O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Жамият

SHUKR - NE'MATLARNING KO‘PAYISHIGA SABAB BO‘LADI

 
 

Alloh taolo butun olamni barpo etgach, quruqlikda, yer osti va suvda, havoda yashaydigan mavjudotlarni yaratdi va butun mavjudotning yashashi, nasl qoldirishi uchun o‘ziga xos ne'matlar bilan siylab, har biriga rizq-nasiba ulashdi.

Mazkur mavjudotlarning bir turi insondir. Inson so‘zi birlikda banda, odam, kishi, ko‘plikda esa el, xalq, elat kabi ma'nolarga ega. Inson boshqa mavjudotlardan o‘zining aqli, farosati, his-tuyg‘usi, tafakkuri bi-lan ajralib turadi.

Ammo, inson so‘zining tub ma'nosiga e'tibor qilsak, ba'zi manbalarda “inson” so‘zi arabchadan olingan bo‘lib, “nisyon”– ya'ni, unutuvchi ma'nosini bildiradi. Buni shunday izohlash mumkin: inson (banda) larning ba'zilari “ne'mat” so‘zining ma'nosini tor ma'noda – faqat moddiy ne'matlarnigina tushunishadi. Suv, havo, tansihatlik, el-yurt tinchligi, farovonlik, serobchilik kabi inson hayotining asosi bo‘lgan narsalarni unutib qo‘yadilar. Go‘yo bu narsalar o‘z-o‘zidan paydo bo‘lib qolgan tabiiy holat deb o‘ylaydilar. Mol-dunyo, mansab-martaba va shunga o‘xshash narsalarnigina ne'mat deb biladilar.

         Holbuki, kishining hayoti uchun manfaatli  bo‘lgan barcha narsalar Alloh taolo hadya etgan ne'matlardir. Zero, bu  ne'matlarning qadrini bilish, uni e'zozlash, undan tejamkorlik bilan foydalanib, shukrini ado etish insonlarga xos fazilatdir.

 Payg‘ambarimiz sollalohu alayhi  vasallam hadislarining birida “Qaysi biringiz tongda uyqudan uyg‘onganda oilasi tinch, tani sog‘ va uyida bir kunlik yeguligi bo‘lsa, bilsinki, unda dunyodagi barcha ne'matlar mu-jassam ekan” (Imom Termiziy rivoyati), deb, ne'matning Allohdan ekanini  keng ma'noda tushunishga undaydi. Ne'matlar – moddiy va ma'naviy bo‘lib, yuqorida sanab o‘tilganlar moddiy ne'matlar jumlasiga kirsa, imon, islom, hurriyat, ibodat kabi ko‘zga ko‘rinmaydigan ma'naviy ne'matlarlar moddiy ne'matlarga nisbatan qadrliroqdir.

         Xalqimiz duoga qo‘l ochganda Yaratgandan yurtga tinchlik, xotirjamlik, farovonlik, serobchilik, mo‘l-ko‘lchilik bo‘lishini bejizga tilamaydi. Chun-ki bu ne'matlar inson hayoti uchun eng oliy ne'matlardir. Bu ne'matlardan  bahramand bo‘lgan har bir inson shukronasini ham ado etishi maqbuldir. Ne'matlarning bardavom bo‘lishi uning shukrini ado etilishiga bog‘liq.

         Shukr so‘zi lug‘atda “minnatdorlik”, “rozilik” ma'nolarini anglatadi. Istilohda esa yaxshilik qilgan kishining amalini e'tirof etishni shukr deyiladi. Shukr qilish qalb bilan, til bilan va amal bilan ado etiladi.

         Insoniyat tarixiga nazar solsak, ajdodlarimiz ko‘plab urush, qahatchi-lik, ocharchilik, qurg‘oqchilik, talonchilik yillarini boshidan o‘tkazgan. Am-mo,barchasiga Allohdan najot so‘rab, sabr-toqat bilan shukr qilib, hayot ke-chirishgan.

Ko‘p uzoqqa bormaylikda, 20-asrning oxirlari va Mustaqilligimiz-ning dastlabki yillarini esga olaylik.Tuzum o‘zgarishi arafasida ba'zi noshukur korchalon  mansabdorlar o‘z manfaatini o‘ylab, savdo omborlaridagi  noz-ne'matlarni g‘aramlab tashib oldi. Natijada do‘konlarning peshtaxtalari bo‘shab qoldi. Oqibatda, mamlakat ichkarisida tanqislik vujudga keldi. Shu tufayli bir necha yil qiynalgan xalq boriga shukr qilib, sabr-qanoat bilan yaxshi kunlarning kelishini Yaratgandan so‘rab yashadi.

Mustaqilligimiz tufayli orzu qilingan kunlarga ham yetdik. Hukumatimizning sa'y-harakatlari bilan yurtimizda farovonlik boshlanib, qimmatchilik va tanqislik bartaraf etildi. Shu bilan tinchlik va osoyishtalikka zamin yaratildi. Yaratganning bu inoyatiga shukr demay bo‘ladimi? Boshimizdan kechirgan tanqislik, qimmatchilik yillarini unutmasligimiz lozim.

Hech kimga sir emaski, mo‘l-ko‘lchilik, to‘qchilik, farovon hayot boshlangach, bir oz qornimiz to‘yib, chorak asr muqaddam ro‘y bergan tanqislik tufayli boshimizga tushgan qiyinchiliklarni unutdik. Marakalarda, to‘ylarda ba'zi kimsalar tomonidan rizq-ro‘zimiz bo‘lgan ne'matlarning isrof bo‘lib, ko‘plab ushatilgan nonlarning uvol bo‘layotgani buning isbotidir.

Katta va muhtasham to‘yxonalarda savat-savat isrof bo‘layotgan non va boshqa moddiy ne'matlarni ko‘rgan kishi hayratga tushishi tabiiy. Bu isrof bo‘lgan ne'matlar  kunjara, yem o‘rniga molga berilayapti. Nahotki, Robbimiz ato etgan cheksiz noz-ne'matlarning shukronasini demay, noshukurlikka yuz tutgan bo‘lsak! Aytmoqchi bo‘lganimiz, o‘sha mash'um kunlarga tushmaslik uchun ne'matlarni qadrlashimiz, ularning shukrini ado etishimiz lozim emasmi?

         Alloh taolo “Ibrohim” surasining 7-oyati orqali “Qasamki, agar (bergan ne'matlarimga) shukr qilsangiz, albatta, (ularni yanada) ziyoda qilurman. Bordi-yu, noshukrchilik qilsangiz, albatta, azobim (ham) juda qattiqdir” degani  barchaga tegishlidir.

         Alloh taolo behisob ne'matlarni ato etib, barchamizga rizq-ro‘z ulashgan ekan, shularning ichida inson hayoti uchun eng muhimi nondir. Ajdodlarimiz “Nonning uvog‘i ham non, uvol qilish katta gunohdir”, “Nonni xor qilsang, u seni ko‘r qiladi”, –deb, saboq berishganini unutmaslik kerak. Nonni aziz tutib, bir uvog‘ini ham isrof qilmaslik har bir mo‘min-musulmonning burchidir.

         Alloh taolo: “Yenglar, ichinglar va isrof qilmanglar. Chunki U isrof qilguvchilarni suymas” (A'rof surasi, 31-oyat), deb marhamat qildi.

Amr ibn Shu'ayb otasidan, otasi bobosidan rivoyat qiladi: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Isrofga yo‘l qo‘ymay va takabburlik qilmagan holda ye, ich, kiyin va sadaqa qil”, deganlar” (Imom Ahmad va Abu Dovud rivoyati).       

To‘g‘ri, xalqimiz azal-azaldan o‘zining mehmondo‘stligi, saxovtliligi, bag‘ri kengligi bilan boshqa elatlardan ajralib turadi. Shunga ko‘ra urf-odatimiz bo‘yicha o‘tkazilayotgan diniy marosimlarimiz, milliy bayramlarimiz, to‘ylarimiz juda ko‘p. Bu an'analar hozirgi to‘qchilik davrida yana-da avj olgan. “Sendan men kammi” degandek, o‘tkazilayotgan marosimlar birini ikkinchisi “bosib” o‘tayapti. Shu tufayli isrofgarchiliklar yuzaga kelayapti. Afsuski, yuqorida ta'kidlanganidek, ortib qolgan noz-nematlar hayvonlarga berilayapti. Payg‘ambar alayhissalomning “Tejamkor odam aslo qashshoqlik ko‘rmaydi” deb aytganlariga amal qilsak, inshaalloh ko‘p hikmatlarga ega bo‘lamiz.

            Kimki bo‘lsa tejamkor

            Doim unga omad yor.

            Bu maqolni unutmang,

            Har so‘zida hikmat bor.

         Allohning yaratgan noz-ne'matlarini  suiste'mol qilmay, tejamkorlik va tadbirkorlik bilan isrofgarchilikning  oldini olsak nur ustiga a'lo nur bo‘lardi.

Beknazar Shomurodov – Kattaqo‘rg‘on tuman “Rizvon bobo” jome masjidi imom noibi


Kiritilgan vaqti: 31/01/2020 15:11;   Ko‘rilganligi: 1621
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/society/shukr-nematlarning-kopayishiga-sabab-boladi
Chop etilgan vaqti: 14/10/2024 14:41
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing