O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Maqolalar

Sahobalar ham musobaqalashar edilar

 
 

Salama ibn al-Akva’ roziyallohu anhu rivoyat qiladilar: "Biz yo‘lda yurib borar edik. Ancoriylardan musobaqada hech yengilmagan bir kishi: "Madinagacha musobaqalashuvchi bormi? Qani kim musobaqa qila oladi?" deya boshladi. "Hurmatli kishini hurmat, sharaflining sharafini rioya qilmaysanmi?" dedim. "Faqat Rasululloh sollalohu alayhi vasallamni", dedi. "Ey Allohni rasuli, ota-onam sizga fido bo‘lsin! Qo‘yib bering, shu odam bilan musobaqalashay", dedim. "Xohishing bo‘lsa, mayli", dedilar u zot. Madinaga undan o‘zib yetib bordim" (Muslim va Ahmad rivoyati).

E’tibor qaratadigan bo‘lsak ushbu rivoyatdan Salama ibn al-Akva’ roziyallohu anhu “ansoriylardan musobaqada hech yengilmagan bir kishi” demoqdalar. Bu esa sahobai kiromlar orasida doimiy ravishda sport musobaqalari bo‘lib turganiga dalolat qiladi.

Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam ham: "Farzandlaringizga suzishni, otishni va ot minishni ta’lim beringlar", deb aytganlar va buning bilan yosh avlodni badan tarbiya bilan shug‘illantirishga ota-onalarni targ‘ib qilganlar.

Nabaviy merosga e’tibor qaratadigan bo‘lsak Rasululloh sallollohu alayhi vasallamning, o‘zlari har taraflama komil qilib yaratilgan bo‘lsalarda, ko‘plab badantarbiyaga doir amallar bilan shug‘ullanganlarini ko‘ramiz. Oisha onamiz roziyallohu anho rivoyat qiladi: "Nabiy sollallohu alayhi vasallam men bilan musobaqalashgan edilar, men u zotdan o‘zib ketdim. Bir muddatdan so‘ng meni jismim og‘irlashganida yana men bilan musobaqalashib, mendan o‘zib ketdilar va “haligi bilan biru bir”, dedilar" (Ahmad va Abu Dovud rivoyat qilishgan).

Bu, oilaviy ravishda badantarbiya bilan shug‘ullanish bo‘lib, oldingi ulamolarimiz ushbu hadisi sharifning sharhida: “Oishaning hadisida oyoqda yugurib musobaqa qilishga, mahram erkak-ayollar orasida musobaqa o‘tkazishga, bu ish viqorga, sharafga, ilmga, fazlga va yoshning ulug‘ligiga nomunosib emasligiga dalil bor”, deyishgan.

Muhammad ibn Ali ibn Rukonadan rivoyat qilinadi: "Rukona Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam bilan kurash tushdi. Shunda Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam uni yiqitdilar" (Abu Dovud rivoyat qilgan).

Tarixdan ma’lumki, Rukona tengi yo‘q pahlavon, kuragi yerga tegmagan kishilardan bo‘lgan. Rasululloh alayhissalomdan yiqilishi esa aqlini tanishiga, islom dinini qabul qilishiga sabab bo‘lgan. Bu hadisdan musulmon kishining musulmon bo‘lmagan kishi bilan ham sport musobaqasi o‘tkazishi joizligi, shuningdek, sport musobaqasi orqali yaxshiliklarni tarqatish, kishilarni Islomga kiritish ham mumkinligi tasdiqlanadi. Zero, bugungi kundagi "sport tinchlik elchisi" degan shiorlar ham bejizga aytilmagan.


Kiritilgan vaqti: 17/10/2018 00:00;   Ko‘rilganligi: 3080
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/sahobalar-ham-musobaqalashar-edilar
Chop etilgan vaqti: 08/10/2024 17:50
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing