O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Maqolalar

MABRUR HAJNING MUKOFOTI JANNATDUR

 
 

“Haj va umrani Alloh uchun mukammal ado eting”..” (Baqara, 196)

Haj islom dinining beshinchi arkonidir. U asosan, balog‘at yoshiga yetgan, oqil, sog‘lom, yo‘l va boshqa safar xarajatlariga qudrati yetadigan musulmonlargagina farz qilingan.

Bu yilgi haj ibodati davomida yurtdoshlarimiz Makkai mukarrama va Madinai munavvarada bo‘lishib, dinimizning beshinchi ruknini nihoyatda yaxshi sharoitlarda ado etib, go‘zal yurtimizga go‘zal va boy taassurotlar bilan qaytishdi. Ka’bani tavof etish, payg‘ambar alayhissalom ravzalarini ziyorat qilish mo‘min uchun ulkan baxtdir.

Hukumatimiz tomonidan fuqarolarimizga yaratilayotgan keng imkoniyat va sharoitlar bois, minglab yurtdoshlarimiz ana shunday baxtga erishib, hoji degan muborak nomga sazovor bo‘ldilar.

Mustaqillik sharofati bilan zamindoshlarimiz barcha shart-sharoitlar yaratilgan holda haj safariga borib, zimmalaridagi farzlarini ado etib kelmoqdalar. Sobiq mustabid tuzumi davrida uzoq yillar davomida diyorimiz musulmonlarining bu yo‘ldagi orzu-umidlari sarobga aylanib, bu dunyodan armon bilan o‘tdilar.

Haj musulmonlar uchun ruhiy ozuqadir. Buni hojilarimiz haj ziyoratlarida ko‘rdilar. Shu bilan birgalikda, millatlararo hamdo‘stlikning eng oliy darajasidagi namunasiga ham guvoh bo‘ldilar. Turli millat va elatlarga mansub kishilar bir xil libosda yelkama-elka turib, ibodat qildilar. Chunki ularning qalbi yolg‘iz Yaratganga tavba-tazarru qilish, ezgu duolar qilish bilan mashg‘ul bo‘ladi.

Darhaqiqat, dunyoning turli tomonlaridan kishilar qalblarida faqat pok va ezgu niyatlar bilan haj amallarini astoydil ado etish hamda yaratgan Robbisining roziligini olishni, jismonan va ruhan poklanishni istaydilar.

Bu haqda Rasululloh hadisi shariflarida shunday marhamat qilganlar: “Kimki haj qilsa-yu, yomon so‘zlamasa, fisqu fujur qilmasa, go‘yoki onadan yangi tug‘ilgan chaqaloq singari gunohdan forig‘ bo‘lib qaytadi”.

Ka’bai musharrafa yer ahlining qiblasi hisoblanadi. Bu ulug‘ baytullohning asosini payg‘ambarlarning otasi Ibrohim alayhissalom ko‘tardilar. “Sahih hadislar” to‘plamida Payg‘ambar alayhissalom zam-zam suvi haqida: “U barakalidir.U to‘ydiruvchi taomdir”, deydilar. Jobir (r.a.) dan rivoyat qilingan hadisi sharifda esa “Zam-zam suvi nima uchun ichilsa, shunga bo‘ladi”, -deyiladi.

Hojilarimiz Ka’bai muazzamani tavof etayotganlarida muborak zam-zam suvlaridan ichib, duo qilganlrida Arofat, Mino, Muzdalifa tog‘larida duo qilganlarida ham Vatanimiz ravnaqi, el tinchigi, xalqimiz farovonligi, oilalarimiz tinchligini so‘rab, iltijoda bo‘ldilar.

Haqiqatdan ham, haj ulug‘ ibodat. Uning mukofoti jannatdur. Rasululloh alayhissalom “Biror bir gunoh aralashmay, to‘la-to‘kis bajarilgan hajining mukofoti jannatdur”, deganlar.

Alloh haj qiluvchilarning hajini va savobli amallarini hamda ezgu duolarini qabul aylasin!


Kiritilgan vaqti: 26/09/2016 00:00;   Ko‘rilganligi: 3235
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/mabrur-hajning-mukofoti-jannatdur
Chop etilgan vaqti: 03/12/2024 02:10
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing