O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Maqolalar

Taraqqiyot kushandasi

 
 

Bismillahir rohmanir rohiym.

Allohga hamdu sanolar bo‘lsin. Bugungi kunda yurtimizda turli sohalarda erishilayotgan barcha ulkan yutuqlar va islohatlar zamirida jamiyatimizda hukm surayotgan tinchlik va osoyishtalik hisoblanadi. Ma’lumki, bugun musulmon olamida murakkab ijtimoiy-siyosiy jarayonlar kechmoqda. Yaqin Sharq va boshqa hududlardagi qator mamlakatlar chuqur siyosiy tanglik, ijtimoiy va iqtisodiy beqarorlik va qurolli to‘qnashuvlarni boshidan kechirmoqda. Mazkur hududlarda go‘yoki haqiqiy “islomiy davlat” qurish shiori ostida ochiqdan-ochiq zo‘ravonlik, insoniylikka zid vahshiyliklarga qo‘l urayotgan turli ekstremistik guruh va terrorchi jamoalar urchib ko‘payib ketdi.. Har qanday ekstremistik va terroristik faoliyatning mohiyati o‘zgalar ustidan hukmronlikka yoki mavjud tartibotga qarshi zo‘ravonlik, dahshat solish, jismoniy kuch ishlatish orqali o‘zlarining g‘arazli maqsadlariga erishishdan iboratdir. Shuning uchun ham ekstremizm va terrorizm butun jahon afkor ommasi tomonidan qoralanmoqda. XXI asr boshida insoniyat taqdiriga, uning taraqqiyotiga, ravnaqiga tahdid solayotgan xalqaro terrorizmga qarshi qanday kurash olib bormoq lozim? Marhum yurtboshimiz ta’rifi bilan aytganda: “G‘oyaga qarshi g‘oya, fikrga qarshi fikr, jaxolatga qarshi ma’rifat bilan bahsga kirishish, olishish mumkin”. Terrorizm tom ma’noda jaholatdir. Buzg‘unchi g‘oyalarga asoslangan xalqaro terrorizm va uning har qanday ko‘rinishi kishilik jamiyatining o‘tmishida ham, bugunida ham xalqlar boshiga og‘ir kulfatlar yog‘dirgan. Har yili uning tajovuzidan 100 mingdan ortiq begunox kishilar qurbon bo‘lmoqda, jamiyat rivojlanishi, ayrim davlatlar, mintaqalar va insoniyat sivilizatsiyasining taraqqiyotiga jiddiy taxdid solmoqda va mudhish oqibatlar keltirib chiqarmoqda.

Dunyo miqyosida xalqaro terrorizm avj olishining bir sababi, uni qo‘zg‘atuvchi omillardan biri narkobiznesdir. Narkobiznes ham xalqaro terrorizm bilan egizakdir. Undan manfaatdordir va uni yuzaga keltiruvchi omillardan biridir. Terrorizmning amal qilgan tamoyili aholi o‘rtasida vaqti-vaqti bilan “qo‘rqinch solish”, shu asosda o‘zining g‘arazli maqsadlariga erishishdir.

Shu kabi illatlarni bartaraf etuvchi qudratli vositalardan biri bu insonparvarlik, tinchliksevarlik, ma’rifatparvarlik, bunyodkorlik va shuningdek, milliy va diniy qadriyatlardir.
Islom diniga e’tiqod qiluvchi Markaziy Osiyo xalqlari asrlar osha boshqa din vakillari bilan ahil yashab, olamshumul qashfiyotlar qilish va umumjaxon tamadduniga benazir hissa qo‘shish baxtiga muyassar bo‘ldilar. Boshqacha aytganda, dinlararo bag‘rikenglik, uyg‘unlik bunyodkorlikning qudratli manbai ekanligini amalda isbotlab keldilar.

So‘nggi yillarda aqidaparast oqimlar yoshlar ichidagi faoliyatini mehnat migrantlarini ta’sir doirasiga olish, “hujralar” tashkil etish, diniy ekstremistik mazmundagi materiallarni elektron ko‘rinishda tarqatish, internet orqali targ‘ibot o‘tkazish kabi usullarda amalga oshirmoqda. Ayniqsa, internet tarmog‘ida o‘zini “Islom davlati” (ISHID), “Jabhat al-Nusra” deb atab olgan terroristik tashkilotlar go‘yoki islom ravnaqi yo‘lida kurashayotganligi haqidagi targ‘ibot-tashviqotni keng ko‘lamda olib boryotgani, buning oqibatida dunyoning ko‘plab mamlakatlaridan musulmon yoshlar “hijrat” qilish va “jihod”da ishtirok etish da’vosida Suriya va Iroq hududiga borib, ushbu guruh safiga borib qo‘shilayotganining guvohi bo‘lmoqdamiz.
Afsuski, yoshlar muayyan qismi ISHIDni haqiqatda ham islom dinini butun dunyoga tarqatish, islomiy davlat barpo etgan holda dunyoda adolat o‘rnatishni maqsad qilgan tashkilot deb hisoblaydi. Bunday fikrlovchilar Markaziy Osiyoda, xususan, O‘zbekistonda ham bor ekani hech kimga sir emas. Bunday yoshlar yuqorida qayd etilgan hududlarda insonlarga qarshi sodir etilayotgan jinoyatlarni go‘yoki xalifalik qurish uchun joiz amal hisoblab, qattiq adashmoqdalar. Aslida, mutaassib oqim a’zolarining maqsadlari - “jihod”, “hijrat”, “shahidlik”, “kofirga chiqarish” kabi diniy tushunchalarni soxta talqin qilish orqali yoshlarimizni oilasi va yaqinlarining ta’siridan chiqarish, o‘qish yoki ishidan ajratib olish hamda ularni qurolli to‘qnashuvlar ketayotgan Suriya, Iroq, Afg‘oniston yoki Pokiston kabi mamlakatlarga jo‘natib, manqurt-jangari yoki “tirik bomba”ga aylantirishdan iborat.


Yana e’tibor berish lozim bo‘lgan bir holat, Iroq va Suriyada terrorchilar o‘zlariga ergashmagan barcha musulmonlarni “kofir”ga chiqarib, erkaklarni qatl qilib, ayollar va bolalarni esa qul sifatida sotish kabi qabih ishlarga qo‘l urayotgani guvohi bo‘lmoqdamiz. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda aytiladi: “Nabiy (s.a.v.) dedilar: “Alloh dedi: “Uch (kishi) borki, Qiyomat kuni men ularga xusumatchiman: Mening nomim bilan (ahd) berib, keyin hiyonat qilgan kishi; hur odamni sotib, pulini yegan kishi; ishchi yollab, undan (ishni) to‘la talab qilib olib, haqini bermagan kishi”.

Ba’zi adashgan yurtdosh yoshlarimiz odamfurushlardan o‘rnak olmoqchimi?
Hozir butun dunyo ulamolari terrorchi guruhlarning islomga umuman aloqasi yo‘q ekani haqida fatvo bermoqdalar. Jumladan, Butun dunyo islom ulamolari kengashi raisi Yusuf Qarazoviy: “Biz ulamolar buzg‘unchilarga qarshi kurashmog‘imiz zarur. Hozir ISHID tarkibida aldangan yoshlar juda ko‘p. Ular “kofirlarga qarshi jihod qilyapmiz, orzuimiz jannat”, deyishyapti-ku, ammo musulmonlarni qatl etib, og‘ir gunohga botmoqda. Biz bunday nobakorlikning oldini olishimiz darkor”, deb ta’kidlagan.
Suriyada, Yamanda, Liviyada, Iroq va Afg‘onistonda jihod farz deb fatvo chiqargan va musulmonlarning qonlari to‘kilishiga sababchi bo‘lganlar, millionlab bolalarning yetim qolishiga, ming-minglab musulmonlarning halok bo‘lishiga, qanchadan-qancha shaharlarning vayron bo‘lishiga, musulmonlarning butun dunyo bo‘ylab yomon ko‘rilishiga zomindir


Bugun urush-janjallar girdobida halokatga yuz tutgan makonlarda bir paytlar jihodni farz deb og‘iz ko‘pirtirib fatvo bergan, musulmonlarning imomlari va peshvolarini o‘ldirishni joiz degan, Ba’zi “buyurtma” bilan ishlaydigan ulomalarning fatvolari sabab bo‘lib kelmoqda. Musulmonobod yurtlarda haqiqiy ixtiloflarga sabab bo‘layotganlar ana o‘shalarning muxlisi bo‘lmish ikki kursiyda o‘tirguvchilardir. Bugun ummat undaylarga emas, tinchlikni targ‘ib qilayotganlarga, o‘z yurti ulamolariga quloq solishni aytayotganlarga, vatanni ko‘z qorachig‘idek asrash lozimligini uqtirayotganlarga ergashishi lozim. Butun dunyoni vatanparvarlik qutqaradi! Ummatning najoti bugun hamjihatlikdadir!
Aslida “hijrat” lug‘atda “ko‘chish, biron narsadan ajrash, tark etish” ma’nolarini anglatadi. Istilohda Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v) boshchiliklaridagi bir guruh musulmonlar jamoasining Quraysh taziyqidan qutilish maqsadida Makkadan Madinaga ko‘chib o‘tishlariga hijrat deyiladi.
Aqidaparastlar yoshlarni avrab, islom diyori bo‘lgan, azon aytiladigan, juma va hayit namozlari o‘qiladigan, umuman, islomning besh arkonlari emin-erkin ado etilib, musulmonchilik amalda bo‘lgan va fuqarolar tinchlik-xotirjamlikda hayot kechirayotgan Vatanini tark etishga targ‘ib qilmoqda. Vaholanki, o‘z yurtini tashlab, o‘zga yurtlarda sarson-sargardon yurish, manqurt shaxslar bilan birlashib, kindik qoni to‘kilgan yurtiga qarshi qurol ko‘tarish ayni islom ta’limotiga zid ishdir. Insonlarni tinch va osoyishta diyordan din nomidan qotilliklar oshkora qilinayotgan fitna makonlariga chorlashdek qabih ish hech qachon “hijrat” bo‘la olmaydi.


Payg‘ambarimiz (s.a.v) hadisi sharifda: “Haqiqiy muhojir Alloh va Rasuli qaytargan narsadan hijrat qilgan (qaytgan) musulmondir” deb marhamat qilganlar. Islom dini Vatanga hiyonat, qotillik, buzg‘unchilik, o‘zini o‘zi o‘ldirish, o‘zgalarga zulm qilish, ota-onaga oq bo‘lish kabilardan qaytaradi.
“Jihod” so‘zi lug‘atda kishining o‘z maqsadiga erishish yo‘lida bor imkoniyatlarini ishga solib, qattiq harakat kilishi ma’nosini anglatadi. Darsini o‘zlashtirish uchun barcha imkoniyatlarini ishga solib harakat qilayotgan o‘smir mujtaxid talaba deb ataladi. Binobarin, uni ilmiy jihod qilmokda desa bo‘ladi. Istilohda dini, vatani, oilasi, obro‘yi va moli himoyasini shariat ruxsat bergan yo‘llar bilan amalga oshirishni anglatadi. Kishining o‘z vatanini bosqinchilardan, isyonkorlardan himoya qilishi ham ayni jihoddir. Hadisda insonning o‘z nafsi yomonliklariga qarshi turishi, yaxshiliklarga intilishi katta jihod ekanligi ta’kidlanadi. Imom Buxoriy rivoyat kilgan hadisda aytiladi: “Bir kishi Rasululloh sollallohu alayxi vasallamning huzurlariga u zotdan jihodga izn so‘rab keldi. Shunda u zot unga: “Sening ota-onang bormi?” dedilar. “Ha”, dedi. “Bas, ikkovlari (xizmati)da jihod qil!” dedilar”.

Afsuslar bo‘lsinki, hozirgi vaqtda o‘z ota-onasi, farzandlaridan, qolaversa o‘z Vatanidan voz kechib, o‘sha terroristik guruhlarga qo‘shilgan yurtdoshlarimiz yo‘q emas. Ularni endilikda “yurtdosh”, “vatandosh” deyishga til ojizlik qiladi.

Azizlar! Vatanimiz yildan-yilga, kundan-kunga rivojlanib, obod bo‘lib bormoqda. Mana shunday yurtda yashab, uning uchun xizmat qilish, har bir aqli raso Vatandosh uchun sharaf. Buning uchun Yaratganga behisob shukrlar aytishimiz kerak bo‘ladi. Ha, azizlar, Allohning bergan ne’matlariga shukr qilsak, albatta Alloh bizlarga o‘z ne’matlarini ziyoda qiladi.


Kiritilgan vaqti: 08/08/2017 00:00;   Ko‘rilganligi: 3179
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/taraqqiyot-kushandasi
Chop etilgan vaqti: 12/12/2024 08:18
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing