SALOVOT AYTISHNING FAZILATI HAQIDA O‘N HADIS
Alloh taologa beadad hamdu sano va shukrlar hamda U zotning butun olamlarga rahmat elchisi qilib yuborgan payg‘ambari Muhammad sollallohu alayhi vasallamga salavot va salomlarimiz bo‘lsinki, barchamiz muborak Rabi’u-l-avval, ya’ni oxirzamon payg‘ambari tavallud topgan oyda turibmiz.
Hayotimizda bu oyning boshqa oylardan farqli va ahamiyatli jihati shundaki, ushbu muborak oyda barchalarimiz olamlar sarvari Muhammad alayhissalomning siyratlarini yanada kengroq o‘rganishimiz, har kuni, har bir amalimizda u zotga ergashmog‘imiz va sunnatlariga muvofiq hayot kechirishga harakat qilmog‘imiz hamda ul zoti muborakka ko‘plab salavotlar aytish orqali o‘z muhabbatimizni izhor qilishimiz lozim bo‘ladi.
Quyida siz azizlarga salavot aytishning fazilati haqida kelgan hadisi shariflarni havola qilmoqchimiz, shoyadki bu ma’lumotlar, ushbu muborak oyda va bundan boshqa vaqtlarda ham Muhammad sollallohu alayhi vasallamga salavot va salomlarni ko‘proq aytishimizga sabab bo‘lsa.
قال النبي صلى الله عليه وسلم: {مَنْ صَلَّى عَليَّ وَاحِدَةً صَلَّى الله عَلَيْهِ عَشْرا}.
Nabiy sollallohu alayhi vasallam dedilar:
“Kimki menga bir bora salavot aytsa, Alloh unga o‘nta salavot aytadi”.[1]
“Sahobalardan ba’zilari Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan “Sizga bir bora salavot aytgan kimsaga, Alloh o‘nta salavot aytadi. Bu, qalbi uyg‘oq holda aytgan kishiga tegishlimi?” deb so‘radi. U zot sollallohu alayhi vasallam: “Yo‘q, bu har bir (qalbi g‘aflat bilan bo‘lsada) salavot aytguvchiga tegishli. Alloh u kishiga tog‘dek (ajr) beradi. Farishtalar u uchun duo va istig‘for aytadilar. Ammo, qalbi uyg‘oq holda salavot aytgan kimsaga qanchalar ajr mukofot berishligini Allohdan o‘zga hech kim bilmaydi,” dedilar.”[2]
وقال النبي صلى الله عليه وسلم: {مَنْ صَلَّى عَلَيَّ ألفَ مَرَّةٍ لم يَمُتْ حَتَّى يُبَشَّرُ لَهُ بِالجَنَّةِ}.
Nabiy sollallohu alayhi vasallam dedilar:
“Kimki menga ming marta salavot aytsa, unga jannat haqida xushxabar berilmagunicha vafot etmaydi”.
وقال صلى الله عليه وسلم: {مَنْ صَلَّى عَليَّ صَلاةً واحِدَةً صَلَّى الله عَلَيْهِ بِهَا عَشْرا، وَمَنْ صَلَّى عَليَّ عَشْرا صَلَّى الله عَلَيْهِ بِها مائَةً، وَمَنْ صَلَّى عَليَّ مائَةً صَلَّى الله عَلَيْهِ بها ألْفا، وَمَنْ صَلَّى عَلَيَّ ألْفا لم تَمسَّهُ النَّارُ}.
U zot sollallohu alayhi vasallam dedilar:
“Kimki menga bir bora salavot aytsa, Alloh unga u (salavoti) sababidan o‘nta salavot aytadi. Kimki menga o‘nta salavot aytsa, Alloh unga u(salavoti) sababidan yuzta salavot aytadi. Kimki menga yuzta salavot aytsa, Alloh unga u (salavoti) sababidan mingta salavot aytadi. Kimki menga mingta salavot aytsa, unga do‘zax o‘ti tegmaydi”.
Imom Tabaroniy keltirgan rivoyatda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday dedilar: “Kimki menga bir bora salavot aytsa, Alloh unga o‘nta salavot aytadi. Kimki menga o‘nta salavot aytsa, Alloh unga u yuzta salavot aytadi. Kimki menga yuzta salavot aytsa, Alloh uni nifoq va do‘zaxdan ozod deb yozib qo‘yadi va qiyomat kunida shahidlar bilan birga qiladi”.[3]
وقال صلى الله عليه وسلم: {مَنْ نَسِيَ الصَّلاَةَ عَلَيَّ فَقَدْ أَخْطَأَ طَرِيقَ الجَنَّةِ}.
U zot sollallohu alayhi vasallam dedilar:
“Kimki menga salavot aytishni unutsa, batahqiq jannat yo‘lidan xato qilibdi(ya’ni adashibdi)”.
وقال صلى الله عليه وسلم: {إنَّ أوْلَى النَّاسِ بِي يَوْمَ القِيَامَةِ أكْثَرُهُمْ عَلَيَّ صَلاَةً}.
U zot sollallohu alayhi vasallam dedilar:
“Menga qiyomat kunida insonlarning eng yaqini (ya’ni ular ichidan shafoatimga haqliroq bo‘lgani), menga ko‘proq salavot aytgan kishilardir”.
وقال صلى الله عليه وسلم: {صَلاَتُكُمْ عَلَيَّ مَحَّاقَةٌ}.
U zot sollallohu alayhi vasallam dedilar:
“Sizlarning menga aytgan salavotlaringiz – (gunohlarni) o‘chirib tashlaguvchidir”.
وقال صلى الله عليه وسلم: {مَنْ صَلَّى عَلَيَّ في كُلِّ جُمُعَةٍ أرْبَعِينَ مَرَّةً مَحَا الله ذُنُوبَهُ كُلَّهَا}.
U zot sollallohu alayhi vasallam dedilar:
“Kimki menga har juma qirq marta salavot aytsa, Alloh uning barcha gunohlarini o‘chiradi”.
وقال صلى الله عليه وسلم: {مَا مِنْ دُعاءٍ إلا بَيْنَهُ وَبَيْنَ السَّماءِ حِجَابٌ حَتَّى يُصَلِّيَ عَلَيَّ ، فإذا صَلَّى عَلَيَّ انْخَرَقَ ذالِكَ الحِجَابُ وَرُفِعَ الدُّعَاءُ}.
U zot sollallohu alayhi vasallam dedilar:
“Menga salavot aytilmagunicha qilingan duo bilan osmon orasida bir parda bo‘ladi. Bas, agar salavot aytsa o‘sha parda yirtilib, duo ko‘tariladi”.
وقال صلى الله عليه وسلم: {مَنْ صَلَّى عَلَيَّ فِي يَوْم مائَةَ مَرَّةٍ قَضَى الله لَهُ مائَةَ حَاجَةٍ سَبْعِينَ مِنْهَا لآخِرَتِهِ وَثَلاثِينَ مِنْهَا لِدُنْيَاهُ}.
U zot sollallohu alayhi vasallam dedilar:
“Kimki bir kunda menga yuz marta salavot aytsa, Alloh uning yuzta hojatini ravo qiladi. Ulardan yetmishtasini oxiratda va o‘ttiztasini shu dunyoda beradi”.
وقال صلى الله عليه وسلم: {مَنْ صَلَّى عَلَيَّ صَلاَةً وَاحِدَةً صَلَّى الله عَلَيْهِ وَمَلائِكَتُهُ عِشْرِينَ مَرَّةً وَلَمْ يَمُتْ حَتَّى يُبَشَّرُ بِالجَنَّةِ}.
U zot sollallohu alayhi vasallam dedilar:
“Kimki menga bitta salavot aytsa, Alloh va Uning farishtalari unga yigirma marta salavot aytadilar va unga jannat bashorati berilmagunicha vafot etmaydi”.
Alloh taolo barchalarimizga mazkur hadisi shariflarda aytilganlarga amal qilib, ularning mukofotiga ega bo‘lishimizni va qiyomat kunida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning shafoatlariga loyiq bo‘lishimizga muvaffaq aylasin!
[1] Muslim, Abu Dovud va Nasaiy rivoyati.
[2] Imom Suyutiyning “Lubol al Hadis” kitobining sharhi “Tanqih al qovlil hasis” kitobidan
[3] Tabaroniy rivoyati.
Kiritilgan vaqti: 14/12/2016 00:00; Ko‘rilganligi: 7858
Chop etilgan vaqti: 14/10/2024 13:44