O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Maqolalar

"Shayx ul-islom" qanday unvon

 
 

«Marg‘ilon allomalari» kitobining birinchi silsilasida xalqimiz orasida tilga o‘rnashib qolgan, biroq ko‘pchilik asosli ma’lumotga ega bo‘lmagan «shayx ul-islom» rutbasi haqida jumladan shunday deyiladi:

«Shayx ul-islom» – muayyan mamlakatda islom tashkilotlari boshlig‘i – diniy unvon. Faxriy unvon sifatida X asrdan u yoki bu faqih yoxud so‘fiyga nisbatan ishlatilgan. XIII asrdan keyin muntazam suratda qo‘llanilgan. Buxoro xonligi, Turkiya (XVI asrdan 1924 yilgacha) va boshqa davlatlarda shayx ul-islom – eng oliy diniy lavozim».

«Shayx ul-islom» mintaqamizda Amir Temur asridan boshlab davlat devoni qoshida davlat miqyosida qabul qilingan fatvolarni taftish etish huquqiga ega bo‘lgan shaxsga rutba (maqom, unvon) sifatida berilgan.

Alisher Navoiy «Mahbub ul-qulub» nomli yirik asarining o‘n birinchi faslni «shayx ul-islom» to‘g‘risida» deb atab, jumladan shunday deydilar:

«Shayx ul-islom – musulmonlar peshvosi bo‘lib, musulmonlar uning yo‘lidan borishlari lozim. Bunday odam yetuk olim bo‘lmog‘i, islom dinini himoya qilmog‘i va uning targ‘ibotchisi bo‘lmog‘i darkor. U dargohga yaqin, shariat qonunidan chiqmovchi, faqirlikka qanoat qiluvchi, poklik yo‘lini tutuvchi, yomon-yaxshi kishilarga birday shafqatli, katta-kichikka bir xil – faqat to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatuvchi, shariat qonunlarida mustahkam va barqaror turuvchi, har qanday bid’atchining bid’atini yo‘qqa chiqaruvchi, fayzli va obro‘li odam bo‘lmog‘i shart. Shunday bo‘lgandagina uni «shayx ul-islom» desa bo‘ladi».

Biz Hazrat Domla faoliyatlarini sinchiklab o‘rganadigan bo‘lsak, keltirilgan shartlarning barchasi u zotda mavjud ekanini ko‘ramiz. Ammo fuqaholar nazdida shayx ul-islom alohida unvon bo‘lib, uni kimlarga berilishi haqida Mavlono Abdulhay Laknaviy quyidagilarni aytadilar:

«Shayx ul-islom» unvoni buyuk fuqaholar va katta ulamolar o‘rtasida paydo bo‘lgan nizo va tortishuvlar chog‘ida mushkul masalalarni yechib, ularga fatvo berishga layoqatli kishilarga nisbatan ishlatilgan. Mazkur unvon bilan beshinchi va oltinchi hijriy sanada yashab o‘tgan bir necha buyuk zotlar mashhur bo‘lishgan. Ulardan shayx ul-islom Abul Hasan Ali as-Sa’diy, shayx ul-islom Ato ibn Hamza as-Sug‘diy, shayx ul-islom «Xulosa» kitobi muallifining bobosi Ali ibn Muhammad al-Isbijobiy, shayx ul-islom Abdurrashid al-Buxoriy, shayx ul-islom «Hidoya» kitobining muallifi Burhoniddin Ali al-Marg‘inoniy, shayx ul-islom Mahmud al-O‘zjandiy va boshqalar».


Kiritilgan vaqti: 09/10/2018 00:00;   Ko‘rilganligi: 3794
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/shayx-ul-islom-qanday-unvon
Chop etilgan vaqti: 14/10/2024 14:22
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing