O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Maqolalar

QURBONLIK HUKMLARI

 
 

Alloh taoloning bandalariga ato etgan ne’matlari cheksiz va behisobdir. Mazkur beadad ne’matlardan biri esa o‘z bandalariga savob zaxiralarini boyitib olishlari uchun taqdim etgan o‘ziga xos ezgulik va yaxshilik mavsumlaridir. Haq taolo O‘zining ilmi azaliysida inson zotining zaifligi, gunohlar changaliga tushib qolishga moyilligini bilgan, ularga gunohlari o‘chirilib, ajru savoblarining qat-qat orttirib berilishiga sabab bo‘ladigan maxsus mavsumlar in’om etdi. Ana shunday ezgulik mavsumlaridan biri zulhijja oyining avvalgi o‘n kunligi hamda unda amalga oshiriladigan qurbonlik amalidir. Qurbon hayiti ma’nosini beruvchi “iydu-l-azho” so‘zi bejizga bunday nomlanmagan. Zero, haj amallarining asosi bajariladigan bu kunlardagi eng asosiy ish Alloh taolo uchun shukrona tarzida jonliq so‘ymoqdir. Shuning uchun ham bu bayram bizning tilda “qurbon hayiti” deb ataladi.

Alloh taolo roziligi uchun va Uning behisob ne’matlariga shukronalik hissining ramzi o‘laroq qon chiqarish dinimiz Islom ta’limotida buyuk amallardan sanaladi. Bu – qalbdagi taqvodan, iymon nuridan dalolatdir. Alloh taolo marhamat qiladi: «Uning (qurbonlikning) na go‘shti va na qoni Allohga yetib borur! Balki, (shu ish orqali) sizlardan paydo bo‘lgan taqvogina Unga yetur» (Haj surasi, 37-oyat). Shuningdek, qurbonlik Allohning shiorlarini, U joriy etgan diniy marosimlarni ulug‘lash, hurmatlash demakdir. «(Ish) shudir! Kimki Allohning marosimlarini ulug‘lar (hurmatlar) ekan, bas, albatta bu (hurmat) qalblardagi taqvo tufaylidandir» (Haj surasi, 32-oyat).

Alloh taolo uchun jonliq so‘yish nihoyatda fazilatli va savobli amallardan ekanligiga quyidagi hadisi sharif ham dalolat qiladi. Oisha onamiz raziyallohu anhodan rivoyat: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam marhamat qilib dedilar: «Odam bolasi Nahr kunida qon chiqarishdan ham ko‘ra Allohga mahbubroq bo‘lgan biron amalni qilmaydi. (Alloh taolo uchun so‘yilgan) jonliq qiyomat kunida shoxlari, yunglari va tuyoqlari bilan keladi. Qasamki, uning qoni hali yerga to‘kilmasdan burun Alloh huzuridagi yuksak maqomga tushadi (ya’ni hali uning qoni yerga tushmasdan bu amalning savobi Alloh huzurida yuksak o‘ringa yozib qo‘yiladi, vallohu a’lam). Bas, qilayotgan qurbonligingiz bilan shodlaning. Dimog‘ingiz chog‘ bo‘lsin!» (Termiziy rivoyati).

Qurbonlik qilish Ibrohim alayhissalom sunnatlarini tiriltirish hamdir. Tarixdan va Qur’oni karim va hadisi shariflardan ma’lumki, Alloh taolo O‘zining xalili bo‘lmish Ibrohim alayhissalomdan o‘g‘li Ismoilni qurbonlik qilishni talab qiladi. Ibrohim va Ismoil alayhimassalomlar Allohning irodasiga butkul bo‘ysunib, Uning buyrug‘ini amalga oshirishga kirishgan paytlarida Alloh taolo Ibrohimni to‘xtatib, Ismoilning o‘rniga jannatdan tushirilgan bir qo‘yni qurbon qilishga buyuradi. Alloh taolo o‘zining azaliy ilmida Ibrohim va Ismoillarning nechog‘li buyuk iymon sohibi ekanliklarini bilardi, ammo, O‘zining cheksiz hikmatiga muvofiq, ularning iymon va islomlarini tashqi olamda ham zohir qilishni xohladi. Ota-bola payg‘ambarlar o‘zlarining mislsiz itoatlarini ko‘rsatishgach, Alloh taolo ularni mukofotladi. Ularni qiyomatga qadar ulug‘lanadigan, tillarda doston bo‘ladigan buyuk zotlardan qildi.

Yuqoridagi fazilatlardan tashqari qurbonlik qilishda kishining o‘zi va oila a’zolariga bayram kunida kengchilik yaratish, nochor musulmonlar orasida rahm shafqat va muhabbat urug‘larini ekish, qalblarga surur va shodlik olib kirish kabi bir qator ezgu ishlar mujassamdir.

“Qurbonlik” arabcha “uzhiyya” so‘zining o‘zbekcha varianti hisoblanadi. “Uzhiyya”ning lug‘aviy ma’nosi haqida “u – qurbonlik qilinadigan hayvonning nomi”, deya ta’rif berganlar. Qurbonlikning shar’iy mohiyati haqida esa ulamolar bir-biriga yaqin ma’noda ko‘plab ta’riflar berganlar. Jumladan, fiqhiy kitoblarda “(Qurbonlik) maxsus jonivorni maxsus vaqtda so‘ymoq, u vaqt esa azho kunidir” (“al-’inoya sharhu-l-hidoya”: 9/505), “(qurbonlik) shar’an: maxsus hayvonni maxsus vaqtda qurbat niyati bilan so‘ymoqdir” (Haskafiy: “ad-durr al-muxtor”), degan ta’riflar keladi.

Hanafiy mazhabiga ko‘ra moli nisobga yetgan, muqim (ya’ni safarda bo‘lmagan), musulmon odam uchun qurbonlik qilish vojib hisoblanadi. Qur’oni karimda Alloh taolo Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallamni va U kishi orqali butun musulmon ummatini shu ishga buyurgan: “Bas, Rabbing uchun namoz o‘qi va jonliq so‘y!” (Kavsar surasi, 2-oyat). Mashhur tobeinlardan Qatoda, Ato va Ikrima rahmatullohi alayhimlar oyatdagi “namoz o‘qi” iborasini “hayit namozini o‘qi” deya izohlaganlar. Shunga ko‘ra, hojilar va boshqa qurbonlik qiluvchilar hayit namozi o‘talgandan so‘ng jonliqlarini so‘yadilar. Hadisi shariflardan esa Abu Hurayra raziyallohu anhudan rivoyat qilingan quyidagi hadis dalildir. “Kimki, imkoni bo‘laturib qurbonlik qilmasa, bas, bizning namozgohimizga yaqinlashmasin” (Imom Ahmad, Ibn Moja va Hokim rivoyatlari).

Qurbonlik uchun chorva hayvonlari so‘yiladi. Ular: tuya, sigir va qo‘ydir. Bunda ularning erkak va urg‘ochi jinslari tushuniladi. Qo‘y deganda echkilar ham nazarda tutiladi. Demak, tuya, sigir, qo‘y va echkilar qurbonlikka yaroqli hayvonlar hisoblanadi. Shuningdek, buqalarning buyvol deb ataluvchi ayrim turlari ham qurbonlik qilinishi joiz.

Qurbonlik qilinuvchi hayvonning shar’an e’tiborli bo‘lgan yoshga kirgan bo‘lishi shartdir. Jobir raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday deganlar: «Faqat musinnani so‘yinglar. Illo, agar bu ish sizlarga qiyin kelsa, qo‘ydan jaza’ bo‘lganini so‘ysangiz ham bo‘laveradi» (Muslim rivoyatlari). «Musinna» deb tuya, mol, qo‘y va echkilardan «saniy» yoshiga to‘lganlariga aytiladi.

Yuqoridagi hadisga binoan, tuya, sigir va echkidan faqat «saniy» va undan yuqori yoshda bo‘lganlarigina qurbonlikka yaroqli hisoblanadi. Qo‘ydan esa «jaza’» va undan yuqorisi qurbonlikka o‘tadi. Demak, tuyaning «saniy»si deb tug‘ilganiga besh yil to‘lgani aytiladi. Sigir va buqaning «saniy»si esa tug‘ilganiga ikki yil to‘lgani bo‘ladi. Qo‘y va echki esa bir yilda «saniy» bo‘ladi. Qo‘ydan «jaza’» bo‘lgani tug‘ilganiga olti oy to‘lib, yettinchi oy ketganidir. Shunga ko‘ra, tuya (qamariy yil bo‘yicha) besh yoshga kirgan bo‘lishi, sigir va buqalar ikki yoshga to‘lgan bo‘lishi, qo‘y esa kamida olti oylik bo‘lgan bo‘lishi talab etiladi.

