O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Maqolalar

ONANI E’ZOZOLASH

 
 

Abu Hurayradan rivoyat qilinadi:

«Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Bola ota-onasiga har qancha yaxshilik qilsa ham, ularning yaxshiligini qaytara olmaydi. Faqat, uni qul holida topsa-yu, sotib olib, ozod qilsa, bundan mustasno», dedilar».

Sharh: Ota-onaning farzand uchun qilgan mehnatlarini mukofotlash, ularning haqqini ado qilish juda qiyin ishligini ushbu hadisi sharifdan bilib olamiz. Farzand bu dunyoda har qancha urinsa ham, bu ishni bajarib oxiriga yetkaza olishi qiyin. Mabodo, ota yoki ona birovning qo‘lida qul yoki cho‘ri bo‘lib turgan bo‘lsa-yu, farzand ularni egasidan sotib olib qullikdan ozod qilsagina, mazkur haqqni ado qildi, deyilsa, joiz ekan. Biroq, hozirgi kunimizda qulchilik yo‘qligini inobatga oladigan bo‘lsak, farzand malollanmay har doim ota-onasining ko‘nglini xushnud qilishi lozimdir.

Abu Burdadan rivoyat qilinadi:

«Otamning quyidagilarni aytayotganini eshitdim, u kishi Ibn Umarni ko‘rgan ekanlar. Yamanlik bir odam orqasiga onasini ko‘tarib olib, Baytullohni tavof qilayotgan ekan. U:«Men onamning mingan yuvosh tuyasiman. Ulovlari charchasa ham, men charchamasman», degan she’rni aytar edi. So‘ngra u: «Ey, Ibn Umar! Onamning haqqini ado qildimmi?», dedi. «Yo‘q! Bir marta ohining haqqini ham», dedi. Keyin Ibn Umar tavof qildi. Maqomga borib, ikki rak’at namoz o‘qidi-da, so‘ngra: «Ey, Ibn Abu Muso! Har ikki rak’at o‘zidan oldin o‘tganning kafforoti bo‘ladi», dedilar».

Sharh: O‘ylab ko‘radigan bo‘lsak, yura olmaydigan onani Yamandan Makkaga olib kelishning o‘zi bo‘lmaydi. Uni ko‘tarib olib tavof qildirish ham oson emas. Ushbu rivoyat qahramoni bo‘lmish farzand onasini Yamandan olib kelib, orqasida ko‘tarib Baytullohni tavof qildirish bilan onasining undagi haqqini ado etgan deb o‘ylagan edi. U o‘z fikrini katta olim sahobiy Abdulloh ibn Umarga tasdiqlatib olish uchun u kishiga: «Ey, Ibn Umar! Onamning haqqini ado qildimmi?» deb savol berdi. Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhu gapni aylantirib o‘tirmay, lo‘ndasini aytib qo‘ya qoldi: «Yo‘q! Bir marta ohining haqqini ham», dedi.

Onaning bir marta emizishi shunchalar qimmatga ega bo‘lsa, hamma emizishlarining qimmati va qadri, haqqi va hurmati qanchalar bo‘lishini har kishi o‘zi bilib olaversa bo‘ladi. Onaning emizishdan boshqa xizmatlari ham ko‘pligini hamma biladi. Demak, farzand onaning haqqini to‘la ado etishi amrimahol. Shuning uchun, xayolni turli hisoblarga burmasdan, ona roziligi uchun butun borlig‘ini ishga solsin.

Uqaylning mavlosi Abu Murradan rivoyat qilinadi:

«Abu Hurayrani Marvon o‘z o‘rniga qo‘yib ketar edi. Uning uyi Zulhulayfada edi. Onasi bir uyda, u bir uyda yashar edi. U uyidan chiqmoqchi bo‘lsa, onasining eshigi oldiga borib:

«Assalomu alaykum, onajon! Va rohmatullohi va barokatuhu!» der edi. Onasi ham:

«Va alayka, o‘g‘ilginam! Va rohmatullohi va barokatuhu!» der edi.

«Kichikligimda tarbiyalaganingiz uchun sizga Allohning rahmati bo‘lsin!» der edi.

«Kattaligimda yaxshilik qilganing uchun senga ham Allohning rahmati bo‘lsin!» der edi onasi.

Keyin uyga kirmoqchi bo‘lsa ham shunday qilar edi».

Sharh: Madiynaning hokimi bo‘lgan Marvon ibn Hakam degan amir biror yoqqa ketsa, o‘zining o‘rniga Abu Hurayra roziyallohu anhuni qo‘yib ketar edi. Mana shu holatning o‘zi ham Islom olamida Abu Hurayra roziyallohu anhuning tutgan o‘rinlari qanchalar ulug‘ ekanini yaqqol ko‘rsatib turadi. Endi o‘sha ulug‘ sahobiy, katta obro‘ sohibi, amirlar uning oldida ta’zim qiladigan zot onasining oldida o‘zini qanday tutishini ko‘rib qo‘ying! Uyidan har chiqishida onasining ostonasiga bosh urib, salom berib, tashakkur aytib, ijozat so‘rab, ko‘chaga chiqar edi. Uyiga har kirishida onasining ostonasiga bosh urib, salom berib, tashakkur aytib, ijozat so‘rab ko‘chadan kelganining xabarini berar edi. Abu Hurayra roziyallohu anhuning bu go‘zal ishi asrlar osha ko‘plab musulmon farzandlarning odatiga aylangani faxrimiz boisidir. Bu ishni faqat musulmon farzandlar, madrasai Muhammadiyaning talabalari qilishi mumkin, xolos.

Abdulloh ibn Amrdan rivoyat qilinadi:

«Bir odam Nabiy sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kelib, hijrat uchun bay’at qilmoqchi bo‘ldi. U ota-onasini yig‘lagan holda qoldirib kelgan edi. Ul zot: «Ota-onang huzurlariga qaytgin, ularni qanday yig‘latgan bo‘lsang, xuddi shunday qilib kuldirgin», dedilar».

Sharh: Demak, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ota-onaning roziligini topish, ularni xursand qilishni vaqti kelganda hatto hijratdan ham ustun qo‘ygan ekanlar. Ota-onaning haqqini Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qanday ulug‘laganlariga bir nazar soling. O‘zlariga hijrat uchun bay’at qilgani kelgan muxlis kishiga, ota-onangning huzuriga borib, ularni kuldir, demoqdalar.

Ba’zi holatlarda yoshlar diniy amallarga qiziqib, ota-onalarning haqqlarini ortga surish holatlariga yo‘l qo‘yishlari mumkin. Bunday paytlarda ilm sohiblari darhol ularga nasihat qilib, ishni to‘g‘ri yo‘lga burishlari kerak ekan.

Alloh taolo barchamizni onalarini hurmatlaydigan, xizmatlarini qilib, mehribonchiliklar ko‘rsatib duolarini oladigan va shu bilan o‘zimizga jannatni vojib qilib oladigan solih bandalaridan qilsin, vafot etib ketganlari ortidan duoi xayrlar qilib, ularga Allohdan rahmat va mag‘firat tilashimizni nasib aylasin, omin yo Robbal olamiyn!

Zayniddin ESHONQULOV

O‘zbekiston musulmonlari idorasi

Samarqand viloyati vakili o‘rinbosari


Kiritilgan vaqti: 14/01/2016 00:00;   Ko‘rilganligi: 3016
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/onani-ezozolash
Chop etilgan vaqti: 23/04/2024 15:53
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing