O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Maqolalar

Porloq kelajak uchun barchamiz mas’ulmiz!

 
 

Xalq orasida “Kelajak bugundan boshlanadi”, degan gap bor. Shu ma’noda har birimizning bugungi kundagi yaxshi ishlarimiz kelajagimizni porloq bo‘lishligi uchun asosiy vosita hisoblanadi. Shuning uchun ham shu yurtda yashovchi har birimiz bugungi kunni hamda har bir kunni g‘animat bilib Vatan taraqqiyoti va porloq kelajagi uchun o‘z hissamizni qo‘shishda mas’ulmiz.

Darhaqiqat, dinimiz ham insonlarni yaxshi ishlarni qilishga chorlovchi dindir. Zero, Qur’oni karimda Alloh taolo bandalarini xayrli ishlarni qilishga buyurib shunday deydi: “... Bas, xayrli (savobli) ishlarda (bir biringizdan) o‘zishga oshiqingiz!....” (Moida surasi, 48-oyat).

Shuningdek, dinimizda insonlarga manfaat yetkazuvchi kishi Alloh taolo uchun eng suyukli bandalari qatorida bo‘lishligi xaqida Payg‘ambarimiz alayhissalomning hadislarida ham zikr qilingan.

Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Alloh taologa insonlarning eng suyuklisi – odamlarga eng ko‘p manfaat keltiruvchisidir”, - dedilar. Imom Tobaroniy rivoyat qilgan.

Ajdodlarimiz ham “Xalqqa xizmat – oliy himmat” deb bejiz aytmaganlar. Bu borada hukumatimiz rahbari muhtaram Prezidentimiz Sh.Mirziyoev bugungi kunda el manfaatini barcha narsadan ustun qo‘yib, xalqning og‘irini yengil qilish uchun tinmay harakat qilmoqda va 2017 yilni “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” deb e’lon qildi. Shundan kelib chiqgan holda mas’ul tashkilot rahbarlari xalq bilan doimiy muloqotda bo‘lib, xalqni qiynayotgan muammolarini hal etish zarurligini ta’kidladi. Bundan tashqari amalga oshirilishi lozim bo‘lgan bir qator muhim islohotlar haqida so‘z yuritdi. Albatta, bu rejalashtirilgan ishlar aholi hayotining yanada farovon bo‘lishiga va yurtimizning bundan-da ravnaq topishiga xizmat qiladi.

Vatanimiz kelajagi porloq bo‘lishi uchun, avvalo, yurt tinch, xalq farovon bo‘lishi lozim. Ana shu maqsadlarga erishish uchun esa yurtimizda yashayotgan kishilar ham jismoniy, ham ma’naviy tomondan yetuk bo‘lishlari, ular qaysi millat yoki elatga mansub bo‘lmasin, barchamiz uchun yagona bo‘lgan ona Vatanimiz taraqiyoti yo‘lida birlashishi, hamkoru – hamnafas bo‘lib yashashi kerak. Bunday intilish hamda qarashlarni farzandlarimizning yoshligidan boshlab ularning qalbi va ongiga singdirish alohida ahamiyat kasb etadi. Chunki, yurtimiz aholisining 64 foizini yoshlar tashkil qiladi. Farzandlarini ilmu-ma’rifatga qiziqtirib Vataniga sodiq qilib o‘stirish ota-onalarning zimmasidagi muhim vazifalardan sanaladi. Shuning uchun ota-onalardan farzandlarini Vataniga manfaat keltiradigan va Vatan taraqqiyoti uchun o‘z hissasini qo‘shadigan vatanparvar qilib tarbiya berishlari talab etiladi.

Ma’lumki, bugungi kunda hukumatimiz tomonidan yoshlarimizni zamonaviy talablar darajasida bilim olish, kasb-hunarlar, xorijiy tillarni puxta egallashga e’tibor qaratilmoqda. Yurtimizda yoshlarnig zamonaviy bilim va tafakkur egalari bo‘lib voyaga yetishlari uchun barcha sharoitlar yaratilmoqda. Bunday e’tibor va g‘amxo‘rlikka javoban yoshlarimiz bilim va hunarlarni hamda ona tilimiz bilan birga xorijiy tillarni ham puxta egallab, kelgusida bor kuch g‘ayratlarini barchamiz uchun muqaddas bo‘lgan Vatanimiz ravnaqi uchun sarflashlari maqsadga muvofiq bo‘ladi.

Demak, mana shu yurtning havosidan nafas olib yashayotgan har bir kishi kim bo‘lishidan va qaysi kasb egasi bo‘lishidan qat’iy nazar Vatan taraqqiyoti uchun o‘z hissasini qo‘shishi zarur va muhimdir.

Shuningdek, diniy sohada faoliyat olib borayotgan biz imom-xatiblar ham mahalla, maktab va kollejlarda bo‘ladigan tadbirlarda faol ishtirok etishimiz va doim halq bilan birga muloqotda bo‘lib porloq kelajak uchun qayg‘urishimiz bugunning talabidir.

Xullas, porloq kelajak haqida so‘z ketar ekan, shubhasiz, muhtaram Prezidentimiz Sh.Mirziyoev barchamizga o‘rnak bo‘lmoqda. Davlatimiz rahbari viloyatlarga tashrifi vaqtida xonadonlarga kirib, halq bilan muloqotda bo‘lmoqda. Bularning barchasi porloq kelajak va xalqning farovon yashashi uchun bo‘lgan g‘amxo‘rlikdir.

Bas, shunday ekan, muhtaram Prezidentimiz atrofida barchamiz birlashib Vatan ravnaqi yo‘lida o‘z hissamizni qo‘shishimiz lozim. Zero, “O‘zbekiston – kelajagi buyuk davlatdir!”.

Yo Alloh! Ona Vatanimizni turli ofatlardan, balolardan O‘zing asra! Tinchligini va mustaqilligini bardavom qil! Yurtimiz kelajagi porloq bo‘lishligini muyassar et!


Kiritilgan vaqti: 24/03/2017 00:00;   Ko‘rilganligi: 9278
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/porloq-kelajak-uchun-barchamiz-masulmiz
Chop etilgan vaqti: 23/04/2024 12:14
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing