OYLARNING SULTONI RAMAZON MUBORAK!
“Ey iymon keltirganlar! Sizlardan oldingi (ummat)larga farz qilingani kabi sizlarga ham ro‘za tutish farz qilindi, shoyad (u sababli) taqvoli bo‘lsangiz” (Baqara, 183).
Bugun butun musulmon olamida, jumladan yurtimizda ham o‘n ikki oyning sultoni Ramazoni sharif o‘zining fayzi va barakoti ila mehmon bo‘lib turibdi. Ramazon yer va osmonlar ziynatlanadigan, qalblarni yumshatib go‘zallashtiradigan bir oy. Jannat eshiklari ochilib, jahannam eshiklari berkitilgan hamda savoblar behisob beriladigan oydir.
Payg‘ambar (a.s) shunday marhamat qiladilar: “Agar insonlar Ramazon oyidagi mukofotlar, savoblar, ne’matlar va rahmatlar ko‘pligini bilsalar edi, Ramazonning yil bo‘yi davom etishini xohllagan bo‘lar edilar”.
Hadisi qudsiyda esa Alloh taolo marhamat qilib: “Ro‘za men uchundir va uning mukofotini O‘zim beraman” deydi. Mo‘min kishi uchun yaratan Robbisini rozi etib, Undan mukofot olishdan ko‘ra oliy saodat bo‘lmasa kerak.
Ramazon ro‘zasining mukofoti jannatdir. Ro‘zadorlar Allohning marhamati bilan jannatning Rayyon nomli eshigidan jannatga kiradilar.
Bu oyning so‘nggi o‘n kunligida “Qadr kechasi” bo‘lib, Alloh taolo bu kechaning fazlini ming oyga tenglashtirdi, ya’ni “Qadr kechasi”da qilingan ibodatning savobi ming oy davomida qilingan ibodatdan afzal, deb xabar beradi. Bu kecha oyati karimda qo‘yidagi mazmunda bayon etiladi: “ Qadr kechasi” ming oydan yaxshiroqdir. U kechada farishtalar va ruh (Jabroil Parvardigorlarining izni bilan yil davomida qilinadigan) barcha ishlar (rejasi) bilan (erga) tusharlar. U (kecha) to tong otguncha salomatlikdir”. Yuqoridagi oyat bashoratlarga qaraganda “Qadr kechasi”da kelgusi yilning shu kechasiga qadar yuz beradigan barcha ishlar o‘lchab, hisoblanib qo‘yilar ekan. Ilohiy kitob – Qur’oni Karim ham Ramazon oyining “Laylatul Qadr” kechasida Lavhul – mahfuzdan birinchi osmonga to‘la-to‘kis tushirilgan. Islomshunos olimlarning aytishlaricha “Tavrot” Muso (a.s.) payg‘ambarga Ramazon oyining oltinchi kuni nozil etilgan. Shuningdek Iso (a.s.)ga “Injil” hamda Ibrohim (a.s.) ilohiy (sahifalar) ham shu muborak oyda nozil qilingan.
Qadr kechasining odobi g‘usl-yuvinish, toza-ozoda kiyimlarni kiyib, Qadr kechasini bedorlikda, ibodatda oilasi, mahalla, qavm-qarindoshlar bilan yurtdoshlar hamda yurtimiz haqiga duoi xayrlar qilish. Payg‘ambarimiz (a.s.) hadislarida “Kimki, “Laylatul-Qadr” kechasida chin ixlos va iymon bilan Alloh uchun bedor bo‘lsa, o‘tgan jamiki gunohlardan mag‘firat qilinur”, deb marhamat qilganlar.
Ramazon oyi so‘nggida ulug‘ amallardan biri – fitr sadaqasidir. Fitr Ramazon oyi oxirida kundalik ehtiyojdan ortiq moli bor kishi berishi vojib bo‘lgan sadaqadir. Fitr sadaqasi tutgan ro‘zalarimizdagi xatolar hamda beva-bechora, yetim, kambag‘allarning qalbiga xursandchilik ulashish, kishilar orasida mehr-oqitni yoyishdir. Shuningdek, saxovatpesha kishilarimiz Allohning ularga bergan ne’matlaridan xayr-ehson qilishlari, muhtoj odamlarga, faqir-miskinlarga yordam qo‘lini cho‘zmoqlari darkor. Yurtboshimiz ta’kidlaganlaridek, “Savob ishni har kim, har kuni qilish kerak”. Zero, Islom dini kishilarni dini, millatidan qat’iy nazar bir-birlarini o‘zaro izzat-hurmat, yaxshilik qilishga undaydi. Niso surasida “Allohga ibodat qiling va unga hech narsani sherik qilmang! Ota-onalarga, shuningdek, qarindoshlar, yetimlar, miskinlar, qarindosh qo‘shni-yu, begona, yoningizdagi hamroxingiz, yo‘lovchi (musofir) ga va qo‘l ostingizdagilarga ham yaxshilik qiling” (36-oyat) deyilgan.
Shubhasiz Ramazon oyining so‘nggida qutlug‘ Ramazon hayiti bayrami bordir. Iyd – arabda so‘z bo‘lib, u “qaytish, ziyorat qilish” ma’nolarini anglatadi. Buning sababi bu kunlar har yili qayta-qayta kelgani va o‘zi bilan birgalikda juda ko‘p xursandchilik, surur va shodlik keltirgani uchun ham “Iyd” deb aytilgan. Endilikda bu so‘z bayram, shod-xurramlik kunlarini bildiradi. Bu faraxbaxsh kunlarda guruh-guruh bo‘lib fotihaga borish, bayramni azaga aylantirish nojoiz amaldir.
Hayit kunining odobi – hayit nomozidan ilgari cho‘milib – poklanib, toza kiyinish, xushbuy atirlardan foydalanish, ozgina shirinlik iste’mol qilib hayit nomozini ado etish. So‘ngra albatta turli hadyalar bilan avvalo, ota-onani ziyorat qilish, bolalarga shirinliklar ulashib, yoru-do‘st, qarindoshlarni yo‘qlash, arazlarni unutib ginador bilan yarashish. Ayollarimiz esa hayit arafasidan boshlab hovli – uy, ko‘chalarni ozoda tutmoqlari, hayit kuni bayram dasturxonini chiroyli bezamoqlari mustahabdir.
Yaqinlashayotgan ulug‘ ayyom kunlari yurtdoshlarimiz, tabarruk bobo-momolarimiz, barcha xalqimizga tinchlik va osoyishtalik bo‘lishini, xalqimiz farovonligini bundanda ziyoda etishini Alloh taolodan so‘rab qolamiz.
Kiritilgan vaqti: 16/06/2016 00:00; Ko‘rilganligi: 2895
Chop etilgan vaqti: 01/12/2024 22:33