Rasululloh sallollohu alayhi vasallamning boshqa din vakillariga bo‘lgan munosabatlari
Alloh haq subhanahu va taolo Payg‘ambarimiz Muhammad mustafo sallollohu alayhi vasallamni olamlarga rahmat qilib yubordi. U zot insoniyat olami, hayvonot olami, farishtalar olami, jinlar olami, nabotot olami vahokazo barchasiga rahmat o‘laroq yuborilganlar.
Rasululloh sallallohu alayhi vasallam o‘ta halim va mehribon edilar. Bu sifatlari Qur’oni masjidda: “Allohning rahmati sababli (Siz, ey, Muhammad,) ularga (sahobalarga) muloyimlik qildingiz. Agar dag‘al va toshbag‘ir bo‘lganingizda, albatta, (ular) atrofingizdan tarqalib ketgan bo‘lur edilar”, (Oli Imron. 159) deya e’tirof etilgan. U zotning adolatlari, rahm-shafqatlari boshqa din vakillariga bo‘lgan munosabatlarida ham yaqqol namoyon bo‘lar edi. Rasululloh sallallohu alayhi vasallam hamisha g‘ayri dinlarga adolat bilan muomala qilar, ularning haq-huquqlariga rioya etardilar.
Islom tarixidan ma’lumki, Haybar g‘azotida musulmonlarga o‘ljaga tushgan narsalar ichida Tavrotdan bir qancha sahifalar ham bor edi. Yahudiylar kelib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan o‘sha sahifalarni qaytarib berishlarini talab qildilar. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam ularni yahudiylarga qaytarib berishga amr qildilar. Shunday qilib, yahudiylar uchun muqaddas hisoblangan sahifalarga zarracha ziyon yetkazilmay, o‘zlariga qaytarildi. Bu ikki olam sarvarining adolatlari, bag‘rikengliklariga yorqin dalilidir. O‘zlariga dushman bo‘lib turganiga qaramay, boshqalarning qadriyatlarini e’zozlash − ulug‘ ish. Afsuski, bu bag‘rikenglikni hamma ham qila olmaydi.
Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam nafaqat ahli kitoblar, balki boshqa dinlar, ya’ni, ahli kitob bo‘lmaganlar bilan ham adolat mezoni asosda muomala qilganlar. Bu haqida Sarvari koinot sollallohu alayhi vasallam:
“Ularga ahli kitobga qilingan sunnatni qilinglar. Faqat ayollariga uylanmang va so‘yishlarini yemagan holda”, deganlar.
Demak, samoviy bo‘lmagan, kishilar o‘zlaricha e’tiqod qilib yurgan din vakillari ham to‘liq haq-huquqlarga egadirlar. Ushbu ma’nolarni Islom o‘n to‘rt asr ilgari, dunyoda birinchi bo‘lib joriy qilgan.
Rahm-shafqat Payg‘ambarimiz alayhissalomning fitratlariga qo‘shib yaratilgan xislatlaridir. U zot: – «Odamlarga rahm qilmaganga Alloh ham rahm qilmaydi», deganlar. Bu hadis ma’nosi ham umumiy bo‘lib, faqat musulmonlar emas, har bir inson, har qanday odamga rahm qilish tushuniladi.
Payg‘ambar alayhissalomning huzurlariga bir guruh ansoriylar kelib, «Ey Allohning Rasuli! Saqif qabilasi hidoyatga kirmayapti, ularni duoibad qiling» deyishganida u zot alayhissalom “Allohumma, ihdi Saqifa” – “Allohim, Saqifni hidoyat qil”, dedilar. Ansoriylar yana “Ey Allohning Rasuli! Ularni duoibad qiling” deyishdi. Biroq Rasululloh sollallohu alayhi vasallam yana “Allohim! Saqifni hidoyat qilgin” dedilar. Uchinchi marotaba so‘rashganda ham shu duoni qildilar. Mana, bag‘rikenglikning yorqin namunasi. Payg‘ambarimiz alayhissalomning bu muborak duolari ijobat bo‘lib, ana shu Saqif qavmidan keyinchalik buyuk zotlar, ulug‘ ulamolar yetishib chiqdi.
Alloh taolo Qur’oni karimda: “Va maa arsalnaaka illaa rohmatal lil olamiyn” (“Ey Muhammad alayhissalom! Biz sizni olamlarga faqat rahmat qilib yubordik”), deya marhamat qilgan. Ushbu rahmat taqozosi bilan Rasul alayhissalom o‘zgalarga faqat yaxshilik tiladilar. Sahobalar mushriklarni duoibad qilishlarini so‘rab, u zotga murojaat qilishganda “Men la’natlovchi qilib yuborilmaganman. Men rahmat qilib yuborilganman”» deganlar.
Tadqiqotchi Jorjiya Islom hukmron bo‘lgan davrdagi boshqa samoviy din as’hoblari haqida shunday yozadi: «Hijratning to‘qqizinchi yiliga kelib, Islom dini butun arab jazirasini qamrab olgan bo‘lsa-da, Muhammad alayhissalom yahudiy va nasorolarni o‘z diniga kirishga majbur qilmaganlar, chunki ular ahli kitob edilar. Muhammad alayhissalom o‘zlarining Najron bosh yepiskopi Abulhorisga yozgan maktublarida Islom kelgach, arab jazirasida nasorolarning ahvoli yaxshilanganini aytib, jumladan, shunday so‘zlarni aytganlar:
“Bismillahir rohmanir rohiym! Allohning Rasuli Muhammaddan Najronning bosh yepiskopi Abulhorisga va uning barcha ruhoniylari va yepiskoplariga. Ammo ba’d. Bosh yepiskopga, uning ruhoniylari va boshqa yepiskoplarga ma’lum bo‘lsinki, sizlarning cherkovlaringiz, ibodatxonalaringiz qanday bo‘lsa, shundayligicha qoldiriladi. Sizlar o‘z ibodatlaringizda hur va erkinsiz. Birontangiz o‘z mansabi va maqomidan chetlashtirilmaydi. Diniy marosimlaringizda hech narsa o‘zgartirilmagani kabi, mazkurlardan ham hech narsa o‘zgartirilmaydi. Modomiki, yepiskoplar ahdga, ya’ni o‘zlarining asl injillariga sodiq qolsalar va undagi ta’limotlarga, ya’ni nasroniy dinining ta’limotlariga amal qilsalar, Allohning va Rasulining zimmasida, ya’ni himoyasida bo‘ladi. Kim ularni bu narsadan to‘ssa, u Allohning va Rasulining dushmani bo‘ladi”.
Islom tarixidan ma’lumki, to‘qqizinchi hijriy yil «amul vufud» («elchilar yili») deb nomlangan. O‘sha yili boshqa din vakillaridan, boshqa mamlakatlardan guruh-guruh bo‘lib elchilar kelishgani uchun shunday nomlangan. Shunday elchilardan biri Najronlik bosh yepiskop Abulhoris o‘zi boshchilik qilayotgan guruh bilan Madinai Munavvaraga keladi. Nabiy alayhissalomning huzurlariga kirmoqchi bo‘lganlarida ular o‘zlarining rasmiy diniy liboslarini kiyib, u zotni masjidi nabaviyda ziyorat qilishgan. Ziyorat qilib bo‘lganlaridan so‘ng u zotdan ibodatlarini ado etish uchun ruxsat so‘rashgan. Nabiy alayhissalom ularga Madina masjidida ibodat qilishlari uchun sharoit qilib berganlar. Shunday qilib, ular musulmonlarning masjidida Baytul Maqdisga yo‘nalgan holda ibodatlarini ado qilishgan.
Tarix biz yuqorida sanab o‘tgan Rasululloh sallollohu alayhi vasallamning bag‘rikengliklari, adolatlari haqidagi ko‘plab voqealarga guvoh bo‘lgan. Buni musulmon bo‘lmagan ko‘plab insofli tarixchilar, yozuvchilar o‘z bitiklarini e’tirof etib o‘tganlar. Quyida donishmandlarning U zot sallollohu alayhi vasallam haqilarida aytgan fikrlari bilan maqolamizni tugatishni maqsadga muvofiq bo‘ladi deb o‘ylaymiz:
“Agar Muhammad payg‘ambar tirik bo‘lganida, zamonamiz muammolarini bir piyola choy ustida hal qilgan bo‘lar edi»” (Bernard Shou – zabardast ingliz mutafakkiri va yozuvchisi).
“Men dunyo tarixini o‘qib, shunday xulosaga keldim: “Dunyo podshohlari to‘plagan jami saltanatu boylik, qasrlaru saroylar Muhammad sollallohu alayhi vasallamning yamoq yaktaklariga ham arzimas ekan…” (Gyote, nemis shoiri.)
“Agar kishining buyukligi uning qilgan ishlariga, qozongan zafarlariga, imkoniyati oz bo‘lsa-da, ko‘p ish qilganiga qarab baholanadigan bo‘lsa, Muhammad sollallohu alayhi vasallam insonlarning eng buyugidir. Payg‘ambar, notiq, da’vatchi, qonunshunos, jangchi, qalblarning himoyachisi, g‘oyalar targ‘ibotchisi, imom, davlat arbobi, yer yuzining yigirma mintaqasida islomiiy saltanat qura olgan… Muhammad sollallohu alayhi vasallam ana shunday Zot edi! Unga hech qaysi buyuk inson tenglasha olmaydi! Nahotki u o‘lchovlarga sig‘sa?!” (Lamartin, fransuz olimi.)
“Olam Muhammaddek fikr yuritadigan kishiga naqadar muhtojdir. Bu Payg‘ambar dinini doim hurmat va ulug‘lash o‘rniga qo‘ydi. U barcha madianiyatlarni qamraganligiga ko‘ra eng kuchli din bo‘lib, abadiydir. Men o‘z qavmim farzandlaridan ko‘plarini shu dinga aniq ishonch bilan kirganlarini ko‘rdim. Va bu din tezda Yevropa qit’asida o‘zining keng o‘rnini egallaydi. Din kishilari o‘rta asrlarda jaholat va taassub sababidan Muhammad sollallohu alayhi vasallamning dinini qoraladilar. Darhaqiqat, ular Muhammadni masihiy diniga dushman, deb bilardilar. Lekin men bu kishining ishlari bilan tanishib, g‘ayrioddiy ajoyibotlarni topdim va u kishining masihiylikgka dushman emasligini, balki bashariyatning qutqaruvchisi, deb nomlanishi vojibligini bildim. Mening fikrimcha, agar bugungi kunda dunyoni u kishi boshqarganda edi, albatta, bizlarning muammolarimizni hal qilishlikkaga bashariyat orzu qilgan tinchlik va saodat bilan erishgan bo‘lardi”.
(Jorj Bernard Shou)
“U bir paytning o‘zida ham Papa, ham Sezar edi. Ammo Papa bo‘lib, unda Papaning iddaolari yo‘q edi. Sezar bo‘lib, unda Sezarning behisob lashkari ham yo‘q edi. Agar biron bir shaxs muntazam qo‘shinsiz, tansoqchilarsiz, saroylarsiz, davlat daromadisiz (soliqlarsiz), men Uning izni-ixtiyori bilan (nimani?) boshqardim, deya olsa, unda u Muhammad sollallohu alayhi vasallamdir. Chunki uning qo‘lida hech qanday boshqaruv vositalarisiz va asoslarisiz hokimiyat bor edi”. (Annay Bezant, hind olimi.)
“Alloh taoloning birligi va borligini Muso alayhissalom millatiga, Iso alayhissalom ummatiga, Muhammad sollallohu alayhi vasallam butun insoniyatga bildirdi”.( Napoleon, Fransiya imperatori.)
“Bashariyat Muhammad sollallohu alayhi vasallamdek insonning unga o‘ziga nisbat berilishidan faxrlanadi. O‘zining Ummiy (ya’ni o‘qish, yozishni bilmaydigan) bo‘lishiga qaramay, o‘n asrdan ko‘proq vaqt ilgari shariat (qonun chiqarish)ni olib kelishga imkon topdi. Biz, Yevropa ahli, agar uning yo‘lidan yursak, naqadar baxtli bo‘lar edik! (Doktor Shabrik. Avstriya.)
“Mashhur payg‘ambarlar va fotihlar orasida hayoti Hazrati Muhammad sollallohu alayhi vasallamning tarixidek eng ko‘p va barcha nuqtalarda batafsil o‘rganilgan shaxs yo‘q”. ( Jon Devenport, ingliz olimi.) “Bizlar ochlikdan qorniga tosh bog‘lagan Payg‘ambarning, to‘ymas, to‘yishni bilmaydigan ummatlarimiz. (N.K.Qisakurek, turk olimi.)
Kiritilgan vaqti: 27/12/2016 00:00; Ko‘rilganligi: 4879
Chop etilgan vaqti: 12/12/2024 09:27