Rasululloh sollallohu alayhi vasallam muftiy etib tayinlagan zot
U kishining to‘liq ismlari Muoz ibn Jabal ibn Amr ibn Avs Xazrajiy Ansoriydir. Bu zot ulug‘ sahobalardan bo‘lib, 18 yoshida Islomni qabul qiladilar. Hazraj qavimining boshlig‘i Islomni qabul qilgach, qavmi ham islomni qabul qiladi. 70 kishi ikkinchi Aqaba bay’atida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga bay’at berish uchun keladi. Bular orasida Muoz ibn Jabal roziyallohu anhu ham bor edilar. U kishi 33 yoshlarida, boshqa bir rivoyatda esa 38 yoshlarida vafot etadilar.
U kishi hayotlari davomida:
· Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Madinaga hijrat qilganlaridan so‘ng u kishi va Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhularni do‘st qilib qo‘dilar;
· Muoz roziyallohu anhu barcha g‘azotlarda ishtirok etganlar;
· Nabiy sollallohu alayhi vasallam hijratning 9-yili Tabuk g‘azotidan keyin u kishini Yamanga qozi va muftiy qilib yuborganlar;
· 28 yoshlik paytlarida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam vafot etganlar;
· Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan “Kimki Laa ilaaha illalloh kalimasini qalbdan aytsa Jannatga kiradi” hadislarini vafot chog‘lari ilmni yashirishni gunoh sanab rivoyat qilganlar.
U kishining jismiy va xulqiy sifatlari:
U kishi chiroyli yuzli, ranglari oq, uzundan kelgan, sochlari chiroyli va ko‘zlari katta edi. Gapirsalar og‘zilaridan nur chiqar va tishlari yarqirar edi. U zot roziyallohu anhu dunyoda zohid, tavozeli, taqvoli, parhezkor, omonatli, molini yaxshilikka sarflaydigan saxiy, ochiqko‘ngil, halim, Qur’on va fiqhni biluvchi va ilmni sevib ta’lim beruvchi edilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam u kishini juda yaxshi ko‘rar edilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ularni rostgo‘y ekanliklariga guvohlik bergan kishilardan edilar.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Madinaga hijrat qilganlaridan so‘ng Muoz roziyallohu anhu u zotni doim lozim tutdilar, hatto Alloh taoloning shariati borasida katta olimga aylandilar.
Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Ummatim ichida ummatimga eng rahmlisi Abu Bakr, Allohning dini borasida qat’iyatligi Umar, hayo jihatidan eng rostgo‘yi Usmon, hukm chiqaruvchisi Ali ibn Abu Tolib, qorisi Ubay ibn Ka’b, halol va haromni biluvchirog‘i Muoz ibn Jabal, farzga eng e’tiborlisi Zayd ibn Sobitdir. Ogoh bo‘linki, har bir ummatning ishonchli kishisi bor. Bu ummatning ishonchli kishisi Abu Ubayda ibn al-Jarrohdir”.
U kishining fazli:
· Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan ko‘p hadis rivoyat qilganlar;
· Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning davrlarida fatvo beradigan kishilardan edilar;
· Shuningdek, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Qur’oni karimni ulardan ta’lim olishga vasiyat qilgan to‘rt kishining birlaridir. Ular: Abdulloh ibn Mas’ud, Abu Huzayfaning mavlosi Solim, Ubay ibn Ka’b va Muoz ibn Jabal roziyallohu anhumdirlar.
· Umar roziyallohu anhu u kishidan fatvo so‘rar va ishlarida maslahat olar edilar. Shu bois u kishi haqida shunday deganlar: “Agar Muoz bo‘lmaganida Umar halok bo‘lardi!”.
Alloh taolo barcha sahobalardan rozi bo‘lsin!
Kiritilgan vaqti: 19/11/2018 00:00; Ko‘rilganligi: 2737
Chop etilgan vaqti: 07/10/2024 15:35