"Men din kishilarini yomon ko‘raman..."
Shayx Muhammad G‘azzoliy rahimahulloh aytadilar:
Xonamga bir qiz kirdi. Avval uning kiyinishi menga yoqmadi. Ammo uning ko‘zida va holatida kishining rahmini keltiradigan g‘am va mahzunlik ko‘rdim. U o‘tirgach menga tashvishlari haqida gapirdi va mendan yaxshilik umid qildi.
Men uni uzoq tingladim. Bildimki, u arab qizi ekan. Fransiyada ta'lim olgan ekan. Islom haqida deyarli hech narsa bilmas ekan.
Men unga islom haqiqatlarini bayon qildim. Shubhalariga raddiya berdim. Savollariga javob berdim. Missionerlar va sharqshunoslarning shubhalariga raddiyalar berdim. O‘ylaymanki, maqsadimga erishdim yoki erishishimga oz qoldi. Gapimning orasida zamonaviy madaniyat ayol kishiga ochiqqan ko‘zlar nigohini qaratadigan go‘sht kabi munosabatda bo‘lishini, hamda bu madaniyatda iffat, go‘zallik va sakinat yo‘qligini qistirib o‘tdim.
Qiz ketishga izn so‘radi. Men ruxsat berdim. U chiqib ketishi bilan tashqi ko‘rinishida dindorlik belgilari ko‘rinib turgan bir yigit kirib shiddat bilan dedi:
- Bu iflos nega kelgan ekan?
Men unga:
- Tabib sog‘lom kishilarni emas, bemorlarni davolaydi, dedim.
Yigit:
- To‘g‘riku-ya, unga hijobdan gapirgandirsiz, dedi.
Men:
- Ish bundan ko‘ra kattaroq. Men unga asoslarni gapirdim. Allohga iymon keltirish, oxiratga iymon keltirish, kitob va sunnatdagi vahiyga itoat, ibodat va axloq sohasidagi islomiy ruknlar haqida gapirdim, dedim.
Yigit gapimni bo‘ldi:
- Bu degani hijob o‘ramasin, degani emas-ku!
Men:
- Men ham uni qalbi Allohdan xoliy holda, hayotida ruku' va sajdani ko‘rmay, rohibalar kiyimida ko‘rishni xohlamayman. Men unga behayolarcha, ochiq-sochiq kiyinishdan jirkanishni o‘rgatadigan asoslarni o‘rgatdim.
Yigit mening so‘zlarimni yana bo‘lmoqchi bo‘ldi. Men shiddat bilan unga dedim:
- Men sizlar kabi Islomning etagidan tortishni xohlamayman. Men avvalo poydevorni quyib so‘ngra uning ustidan binoni quraman. Va nihoyat xohlagan narsamga hikmat bilan erishaman.
Ikki haftadan keyin haligi qiz avvalgidan afzal kiyimda keldi. Boshida harir ro‘moli ham bor edi. U yana savollarni boshqattan so‘radi. Men yana qayta javob berdim.
Keyin unga:
- Nima uchun uyingizga yaqin joydagi masjidga bormaysiz? - dedim. Shunday deganimga darhol nadomat ham qildim. Chunki masjidlar ayollarga man qilingani yodimga tushdi.
Qiz dedi:
- Men din kishilarini yomon ko‘raman. Ularni eshitishni xohlamayman.
Men:
- Nima uchun?-dedim.
U:
- Chunki ular qalbi qattiq, qo‘pol kishilardir. Maqtanchoqlik bilan va tahqirlab muomala qiladilar.
Negadir Abu Sufyonning xotini Hind yodimga tushdi. Uning avvalda Hamza roziyollohu anhuning jigarlarini chaynaganini, so‘ngra musulmon bo‘lganini esladim. U Rasulullohni sallollohu alayhi va sallamni tanimagan edi. Tanigandan so‘ng u zotga yaqinlashdi, iymon keltirdi va u zotga ushbu so‘zlarni aytdi:
"Ey Allohning rasuli! Oldin yer yuzida sizning uyingizni xorlanishga eng munosib uy deb bilar edi. Endi esa men uchun aziz bo‘lishga sizning uyingizdan munosibroq uy yo‘q".
Rasululloh sallollohu alayhi va sallamning qalblaridan otilib chiqqan muhabbat bulog‘i "jigar chaynovchi Hind"ni "Hind roziyollohu anho"ga aylantirdi.
Da'vatchilar buni Nabiyyimizdan o‘rganib, kishilarni tafriqaga solishning o‘rniga ulfat qilishsa, nafratlantirishning o‘rniga xushxabar berishsa bo‘lmaydimi?!
"Achchiq haqiqat" kitobidan.
Abdulqodir Polvonov
Manba: Azon.uz
Kiritilgan vaqti: 20/01/2020 16:13; Ko‘rilganligi: 1130
Chop etilgan vaqti: 14/10/2024 14:38