O‘G‘LIMGA NASIHAT
O‘g‘lim sen ulg‘ayib qolding. Mustaqil hayot boshqarish ostonasida turibsan, minglab yigitlar orzusi bo‘lgan kuyovlik choponini kiyib, belbog‘ini bog‘lash arafasidasan. Nasihatimga quloq sol, bilgan odam kam xato qiladi, bilmagan ko‘p vaqt yo‘qotib, ko‘plab xatolarga yo‘l qo‘yadi.
Eng avvalo uylanmoqchi bo‘lgan qizga e’tibor qil, uning nasabini surishtir. Muhabbatli kelin mehr uyg‘otadi, pokiza nasab farzandlaring iqbolidir. Payg‘ambarimiz alayhissalom: “...Eriga muhabbat qiladigan va ko‘p tug‘adigan ayolga uylaninglar. Men boshqa ummatlarga sizlarning ko‘pligingizni ko‘z-ko‘z qiluvchiman...”, deganlar. (Abu Dovud, Nasaiy va Hokim rivoyat qilishgan)
Ikkinchisi, o‘g‘lim, oilani boshqarish uchun ilmli, kasbu-hunarli bo‘lgin. Ayollar qat’iyatli va oila ta’minotini to‘liq qilgan erkakni hamma vaqt, hamma zamonda hurmat qilishadi. Alloh taolo Qur’oni karimda shunday deydi: ya’ni: “Erkaklar xotinlar ustidan (oila boshlig‘i sifatida doimiy) qoim turuvchilardir. Sabab- Alloh ularning ayrimlari (erkaklar)ni ayrimlari (ayollar)dan (ba’zi xususiyatlarda) ortiq qilgani va (erkaklar o‘z oilasiga) o‘z mol-mulklaridan sarf qilib turishlaridir” (Niso surasi 34-oyat).
Uchinchisi, to‘yni qurbatinga yarasha, ixcham qil, xarajatlarni ko‘paytirib yuborma, boringni to‘yga sarflab, keyingi hayotingni zahirasiz qoldirma, o‘zingni azobga qo‘yma. Atrofga qara, to‘ydan keyin yillab qarz to‘laganlar ozmi oramizda. Birovning qilgan xatosini takrorlash nodonlikdan boshqa narsa emas.
To‘rtinchisi, oilali bo‘lish boshidan oxirigacha mas’uliyatdan iborat. O‘zbekona urfu-odatimizga ko‘ra oilani boshqarish, uni himoya qilish, moddiy taminlash erkakning buynida bo‘lgan vazifadir. Bularni bajarmaslik erkak uchun isnoddir.
Beshinchisi, kelin birovni aziz farzandi, seni bo‘lajak farzandlaring, zurriyodingning onasi va jufti haloling bo‘ladi. Urmaysan, haqorat qilmaysan, azob bermaysan. Ursang nozik xilqatga aziyat bergan bo‘lasan. Haqoratlasang uning ko‘ngli vayron bo‘ladi, bolalaring ozor topadi, oqibat o‘zing qiynalasan.
Oltinchisi, kelinni birinchi kelgan kunidan boshlab yashaydigan uyingga, oilangga xos va mos kilib tarbiyala.
Yettinchisi, onangni o‘ng qo‘lingda, xotiningni chap qo‘lingda tut. Ikkovini ham qadrla. Onang oq sut bergan bo‘lsa, ayoling shirin farzandlaring onasi, naslingni davom etirguvchidir. Oralarida ayollik tabiati sababidan gap-so‘z chiqadigan bo‘lsa, tarozining o‘rtasida tur, bir tarafga og‘ib ketma.
Sakkizinchisi, qadimdan shunaqa gap bor: zar pinhon, zan pinhon. Shunga amal qil, xotiningni bir o‘zini safarga yuborma nomahramdan rashk qilgin. Kiygan kiyimining shariat doirasida bo‘lishiga e’tibor ber, biror joyga boradigan bo‘lsa o‘zing olib bor, nazoratsiz qoldirma. Nega deganda u ayol, tabiatan zaif qilib yaratilgan, ojizadir. Hamma muammoyingni unga to‘kib-sochma, toqatidan ziyoda ishga undab qo‘ymagin tag‘in, molu-davlatingga sohiba qilma.
To‘qqizinchisi, ayolni o‘z hududiga erkin qo‘y. Uning hududi hovliyu uy-ro‘zg‘or ishlaridtr. Ayollarning ishlariga aralashish biror bir erkakka obru olib kelmagan.
O‘ninchisi, zimmangda ro‘zg‘or tebratish degan mas’liyating bor ekan, umr davomida ko‘p xolatlarga tushasan. Shuning uchun ro‘zg‘or ishida o‘rta hollikni ushla. Mo‘l-ko‘l qilib yuborsang ahling orzu-havasga oshufta bo‘lib qoladi, tug‘yon sari yuzlanadi. Juda qisib yuborsang ham noshukrlik qiladi. Turmush uchun kerak bo‘ladigan ehtiyojdan oshirib ham yuborma, kamaytirib ham qo‘yma.
O‘n birinchisi, ayolingdan o‘zing olib kelgan narsalardan ziyodasini talab qilma va lekin tozalik-ozodalikni, halolu-poklikni, qanoatu-itoatni, sabru-toqatni, xayoyu, imon-e’tiqodni doimo talab qilib turgin, bilmasa saboq ber.
O‘n ikkinchisi, zinhor ayoling qo‘liga qarab qolmagin. Xotiniga iqtisodiy muhtoj bo‘lib qolgan er erkaklik g‘ururini yuqotadi, oilada o‘rnini, hurmatini, salohiyatini qo‘ldan boy beradi, ko‘chada esa obro‘si kam bo‘lib, boshini egishiga sabab bo‘ladi.
O‘n uchunchisi, o‘zinga kiyim olsang xotiningga ham olib bergin, o‘zing taom yesang xotiningni ham taomlantir. U yoqtirgan, havasi kelgan noz-ne’matlardan xarid qilib keltirib qo‘y. Qo‘liga doimo kichik xarajatlar uchun pul berib qo‘ygin. Bilki nafaqai ahli oila farzdir.
O‘n turtinchisi, jufti haloling bilan oraliringdagi gapni tashqariga chiqarma. Eru-xotinning gapi faqat ikkalasiga tegishli. Kelishmovchilik chiqsa bor kuching bilan nizoni bartaraf qil, muammoni aniqla, yecholmasang ko‘pni ko‘rgan, diyonatli biror kishi bilan maslahat qil, xato o‘zingda bo‘lsa tan olib isloh et, kelinda bo‘lsa tushintirib nasihatga chaqir.
O‘n beshinchisi, oila rahbari ekaningni so‘z bilan emas, amal bilan isbotla. O‘zingni podshoh, ayolingni vazir singari tut. Oilang zoriqmasin, moddiy-ma’naviy ta’minotni sendan olsin. Ayolini og‘ir ishga buyurish erning ishi emas. Mardlik erkaklarni eng yaxshi fazilatidir.
O‘g‘lim bilki, oila muqaddas va azizdir. Uni mustahkam qilib, baxtli hayot kechirish, Allohning tavfiqidan so‘ng, o‘zingning qo‘lingda. Oila bilan hayoting bardavom bo‘ladi, o‘zing ming yil umr ko‘rmasangda, zurriyoding asrlar osha hayot kechiradi.
O‘g‘lim senga bergan hayot nasihatini o‘qib, tafakkur qil, manolarini angla. Oilaviy hayoting davomida nafi tegsa qalam tebratgan satrlar muallifining haqqiga duo qilishni unutmassan.
Kiritilgan vaqti: 24/10/2017 00:00; Ko‘rilganligi: 3528
Chop etilgan vaqti: 11/09/2024 19:14