O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Саҳобалар ҳаёти

MUS'AB IBN UMAYR Islomning avvalgi elchisi (3-qism)

 
 

Yana mushriklar tomonidan musulmonlarga nisbatan zulm kuchayganligi sababli, Rasulullohga itoat etgan holda, ikkinchi marta Habashistonga hijrat qildi. Xoh Makkada, xoh Habash o‘lkasida bo‘lsin, Mus'abning imon quvvati ortaverdi. Uning hayoti yangi ma'noga ega bo‘lgan edi. Bu ma'noni unga Muhammad bergan edilar. Mus'ab o‘z hayotining buyuk Yaratuvchisi va mehribon Parvardigoriga bog‘lanadigan benihoyat xotirjam va xursand edi.

Bir kuni Rasululloh sahobalari bilan o‘tirgan edilar, Mus'ab ham davraga kelib qo‘shildi. Sahobalar uni ko‘rishgan zahoti boshlarini egib, ko‘zlarini yumib olishdi. Hatto ba'zilari yig‘lab yubordi. Chunki Mus'ab ibn Umayr ustiga eski va yamoq kiyimlarni kiyib olgan edi. Odamlar Islom diniga kirmasdan oldingi uning holatini, ya'ni qimmatbaho va yaltiroq kiyimlarda va atrofga xushbo‘ylar taratib yurgan vaqtini yaxshi eslashadi. Ammo Rasulloh bu holatni ko‘rib, zavqlandilar, hatto muborak lablarida chiroyli bir tabassus paydo bo‘lib shunday dedilar: “Mana bu Mus'abni ota-onasi huzurida kamlik ko‘rmay voyaga yetganini bilaman. So‘ngra buning hammasini Alloh va Rasuliga bo‘lgan muhabbat tufayli tark qildi”. Mus'abni dindan qaytarishga bo‘lgan barcha urinishlar puchga chiqqach, onasi uni barcha ne'matlardan, hatto taomdan ham mahrum etdi. Onasining nazarida “oliha”larni tark etib, ularning la'natiga uchragan odam, hatto o‘g‘li bo‘lsa-da, taom yeyishga loyiq emasdi. Ammo har qancha urinmasin, o‘g‘lini dindan qaytara olmadi. Biroq o‘g‘li o‘z so‘zida qat'iy turganini bilgach, uni uydan haydab chiqarishga qaror qildi.

  • O‘sha tanlagan ishingga boraver, endi men ona emasman, - dedi Mus'abga bir kuni onasi. Mus'ab onasiga yaqinroq kelib:

- Ey onajon, men sizni yaxshi ko‘raman. “Allohdan o‘zga iloh yo‘q, Muhammad Uning Rasuli”, deb guvohlik bering, - dedi.

Onasi g‘azablangan holda:

  • “Oliha”larga qasamki, sening diningga aslo kirmayman, aks holda, ustimdan kulib, aqlimni zaifga chiqarishadi, deya yuz o‘girdi.

Shunday qilib, Mus'ab to‘kin-sochin ne'matlarga to‘la hayotdan faqirlik va muhtojlikka limmo-lim hayotni tanladi. Go‘zal va qimmatbaho kiyimlarni kiyib yurgan xushro‘y yigit dag‘al, eski va yamoq kiyimlarda bir kun to‘q, bir kun och nahor holda yuradigan insonga aylandi. Lekin uning qalbi imon nuri bilan to‘lib-toshgan edi. Shu sabab u ko‘zlari nurga to‘lgan, qalbi poklik bilan yo‘g‘rilgan boshqa insonga aylangandi.  

 Davomi bor.

 Z.Eshonqulov – O‘MI Samarqand viloyati vakili

“Payg‘ambar atrofidagi kishilar” kitobidan.


Kiritilgan vaqti: 21/09/2019 16:35;   Ko‘rilganligi: 1405
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/sahaba/musab-ibn-umayr-islomning-avvalgi-elchisi-3-qism
Chop etilgan vaqti: 09/10/2024 01:33
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing