Tadbirkorlik ham savob
Yaqinda bir kishi kelib, tadbirkorlik qilishi, ikki-uch nafar yoshlarni ish bilan ta’minlagani, shu kasb ortidan ro‘zg‘or tebratayotganini bildirdi.
– Domla, ochig‘i dinda ilmimiz chuqur emas. Demoqchi bo‘lganim, tadbirkorlikka dinimizda qanday qaraladi? Shu haqida tushuncha bersangiz, – dedi u.
Aytish joiz, islom dini qanday shaklda bo‘lmasin halol kasb-kor bilan mashg‘ul bo‘lishga buyuradi. Hatto halol rizq yo‘lida qilinadigan sa’y-harakatlar uchun ulkan savoblar va’da qilingan. Zero, hadislarning birida ham “Halol kasb qilish farzdan keyingi farzdir”, deyiladi.
Tadbirkorlik masalasiga kelsak, Payg‘ambarimiz (s.a.v.) ham aynan savdogarlik bilan oila tebratganlar.
Kishi birovga muhtoj bo‘lmaslik uchun mehnat qilar ekan, ham o‘zining insonlik sharafini himoya qiladi, ham Yaratganning amrini bajargan bo‘ladi.
Erta bilan halol rizq topaman, shu orqali bolalarimni boqaman, degan ezgu niyatda ishga otlangan insonga Alloh huzurida ulug‘ ajrlar yoziladi. O‘zidan orttirib, o‘zgalarning ham halol ro‘zg‘or qilishiga vosita bo‘lsa, savobi yanada ortishi muqarrar.
Rizqni beruvchi Alloh ekanligiga hech qanday shubha yo‘q. Rizqni qancha miqdorda berish ham faqat Unga havola. Bizning vazifamiz esa harakat qilishdan iborat.
Kiritilgan vaqti: 03/03/2018 00:00; Ko‘rilganligi: 2737
Chop etilgan vaqti: 14/10/2024 13:40