O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Maqolalar

NAVOIYNING SAMARQANDLIK USTOZI

 
 

Temuriylar davrida Samarqand musulmon sharqining yirik ilmiy markazlaridan biriga aylandi. Bu yerdagi ilm dargohlarida butun Movarounnahr va Xurosondan kelgan talabalarga Sa’duddin Taftazoniy, Sayid Sharif Jurjoniy, Qozizoda Rumiy, Mirzo Ulug‘bek, Fazlulloh Abulaysiy, Ali Qushchi kabi o‘z davrining ko‘zga ko‘ringan olimlari dars berishardi.

Fazlulloh Abulaysiy melodiy X asrda yashagan qomusiy olim Faqeh Abu Lays Samarqandiyning avlodidan bo‘lib, ulug‘ bobokaloni boshlab bergan ilmiy sulolaning munosib davomchisi edi.

Fazlulloh Abulaysiy ham buyuk bobokaloni yashab, faoliyat olib borgan qadimiy Chokardiza qabristonining janubiy-g‘arbida joylashgan, hozirgi Faqeh Abu Lays masjidi hududida yashab ijod etgan.

Alisher Navoiy 1465 yilda, 24 yoshli yigitlik paytida Hirotdan Samarqandga kelib, aynan shu masjid-xonaqoda bir necha yil yashab, mavlono Fazlullohdan dars olgan. Chunki, tarixiy asarlarda “Alisherbek Fazlulloh Abulaysiy xonaqosidan hujra oldi va ilm tahsiliga kirishdi”, deyiladi.

Navoiy o‘z asarlarida ustozi, mavlono Fazlullohning fiqh ilmida bilimdonligini maqtab, uni “Ikkinchi Abu Hanifa” edi deb, ataydi. Arab tili grammatikasida yuksak mahoratini e’tirof etib, Ibn Hojibga (mashhur tilshunos) tenglashtiradi. Uni “Samarqandning a’lamul ulamosi edi”, deb eslaydi.

Navoiy hayoti haqida asarlar yozgan mashhur tarixchi Xondamir ham: “Mavlono Fazlulloh zo‘r olimligi va donishmandligi tufayli ikkinchi Abu Ali ibn Sino nomini olgan edi”, deb yozadi.

Navoiy o‘zi va ustozi o‘rtasida yuksak mehr-muhabbat bo‘lganini keyinchalik faxr bilan eslab: “Onchi muhabbatlari bor erdiki, farzandim der edilar”, deb yozgan.

Xondamir ham: “Xo‘ja janoblari Alisherbekni ta’bidagi o‘tkirlikni maqtar va uni boshqa talabalardan ortiq ko‘rardilar”, deb Navoiy Fazlulloh Abulaysiyning peshqadam talabalaridan bo‘lganini ta’kidlaydi.

Fazlulloh Abulaysiydan o‘z asrida mashhur tariqat peshvosi Xo‘ja Ahrori Vali, bu zotning ustozlari Sa’duddin Qoshg‘ariy, Fors-tojik adabiyotining buyuk namoyondasi, arab tili qoidalari bo‘yicha bir qancha asarlar yozgan Abdurahmon Jomiy kabi ulug‘ zotlar ham bir necha yillar davomida dars olishgani ma’lum.

Bulardan xulosa qilish mumkinki, Fazlulloh Abulaysiy o‘z davrining eng buyuk shariat olimlaridan biri bo‘lgan. Alisher Navoiyning xabar berishicha mavlono Fazlulloh Samarqandda vafot etgan va o‘z bobokalonining yoniga dafn etilgan.

E’tiborli tomoni shundaki, sho‘rolar davrida Chokardiza qabristoni yo‘q qilib yuborilganda ham Faqeh Abu Lays masjidi yonidagi Faqeh Abu Lays va Fazlulloh Abulaysiylar qabri saqlanib qolgan.


Kiritilgan vaqti: 08/02/2016 00:00;   Ko‘rilganligi: 5054
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/navoiyning-samarqandlik-ustozi
Chop etilgan vaqti: 01/12/2024 23:23
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing