرٌ مِنَ الناس : الِّصحَّةُ والفَرَاغُ ".

“Insonlarning ko‘pchiligi beparvolik ila ularning qadriga yetmaydigan ikki ne’mat bor, ular: sog‘lik va xotirjamlikdir

Albatta sog‘lik va tinchlik bo‘lsa, xotirjamlik bo‘ladi. Kundalik yumushlarimiz va rejalashtirgan ishlarimizni bosqichma-bosqich amalga oshirish payida bo‘lamiz. Bo‘larning barchasi uchun esa ko‘pincha beparvo bo‘ladiganimiz tinchlik va sog‘lik kerak bo‘lar ekan.

Tinchlikning qadriga yetmoq, uni asrab avaylamoq bizning zimmamizdagi burchimizdir. Bu barcha payg‘ambarlarning sunnatidir. Qur’oni karimda Ibrohim (a.s.)ning Makka haqiga qilgan duolarida buning tasdig‘ini ko‘ramiz. U oyatda Makkaga tinchlik va uning ahliga rizq so‘raganliklari zikr qilingan. Bu haqda shunday deyiladi:

وَإِذْ قَالَ إِبْرَاهِيمُ رَبِّ اجْعَلْ هَذَا بَلَدًا آمِنًا وَارْزُقْ أَهْلَهُ مِنَ الثَّمَرَاتِ مَنْ آمَنَ مِنْهُمْ بِاللَّهِ وَالْيَوْمِ الْآخِرِ

“Eslang: Ibrohim: “Ey, Rabbim, bu (Makka)ni tinchlik shahri qilgin va uning aholisidan Allohga va oxirat kuniga ishonuvchilarga (turli) mevalardan rizq qilib bergin” (Baqara;126)

O‘sha paytda ham Makka shahri tinch edi. Tinch bo‘lib turgan joyga yana tinchlik so‘rab duo qilish “shu joyda tinchlik bardavom bo‘lsin” deyishni ifodalaydi. Demak, tinchlik hukm surib turgan joyga yana tinchlik so‘rab duo qilish maqsadga muvofiq amallardan ekan. Shu bilan birga, oyatda avval tinchlik, so‘ngra rizq so‘ralganidan tinchlikning rizqdan-da muhimroq, ulug‘roq ne’mat ekanligi ma’lum bo‘ladi.

Vatan tinch bo‘lsa, yashash uchun eng qulay maskan hisoblanadi. Demak, har bir jon, u kim bo‘lishidan qat’iy nazar, qaysi kasb, qanday martaba, qancha obro‘li bo‘lmasin, tinchlikda hayot kechirishga muhtojdir. Chunki xavfsiragan kishining kechasi xotirjam o‘tmaydi, tongini xotirjam kuta olmaydi va xotirjam yashay olmaydi. Doim qalbi qalqib, bezovta bo‘ladi. O‘z moli, joni, oilasi va kasbidan xavfsirab yuradi.

Tinchlik bo‘lsa, insonlarning hayoti farovon bo‘ladi va ular Alloh taologa xotirjamlikda ibodat qiladilar. Bu ne’mat davomli bo‘lishi uchun esa, uning sabablari, uni tutib turuvchi omillari ya’ni o‘zaro ishonch, mehr-muruvvat, shukronalik, adolatli bo‘lish, zulm va xiyonat qilmaslik kabi fazilatli xislatlarga ham e’tiborli bo‘lish lozim.

Shularning asosiysi va eng ulug‘i Allohga iymon keltirish hisoblanadi.

الَّذِينَ آمَنُواْ وَلَمْ يَلْبِسُواْ إِيمَانَهُم بِظُلْمٍ أُوْلَئِكَ لَهُمُ الأَمْنُ وَهُم مُّهْتَدُون.

“Imon keltirgan va imonlarini zulm (shirk) bilan qorishtirmaganlar - aynan o‘shalarga xavfsizlik (bordir) va ular to‘g‘ri yo‘l topganlardir. (An’om;82)

Darhaqiqat, Alloh taologa iymon keltirib, oxiratda amaliga yarasha mukofot olishiga ishongan kimsa, yaxshilikka intilib, yomonlikdan qaytadi. Birovga nohaq zulm qilishdan o‘zini saqlaydi. Uning Alloh taologa bo‘lgan iymoni, tinchlik va xotirjamlikni saqlashda asosiy omil vazifasini o‘taydi.

Bundan tashqari, berilgan ne’matlarga shukr qilish ham o‘sha ne’matning bardavom bo‘lishini ta’minlaydi. Alloh taolo Qur’on Karimda shunday marhamat qiladi:

مَا يَفْعَلُ اللَّهُ بِعَذَابِكُمْ إِنْ شَكَرْتُمْ وَآمَنْتُمْ وَكَانَ اللَّهُ شَاكِرًا عَلِيمًا

“Agar shukr qilsangiz va imon keltirsangiz, Alloh sizlarni azoblab nima ham qiladi?! Alloh shukrni qabul etuvchi va biluvchi zotdir.” (Niso;147)

Oyati karimadan ayon bo‘lmoqdaki, iymon va shukr tinch hayot uchun asosiy omillardan ekan. Bu ne’matni saqlashni istasak, doim tinch va xotirjam hayot kechiraylik desak, Rabbimizga iymon keltirib, ana shu iymon taqozo qilgan ishlar ya’ni Alloh taolo buyurgan amallarni bajarib, U qaytarganlardan qaymog‘imiz lozim bo‘ladi.

Chunki muqaddas dinimiz bizlarni doimo ezgulik va yaxshilikka undaydi. Aks holda, Alloh taolo ogohlantirib aytadiki:

فَنَسُوا حَظًّا مِمَّا ذُكِّرُوا بِهِ فَأَغْرَيْنَا بَيْنَهُمُ الْعَدَاوَةَ وَالْبَغْضَاءَ إِلَى يَوْمِ الْقِيَامَةِ

Ularga eslatilgan narsadan (katta) bir qismini unutdilar. Shundan keyin ularning o‘rtalarida qiyomat kunigacha adovat va nafrat qo‘zg‘atdik. (Moida 14)

Tinchlikning notinchlik bilan almashinishiga, tinchlikning buzilishiga bandalarning o‘z Rabbilaridan kelgan eslatmani unutishlari sabab bo‘lar ekan. Tarixga nazar solsak, insonlar ilohiy ta’limotdan yuz o‘girib, havoi nafslari ketidan ergashganliklari oqibatida oralarida jabr va zulm ko‘paygan. Bu esa bevosida ularning oralarida adovat-nafratning kuchayishiga sabab bo‘lgan va pirovardida tinchlik degan ulug‘ ne’matdan mahrum bo‘lishgan.

Tinchlikni saqlash uchun kishilarni, farzandlarni, ayollarni, xullas har bir shaxsni Allohning toatida tarbiyalash, Allohga gunoh qilishdan qaytarish lozim bo‘ladi. Ya’ni, har bir inson o‘zining Alloh taolo oldidagi, Vatan va jamiyat oldidagi burchi va majburiyatlarini yaxshi bilishi hamda unga amal qilishi lozim.

Shu bilan bir qatorda har xil fitna-fasod chiqaruvchi, din nomidan ish qiluvchi, turli ig‘volarni tarqatuvchi razil kimsalarning yovuzliklariga qarshi barcha hamjihat bo‘lib kurashsa, tinchlik ne’mati saqlanadi.

Muqaddas dinimiz ta’limotlaridan bilamizki, ne’matlarga shukr qilish nafaqat tinchlikni saqlovchi, balki barcha ne’matlarning ziyoda bo‘lib borishi omilidir. Alloh taolo O‘zining kitobida shunday marhamat qiladi:

وَضَرَبَ اللَّهُ مَثَلًا قَرْيَةً كَانَتْ آمِنَةً مُطْمَئِنَّةً يَأْتِيهَا رِزْقُهَا رَغَدًا مِنْ كُلِّ مَكَانٍ فَكَفَرَتْ بِأَنْعُمِ اللَّهِ فَأَذَاقَهَا اللَّهُ لِبَاسَ الْجُوعِ وَالْخَوْفِ بِمَا كَانُوا يَصْنَعُونَ

“Alloh bir shaharni (ya’ni, Makkani) misol keltirur: u tinch, sokin (shahar) edi, har tomondan rizqi kengu mo‘l kelib turar edi. Bas, u (aholisi) Allohning ne’matiga noshukrlik qilgach, Alloh unga (aholisiga) bu “hunarlari” sababli ochlik va xavf libosi (balosi)ni totdirib qo‘ydi”. (Nahl-112)

Tinchlik bardavom bo‘lishi uchun bizdan talab qilinadigan narsa, ushbu ne’matga shukr keltirish va tinchlikka rahna soluvchi kuchlarga beparvo bo‘lmasligimizdir. Agar bu ne’matga shukr qilinmasa, Alloh taolo buning o‘rniga xavf-xatarni almashtirib qo‘yadi, bundan Allohning o‘zi asrasin!


Kiritilgan vaqti: 04/08/2016 00:00;   Ko‘rilganligi: 9043
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/tinchlik-bebaho--nemat
Chop etilgan vaqti: 12/12/2024 10:00
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing