O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Maqolalar

Muvaffaqiyatlarimiz sababi - hamjihatlik

 
 

Maftunkor fasl- bu bahor. Uning tarovoti o‘zgacha. Dala dasht qish yopinchig‘ini tashlab, ko‘klam libosiga burkanmoqda. Ona zaminimiz esa dehqonni rizq yaratishga chorlamoqda.

Hazrati payg‘ambarimiz alayhissalom ummatlariga dehqonchilik hakida marhamat qilib bunday deganlar: “Biron-bir musulmon daraxt o‘tqazsa yoki bir o‘simlik eksa, undan qushlar yoki insonlar yesa, uning ehsoni bo‘ladi”. Demak, ko‘chat o‘tqazgan va ekin ekkan kishining mehnati hech qachon zoye ketmaydi. Hosilidan bahramand bo‘lgan barcha jonzotlar orqali egasiga sadaqa savobi yozilib turadi. Bog‘dorchilik va dehkonchilik bilan shug‘ullanuvchi kishilarga Alloh taoloning rahmati yog‘iladi. Chunki, ular urug‘ yoki nihol ekishayotganlarida, hosili mo‘l-kuo‘l bo‘lib o‘zini, yurtdoshlarini dasturxonlariga to‘kinlik olib kelishlikni niyat qiladilar.

Tilaklari ijobat bo‘lib, samarasi o‘larok hosillari kam bo‘lsa barakotli, ko‘p bo‘lsa daromadli bo‘ladi.

Albatta, bu natijalarga erishishlikda fasllarning ham o‘z ahamiyati bor. O‘z vaktida bajarilgan mehnat kishini kam kilmaydi. Shu sababli ham bahor faslining har kuni, har soati g‘animat. Yurtimizdagi aksariyat aholi qishlok joylarda istiqomat qilishadi va deyarli barchalari shaxsiy tamorqalariga egalar. Afsuski, ba'zi tamorqa egalarining o‘z yerlariga bo‘lgan e'tiborsizligi,erdan unumli foydalanmayotganliklari achinarli holatdir. Goho bozorga borganimizda diqqat bilan kuzatsak sabzi, kartoshka kabi poliz ekinlari mayli o‘z yo‘liga, oddiygina gilamchadadek joyga ekilsa kifoya kiluvchi ko‘katlarni ham sotib olayotgan xaridorlarning ham aksari kattagina tamorqa egalari bo‘lib chiqadi. Aslida xalqimiz islom dini qadriyatlari qon-qoniga chuqur singib ketgan xalq isrofdan qo‘rqadigan xalqmiz. Oddiygina misol, bir bo‘lakkina non yerda yotgan bo‘lsa uni darhol olib qo‘yamiz. Taassufki, ba'zilarimiz yerni bo‘sh qo‘yish, undan unumli foydalanmaslik ham ulkan isrof ekanini chuqur anglamayapmiz.

Bugungi vaziyatda tamorqaning har bir qarich yeridan unumli foydalanib, tadbirkorlik bilan dehqonchilik qilish har qachongidanda o‘ta muhimdir. Zero, Allox taolo isrofning oqibati salbiy ekanidan o‘z bandalarini ogohlantirib shunday marhamat qilgan:

"Albatta, U(Allox) isrofgarchilik qiluvchilarni sevmaydi", (An'om surasi 141-oyat) .

Payg‘ambarimiz (s.a.v) esa: "Har bir isrof haromdir", deganlar.

Allox taolo qilayotgan barcha dehqonchilik, chorvachilik hamda tadbirkorlik ishlarimizda barakot ato etib, yurtimizni, xalkimizni balo, vabolardan asrasin.

Nurullo o‘g‘li Nasrulloxon - Pastdargom tuman “Chandirobod” jome masjidi imom xatibi


Kiritilgan vaqti: 22/04/2020 10:56;   Ko‘rilganligi: 797
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/muvaffaqiyatlarimiz-sababi-hamjihatlik
Chop etilgan vaqti: 14/10/2024 14:42
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing