MUS'AB IBN UMAYR Islomning avvalgi elchisi (7-qism)
Ha... Mus'ab bayroq bilan yerga yiqildi. Shahodat gavhari va shuhadolar yulduzi yerga quladi. Fidolik va imon jangida katta jasorat ko‘rsatganidan keyin yerga quladi. Agar o‘zi o‘ldirilsa, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam himoyasiz qoladi, keyin u zotni mushriklar qatl qilishlari uchun yo‘l ochiladi deb, qattiq xavsiragan edi.
Shu sabab Rasulullohga yetishi mumkin bo‘lgan zarardan qo‘rqib, qo‘lini uzib tashlayotgan qilich zarbasidan keyin o‘zini tinchlantirib: “Va ma Muhammadun illa rosulun qod xolat min qoblihir rusul”, ya'ni, “Muhammad faqat bir Payg‘ambardir, xolos. Undan oldin ham payg‘ambarlar o‘tgandir”, derdi. Bu bilan Mus'ab Alloh taolo o‘z elchisini yordamsiz qo‘ymaydi, deb o‘zini yupatmoqchi bo‘ldi. Mus'ab shularni takror-takror aytib jon berdi. Uning vafotidan keyin bu kalima ilohiy oyat o‘laroq nozil bo‘ldi: “Muhammad faqat bir Payg‘ambardir, xolos. Undan ilgari ham payg‘ambarlar o‘tgandir. Bas, agar u (ya'ni, Muhammad) vafot qilsa yoki o‘ldirilsa, ketingizga (kufrga) qaytib ketasizlarmi?! Kimda-kim ketiga qaytib ketsa, Allohga biron ziyon yetkaza olmas, (balki faqat o‘ziga zarar qiladi, xolos). Olloh esa (yo‘llaridan qaytmay) shukr qilguvchi bandalarini munosib mukofatlaydi” (Oli Imron surasi, 144-oyat).
Uzoq davom etgan jangdan keyin Mus'ab ibn Umayrning jasadini pokiza qoniga bo‘yalgan va yuzi tuproqqa belangan holda topishdi. U shu holatida Rasulullohga yetishi mumkin bo‘lgan yomonlikni ko‘rib qolishdan qo‘rqib, ko‘zini tuproqqa to‘ldirib yotgandek edi. Yoki uzotni himoya qilish vazifasini nihoyasiga yetkaza olmasdan, u zot najot topganlarini ko‘rib xotirjam bo‘lmasdan ilgari shahid ketganidan xijolat bo‘lganday, yuzini tuproqqa belab yotardi. Rasululloh va sahobalari birgalikda qurbon bo‘lgan shahidlarning jasadlarini dafn qilishga kirishdilar. Mus'ab ibn Umayrning jasadi tepasida qattiq ko‘z yoshlari to‘kildi”.
Xabbob ibn Arat aytadi: “Alloh yo‘lida Rasululloh bilan birga hijrat qildik. Yolg‘iz Allohning roziligini qozonishga niyat qildik. Bas, bizning ajr-mukofatimiz Allohning zimmasida bo‘ldi. Bizlardan bu dunyodagi nasibasini olmasdan o‘lib ketganlar bo‘ldi. Ular orasida Mus'ab ibn Umayr ham bor edi. Uhud kuni qatl etilib, uni kafanlash uchun eski bir matodan boshqa narsa topilmadi. O‘sha mato bilan uning boshini yopsak, oyog‘i ochilib qolardi, oyog‘ini yopsak, boshi ochilib qolar edi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bizga: “Bu mato bilan bosh tomonini yopinglar, ikki oyog‘inini esa, shox-shabbalar bilan berkitinglar”, dedilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam jasadi qattiq tahqirlanib, a'zolari mushriklar tomonidan kesib tashlangan amakilari Hamza roziyallohu anhu uchun qattiq alam va iztirobda bo‘lishlariga qaramay, Mus'abning jasadi ustida uzoq ko‘z yosh to‘kdilar.
Jang maydoni Rasululloh va sahobalarri va do‘stlarining jasadi bilan liq to‘la edi, shunday bo‘lsa-da, u zot aynan o‘zlarining eng birinchi elchilari jasadi tepasida turib, muborak ko‘zlari jiqqa yoshga to‘lgan holda dedilar: “Mo‘minlar orasida Allohga bergan ahdiga sodiq kishilar bordir”. So‘ngra Mus'ab kafanlangan bu kiyimga nazar tashlab: “Men seni Makkada hammadan ko‘ra go‘zalroq kiyimlarda ko‘rgan edim. Endi esa, sen sochlaring to‘zigan holda bu eski kiyimdasan!” – dedilar. Shundan keyin u zot jang maydoniga ko‘z tashlab, barcha shahid ketganlarga qarata: “Albatta, men qiyomat kuni Allohning huzurida sizlarning shahid ekaningizga guvohlik beraman”, - dedilar. Shunday deb, oldilarida turgan sahobalariga: “Ey insonlar, bu as'hoblarimiz qabrlarini ziyorat qilinglar va ularga salom beringlar. Jonim qo‘lida bo‘lgan Zotga qasamki, biror-bir salom berguvchi ularga salom bersa, albatta alik oladilar”, - deya bashorat berdilar.
Davomi bor.
Z.Eshonqulov – O‘MI Samarqand viloyati vakili
“Payg‘ambar atrofidagi kishilar” kitobidan.
Kiritilgan vaqti: 02/10/2019 15:26; Ko‘rilganligi: 2365
Chop etilgan vaqti: 09/10/2024 03:20