Jonliq qurbonlikning durust bo‘lishiga mone’lik qiluvchi ayblardan salomat bo‘lishi kerak. Modomiki, qurbonlik Alloh taologa yaqinlik hosil qilish maqsadida amalga oshiriladigan ish deb e’tibor qilinar ekan, bu ish uchun eng yaxshi, eng sara, semiz, sog‘lom va aybu nuqsonlardan xoli bo‘lgan jonivorni tanlab olish maqsadga muvofiqdir. Shuningdek, qurbonlik uchun so‘yiladigan jonivor albatta halolu pokiza moldan bo‘lishi kerak. Zero, Alloh taolo xush va pokizadir, faqat xush va pokiza narsalarnigina qabul qilgay.

Baro ibn Ozib raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Nabiy sollallohu alayhi vasallam shunday dedilar: «To‘rt xil jonivor qurbonlikka yaramaydi:

1. Shapko‘rligi bilinib turgan darajadagi shapko‘r jonivor.

2. Kasalligi bilinib turadigan darajadagi kasal jonivor.

3. Oqsoqligi bilinib turadigan darajadagi oqsoq jonivor.

4. Oyoqda turolmaydigan darajadagi behol-madorsiz jonivor» (Sunan sohiblari rivoyat qilishgan). Hadisdagi oxirgi jumla ma’no e’tiboriga ko‘ra tarjima qilingan bo‘lib, aslida “suyaklarida ilik bitmagan ozg‘in jonivor” ma’nosiga dalolat qiladigan so‘z ishlatilgan. Demak, shunchaki, ozg‘in emas balki oyoq suyaklarida iligi bo‘lmagan darajada ozib ketgan jonivorni qurbonlik qilib bo‘lmaydi. Bunday jonivor nihoyatda madorsiz bo‘ladi.

Yuqoridagi hadis qurbonlikka putur yetkazuvchi ayb-nuqsonlarni bilishda asos kabidir. Yuqoridagi hadisga binoan va qiyosan ulamolar quyidagi sifatga ega bo‘lgan jonivorlarning qurbonlikka yaramasligini aytadilar.

1. Shapko‘r jonivor.

2. Ko‘zi ko‘r jonivor.

3. Oqsoqligi bilinib turadigan darajada oqsoq jonivor.

4. Bir oyog‘i kesilgan jonivor.

5. Kasalligi ko‘rinib turgan kasal jonivor.

6. Oyoqda turolmaydigan darajada qiltomoq bo‘lib qolgan, majolsiz jonivor.

7. Qulog‘ining hammasi yoki bir qismi kesilgan jonivor.

8. Shohi kesib yoki sug‘urib olingan jonivor. Ammo o‘zi shohsiz tug‘ilgan bo‘lsa, qurbonlikka yaraydi.

9. Burni kesib olingan jonivor.

10. Dumi kesib tashlangan jonivor. Ammo o‘zi dumsiz yaratilgan bo‘lsa, uni qurbonlik qilish joiz, garchi ayrim ulamolar buni nojoiz sanagan bo‘lsalar ham.

11. Dumbasi kesib olingan jonivor.

Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, qurbonlikka so‘yiladigan jonivor o‘ziga ozor yetkazadigan, semirib yog‘ boylashiga mone’lik qiladigan va bahosini tushiradigan barcha ayb-nuqson va kasalliklardan xoli bo‘lishi kerak. Salafi solihlardan naql qilinganki, ular qurbonlikka so‘yiladigan jonivorning har qanday kattayu-kichik ayblardan xoli bo‘lganini tanlar edilar. Agar jonivorda bironta arzimas ayb topilsa ham, uni qurbonlik qilishni karih ko‘rardilar.

Qurbonlik so‘yishning birinchi vaqti hayit namozi bilan xutba o‘qilgandan so‘ng boshlanadi va hayitning uchinchi kuni quyosh botganda tugaydi. Boshqacharoq ibora bilan aytilsa, qurbonlik uch kun davomida so‘yiladi: qurbon hayiti kuni va uning keyinidan keluvchi tashriq kunlarining ilk ikki kunida. Biroq eng afzali qurbonlikning hayit namozi o‘qib bo‘linishi bilan amalga oshirilishidir. Hayit namozidan avval yoki qurbonlikning oxirgi vaqtidan keyin so‘yilgan jonliq shar’iy qurbonlikka o‘tmaydi. Bunga yuqorida aytib o‘tilgan mana bu hadis dalolat qiladi. Baro raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qurbonlik kuni hayit namozidan so‘ng bizlarga va’z qila turib shunday dedilar: «Bugungi kunimizda birinchi bo‘lib qiladigan amalimiz(hayit) namozni o‘qishimiz, so‘ngra (uyga) qaytib jonliq so‘yishimizdir. Kimki shunday qilsa, uning ishi sunnatga muvofiq kelibdi. Kimki namozdan avval so‘ygan bo‘lsa, u bor-yo‘g‘i oilasiga taqdim qilgan go‘shtdir, xolos. Bu kunning marosimidan (ya’ni qurbonlikdan) emas».

Imom Abu Hanifa (rahmatullohi alayh) nazdida qurbonlik vaqti hayit namozi o‘qilmaydigan chekka va qishloq joylar aholisi uchun quyosh chiqqandan keyin kiradi. (Ya’ni, ular bomdoddan so‘ng bir muddat o‘tib, quyosh chiqqandan keyin so‘yaversalar bo‘ladi). Ammo, hayit namozi o‘qiladigan shahar joylarda esa hayit namozi va xutbasi o‘qilgandan keyingina qurbonlik vaqti kiradi. Ungacha so‘yilgan jonliq qurbonlikka o‘tmaydi.

Tuya va sigirni qurbonlik qilishda yetti kishi ishtirok etishi joiz. Ya’ni, masalan, yetti kishi teng pul tashlab tuya yoki sigir sotib olishadi va uni o‘z nomlaridan so‘yishadi. Shunda hammalari qurbonlik qilgan bo‘ladilar. Jobir raziyallohu anhudan rivoyat: «Biz Hudaybiya yilida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan birgalikda qurbonlik qildik. Shunda tuyani yetti kishidan, sigirni ham yetti kishidan qurbonlik qildik» (Imom Muslim rivoyati). Huzayfa raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam hajjatul-vadodagi qurbonlikda sigirga yetti kishini sherik qilib so‘ydirdilar» (Imom Ahmad rivoyati). Ammo qo‘y va echkilarda esa sherikchilik mumkin emas. Bitta qo‘yni faqat bir kishi so‘yishi mumkin.

Inson o‘zi amalga oshirgan qurbonligidan yeyishi joiz. Hanafiy (shuningdek hanbaliy) mazhabi ulamolarning so‘zlariga ko‘ra, qurbonlikning go‘shti uch qismga bo‘linadi. Uchdan biridan uning sohibi yeydi, yana uchdan birini faqir-miskinlarga sadaqa sifatida ulashadi, qolgan uchdan birini esa qarindosh-urug‘, yor-birodarlarga hadya qiladi. Biroq, agar qurbonlik egasi qurbonlikning uchdan biridan ko‘proq miqdorda iste’mol qilsa, bu ham joizdir. Agar qurbonlik qiluvchi odamning bolachaqasi ko‘p, o‘zi esa qo‘li kaltaroq bo‘lsa, oila a’zolariga kengchilik yuzasidan uni sadaqa qilmaslik, balki uyida qoldirish afzal hisoblanadi.

Qurbonlik toat bo‘lganligi uchun uni insonning o‘zi so‘ymog‘i afzal hisoblanadi. Lekin, bu ish qo‘lidan kelmasa, birovni o‘zidan vakil qilib, so‘ydirishi mumkin. Bu holatda hech bo‘lmaganda o‘sha qurbonligi so‘yilayotgan mahalda uning tepasida turib, guvoh bo‘lishi maqsadga muvofiqdir.

Alloh taolo qurbonliklaringizni O‘z huzurida husni qabul etsin, bayramlaringiz muborak bo‘lsin!


Kiritilgan vaqti: 10/09/2016 00:00;   Ko‘rilganligi: 3790
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/qurbonlik-hukmlari
Chop etilgan vaqti: 01/12/2024 22:15
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing