O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Maqolalar

SO‘ZLAGANING KUMUSH BO‘LSA SUKUT SAQLASH OLTINDIR

 
 

Kishilik jamiyatida so‘z, so‘zlash va qanday so‘zlash juda muhim ahamiyat kasb etadi. So‘z Alloh taoloning insonga ato etgan eng ulug‘ ne’matlaridandir. Ota-bobolarimiz shuning uchun ham o‘zlarining ko‘pdan-ko‘p maqollari orqali avlodlarga so‘zlash odobi yuzasidan qimmatli maslahatlar, nasihatlar aytib qoldirishgan: “So‘z kishining boyligi, odamning chiroyligi”, “Yuzing chiroyli bo‘lguncha, so‘zing chiroyli bo‘lsin”, “So‘zing kumush bo‘lsa, tinglovchi tilla bo‘lsin”.

So‘zlarning eng foydalisi Alloh taoloning zikri, kishilarni yaxshilikka chaqirish va yomonlikdan qaytarishdir. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinishicha, Rasululloh sallollohu alayhi vasallam: “Kim bir o‘ringa o‘tirsa-yu Allohni zikr qilmasa, unga Alloh tomonidan nuqson yetadi”, deganlar. Abu Dovud rivoyati

“Gapning ozi – oltinning sozi”. Inson huda-behuda gapirishi yaxshi emas. Suyaksiz tildan har xal gaplar chiqaveradi. Til ofatlari juda ko‘p: bema’ni, befoyda so‘zlarni gapirish, botil, gunoh ishlarni so‘zlash, sirni oshkor qilish, yolg‘on so‘zlash, g‘iybat va boshqalar so‘z ofatlaridir. Tili tufayli inson turli balo-ofatlarga uchrashi sababidan axloqimizda tilga ehtiyot bo‘lish, u tufayli keladigan zarar va kulfatlardan himoyalanish buyurilgan. Shuning uchun “Kim tilini tiysa, najot topadi”, deyilgan.

Insonlar ortiqcha so‘zlashdan, behuda va fisq so‘zlarni aytishdan qaytarilgan. Rasululloh sallolohu alayhi vasallam: “Kim Allohga va oxirat kuniga iymon keltirgan bo‘lsa, yaxshi so‘z aytsin yoki jim tursin”, deganlar. Buxoriy rivoyati.

Bir kuni Dovud alayhissalom Hazrati Luqmonga: "Bir qo‘y so‘yib tanasidagi eng yaxshi ikki parchani keltir" - dedi. Luqmoni Hakim tili bilan yuragini olib keldi. Boshqa safar "Eng yomon joylarini olib kel" - dedi. Yana til bilan yurak olib keldi. Sababi so‘ralganda: "Til bilan yurak (qalb) yaxshi bo‘lsa, barcha yaxshilarning yaxshisi bo‘ladi, yomon bo‘lsa, barcha yomonlarning yomoni bo‘ladi", - deb insonning yaxshilik va yomonligining til va qalbiga bog‘liq ekaniga ishorat qildi.

Inson sukut saqlash bilan dunyo va oxirat saodatiga erishishi mumkin. Bugungi kunda ba’zi oilalar arzimagan bir og‘iz so‘z, ortiqcha gap, o‘z vaqtida tilini tiymaslik tufayli buzulib ketmoqda. Natijada norasida bolalar tirik yetim bo‘lib qolmoqdalar.

Donishmandlar: “Inson so‘zlashni o‘rganishiga ikki yil kifoya qilsa, jim turishni o‘rganishga ellik yil kerak bo‘ladi”, deyishgan.

Sukut saqlash inson haybatini oshiradi. Ulamolar aytadilar: “Tinglash vaqtida jim turish fazilat, sinov kelganda jim turish sabrdir”. Barcha sunnatlar qatori o‘z o‘rnida sukut saqlay bilishga ham odatlanmog‘imiz lozim.

Alloh taolo barchamizni yolg‘on, g‘iybat kabi til ofatlaridan panohida asrasin. Kerakli so‘zlarni so‘zlaydigan, so‘zning ma’nosiga e’tibor berib, odamlarga ozor yetkazmaydigan solih insonlardan bo‘lishimizni nasib aylasin.


Kiritilgan vaqti: 19/10/2016 00:00;   Ko‘rilganligi: 19038
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/sozlaganing-kumush-bolsa-sukut-saqlash-oltindir
Chop etilgan vaqti: 12/12/2024 09:46
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing