O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Maqolalar

NAVRO‘Z MILLIY VA ANANAVIY BAYRAM

 
 

Qadim qadimdan xalqimizning ezgu maqsad va go‘zal qadriyatlarini, o‘zida mujassam qilib, qadim ajdodlarimizdan bizlarga meros sifatida o‘tib kelayotgan Navro‘zi olam yana yurtimizga kirib keldi. Hijriy-shamsiy taqvim bo‘yicha Quyoshning birinchi burjga va oyning o‘n ikki burjdan biri – Hamal kirishi bilan “Navro‘z”, “Yangi kun”, u bilan birga esa yangi yil va yangi fasl – bahor kirib keladi. Navro‘z va yangi yil kelishi bilanoq, fasllar kelinchagi deya ta’rif qilinadigan bahor nafasidan borliq tanasiga qayta jon kiradi. Muhtaram Yurtboshimizning farmonlari sharofati ila yurtimiz yana jonajon Navro‘zga bag‘ir ochdi. Asrlar osha ezgulik, nafosat va yasharish bayrami bo‘lib kelgan bu qadimiy bayram istiqlol yillarida yanada o‘zgacha tarovat kasb etmoqda. Mustaqillik yillarida mamlakatimizda yashayotgan turli millatlar tili va dinidan qat’iy nazar, barcha yurtdoshlarimiz Navro‘z bayramini sog‘inib kutadigan, umum xalq bayramiga aylantirishdi.

Sharqona yangi yilning boshlanishi, tabiat uyg‘onishining ramzi, asl milliy, eng ardoqli bayram bo‘lmish Navro‘z odamzotning tabiat bilan uyg‘un va hamohang bo‘lib yashashida, jamiyatimizda mehr-oqibat va hamjihatlik, insoniylik, bag‘rikenglik va bunyodkorlik, xayr-saxovat muhitini yanada mustahkamlash, yosh avlodimizni milliy an’analarimizga sadoqat va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida kamol toptirishdagi o‘rni va ta’siri tobora ortib bormoqda.

Navro‘z Sharq xalqlari orasida bir necha ming yillardan buyon yashab kelmoqda. Navro‘z biron bir sanani nishonlash uchungina bayram qilinadigan hodisa hisoblanmaydi. U tabiatning o‘zidan kelib chiqqan, kuni tun tenglashgandan so‘ng, endi kunlarning uzayishi, uzluksiz mehnat arafasidagi bayramdir.

Uzoq qishdan so‘ng ko‘kda quyoshning yuz ko‘rsatishi, qirda maysa-giyohlarning nish urib chiqishi xalqimiz uchun haqiqiy shodiyonaga aylanadi. Nega deganda, o‘tgan yilgi yig‘ilgan g‘alla ham, oziq-ovqatlar ham sob bo‘lay degan, ilikuzdi paytlarda yana Ona Tabiatning o‘zi mehr-muruvvat ko‘rsatib, yorug‘ kunlardan darak beradi. Shu kunlargacha eson-omon yetib kelgan qariyalarning ham tomirlarida qaytadan g‘ayrat jo‘sh uradi.

Bu bayramning nav-yangi, ro‘z-kun, ya’ni yangi kun deb atalishi ham bejiz emas. Navro‘z bayramini barcha fors, turkiy tillarda so‘zlashuvchi xalqlar har yili bahorda nishonlab kelishgan. Bu qadimiy, an’anaviy Yangi yil bayramimiz haqida ulug‘ bobolarimiz Abu Rayhon Beruniy «Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar» asarida, Mahmud Qoshg‘ariy esa «Devonu lug‘otit turk» asarida juda ham qiziqarli ma’lumotlar yozib qoldirganlar. Umar Hayyom olim, shoir, faylasuf sifatida bu bayram haqida «Navro‘znoma» nomli maxsus kitob yozganlar. Bugun yurtimizda ham barcha Sharq xalqlari singari o‘z milliy urf-odatimiz Navro‘z-Yangi yil bayramimizni bor malohati, bo‘y-basti bilan ko‘z-ko‘z qilib o‘tkazayapmiz. Navro‘z bayrami kecha bilan kunduzning tenglashgan payti, bahor faslining 21-22 mart kunlaridan boshlab bir hafta, o‘n kun davomida o‘tkazilgan. Bu bayram, avvalo, tabiatning jonlanishi, yangilanishi, yangi yil bilan yurtimizga go‘zal Bahor faslining kirib kelib, kelinchakdek o‘z yashil sepini keng yoyishi bilan boshlangan. Ota-bobolarimiz, buvi-momolarimiz bu bayramni nishonlab, turli-tuman, rang-barang udum va marosimlar o‘tkazishgan. Qadimda ajdodlarimiz Navro‘z kunlari qish manzillari-qishloqlardan yozgi mehnat va hordiq maskanlari-yozloqlarga ko‘chib o‘tishgan. Dalalarda bahorgi ekin-tikin ishlari boshlanib ketgan. Dehqonlar erga donlar ekishgan. Jamoa-jamoa bo‘lib, hasharlar uyushtirilgan. O‘tgan ajdodlar ruhi yod qilingan. Ularning mozorlari obodonlashtirilib, ko‘kalamzorlashtirilgan. Ommaviy ravishda mevali, manzarali daraxtlar o‘tkazilgan. Bizlar ham shunday xayrli ishlarni davom ettirsak, farzandlarimizga bunday qadriyatlarni singdirib borsak avlodlarimiz ham bunday ananalarni davom ettiradi. Muqaddas islom dinida inson tozalik va poklikni o‘z o‘rniga qo‘yish bilan birga, atrof muhitni ham ozoda saqlashi va barcha mavjudotlar hayotining manbai bo‘lgan tabiatni asrashga alohida e’tibor qaratgan. Zero Rasululloh sallollohu alayhi vasalllamdan Abu Barza Aslamiy ismli sahoba: “Meni jannatga kiritadigan ishga buyuring” deb so‘radilar. Shunda Payg‘ambarimiz sallollohu alayhi vasallam: “Odamlar yo‘lidagi ozor beruvchi narsani olib tashla”, dedilar. Shu hadisdan ham ma’lum bo‘ladiki inson doimo tabiatni asrash avaylashi, insonlarga zarari yetadigan narsalarni qilmasligi kerak ekan.

Navro‘z taomlari o‘ziga xos bo‘lib, ular orasida, ayniqsa, sumalak, halim tayyorlash an’anaviy odat tusiga kirgan. Bu bayramda bolalarning ishtiroklari, ayniqsa, juda faol bo‘ladi. Ular Navro‘z bayramida turli ommaviy bayram o‘yinlari o‘ynaydi. Ot o‘yin, chillak, qo‘g‘irchoq o‘yin, tosh, lapar, ip o‘yinlari va hokazolar shular jumlasidandir. Bolalar, o‘smirlar, o‘spirinlar, bo‘y qizlar, ayniqsa, sumalak pishirish marosimida faol ishtirok etish uchun unga ancha ilgariroq tayyorgarlik ko‘rishadi. Bug‘doy donini maxsus idishlarda qulay iqlim sharoiti yaratib, sabza qilib undirib olishadi. So‘ng uni kecha-kunduzi bilan katta doshqozonlarda qaynatib, sumalak tayyorlashadi. Ayonki, tunu kun tinmay doshqozon qaynayversa, ancha-muncha o‘tin yetmaydi. Shuning uchun har bir xonadon bir bog‘, yarim bog‘dan, ishqilib, o‘tinga ham o‘z ulushlarini qo‘shadilar. Bu arzimasdek ko‘ringan harakat ostida juda ulkan ma’no yotadi. Ya’ni xalqning birgalashib harakat qilishga nonu tuzini, topgan-tutganini birga baham ko‘rishga intilish yotibdi. Navro‘z bayramining eng ahamiyatli jihatlaridan yana biri, keksalarga hurmat, ularning hollaridan xabar olish, ko‘mak berishdir. Yoshi keksalar bilan ko‘proq suhbatda bo‘lsak, ularning boy hayotiy tajribalaridan o‘rganamiz, dunyoqarashlarimiz o‘zgaradi. Alloh taolo marhamat qiladi: “Biz kimga uzoq umr bersak, uning vujudini ham (egik, zaif) qilib qo‘yurmiz. Axir aql yurgizmaydilarmi” (Yosin,68)

Ushbu oyat har bir insonni keksalarga nisbatan bag‘rikenglik bilan yaxshi muomalada bo‘lishga undaydi. Keksa otaxonu onaxonlarimizni borliklari, bu biz yoshlarni ulkan baxtimizdir. Ularning xayrli duolari bilan Alloh taolo balo ofatlardan asraydi. Rasululloh sallollohu alayhi vasallam: “Agar oralaringizda munkillagan qariyalar, o‘tlab yurgan jonzotlar va emizikli chaqaloqlar bo‘lmaganida edi, boshingizga balolar seldek oqib kelardi”, deya ogohlantirganlar. (Imom Bayhaqiy rivoyati)

Yoshi ulug‘lar har doim balo ofatlarga noxushliklarga qalqon bo‘lib kelishgan. Duogo‘ylarimiz bo‘lmish keksa otaxonlarimizni hurmat qilish va e’zozlash har birimizning burchimiz va muqaddas dinimizning amridir.

Bahor bayrami, ko‘klam quvonchi bilan yo‘g‘rilgan nafosat bayrami hammamizga muborak bo‘lsin aziz yurtdoshlar!


Kiritilgan vaqti: 19/03/2016 00:00;   Ko‘rilganligi: 17925
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/navroz-milliy-va-ananaviy-bayram
Chop etilgan vaqti: 06/12/2024 12:47
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing