O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Maqolalar

ISLOMDA SILAI RAHM

 
 

Dinimiz islomda silai rahmga nihoyat darajada katta e’tibor qilingan bo‘lib, ko‘plab oyat va hadislarda silai rahmning fazilati, ahamiyati va zarurati takror-takror uqtiriladi. Mo‘minlarning asosiy sifatlari bayon qilingan oyatlarda ularning qarindosh urug‘lar bilan aloqani bog‘lashlari haqidagi sifatlariga ham alohida urg‘u beriladi. Buning muqobilida esa buzg‘unchi bo‘lgan qavmlarning yomon sifatlari zikr qilinganda, ularning Alloh buyurgan rishtalarni uzishlari haqida ya’ni silai rahm qilmasliklari haqida xabar beriladi. Albatta, bu bejiz emas. Dinimizning silai rahmga bu qadar yuksak ahamiyat qaratishi uning nechog‘li ahamiyatga molik ish ekanidan dalolatdir.

Islom dini avvalo, insonlarni poklikka, bir-birlariga yaxshilik qilishlikka buyurib, yovuzlikdan va zulm qilishlikdan qaytaradi. Muborak dinimiz ta’limotida musulmon kishining zimmasiga shariat tomonidan bir qancha xaq-huquqlar yuklatiladi. Ular Alloh taoloning haqqi, so‘ng ota-onaniki, ahli ayoli va qavmu-qarindoshlarning haqlaridir.

Abu Hurayradan (r.a.) rivoyat qilinadi: Rasululloh (s.a.v.) bunday marhamat qildilar: “Kimni Alloh taolo rizqini keng qilishi va ajalini kechiktirishi quvontirsa, u silai rahm qilsin”[1].

Silai rahm deyilganida, qarindoshlik aloqalarini mustahkamlash tushuniladi. Soddaroq qilib aytganda, qavm-qarindosh, yoru birodarlar bilan o‘zaro bordi-keldini uzib qo‘ymaslik, doimo qondoshlar, ayniqsa, ular orasidagi betoblari va hojatmandlari holidan xabar olish, qo‘ldan kelganicha ularning og‘irini yengil qilish kabi ulug‘ insoniy fazilatlarga silai rahm deyiladi.

Hadisi shariflarida kelishicha uch kishining duosi ijobat bo‘lmaydi: ota-onasiga oq bo‘lgan, folbinga ishongan va qavmu-qarindoshlik rishtalarini uzgan insonlarni. Ming afsuski, keyingi paytlarda arzimagan muammolar tufayli ota-onaga qo‘pol ohangda muomalada bo‘lish, aka-ukalar o‘rtasidagi tushunmovchiliklar, qaynona-kelin o‘rtasidagi o‘zaro hurmatsizlik yoki urush-janjallar kelib chiqishi va shu kabi yaqin kishilar o‘rtasidagi qarindoshchilik rishtalariga putur yetayotganligini va amaldor hamda badavlat kimsalar o‘zining yaqin qarindoshlariga kibr-havo bilan so‘zlashishlarini ko‘rib, bunga achinasan, hayratga tushasan kishi.

Ma’lumki, Alloh taoloning muqarrab bandalari payg‘ambarlar va avliyolar ham faqirona, oddiy hayot kechirishgan. Yaratgan zot xohlagan-bandalarini dard bilan, boylik yoki faqirlik bilan imtihon qiladi. Alloh taolo uchta ulug‘ ne’matini uch narsa ichiga yashirgan.

- Roziligini ibodatlar ortiga va katta-yu kichik yaxshi amallar orasiga,

- Qahr-g‘azabini gunoh amallar ichiga,

- O‘ziga yaqin bo‘lgan bandalarini esa insonlar orasiga berkitdi.

Shuning uchun barchaga birdek xush muomalada bo‘lmoq zarur. Biror kishini no o‘rin xafa qilib qo‘yishdan, qalbiga ozor yetkazishdan ehtiyot bo‘lish kerak.

Insonlarning taqdiri, hayot kechirishligini yaratganning o‘zi belgilaydi. Ammo odamlar bir-birining amaliga, boyligiga, kiyinishiga qarab turib, muomala qilish johillikdir. Aqilli musulmon odam barchaga birdek muomalada bo‘ladi, birovni kamsitmaydi, qarindoshlari, yaqinlari oldidagi haq-huqukdarini his qiladi va ularni to‘liq ado etadi. Barchaga qo‘lidan kelgancha yaxshilik qiladi, shohu gado bilan bir xil so‘zlashadi. Axir Islom dini bizni doimo ahil-totuv, birdam bo‘lib yashashga, bir-birimizga mehr-oqibatli va muruvvatli bo‘lishligimizga chorlaydi. Alloh taolo Qur’oni Karimda marhamat qilib aytadi: “Ey iymon keltirganlar, mo‘minlar, bir-birlaringiz uchun aka-ukadirsizlar”.

Shunday kimsalar borki ular do‘stlarining holidan xabar oladi, biroq uyida ota-onasini, qarindosh-urug‘lari, yoshi katta bobo va buvilaridan hol-ahvol so‘rash, ularni yo‘qlab turish yodlariga ham kelmaydi.
Ba’zida esa ko‘chadagi yetti yot begona tanishlarining gohi hazil, gohi chin gaplariga ko‘nikib ketgan, ammo o‘z ota-onasining opa yoki akasining gaplarini malol oluvchilar ham topiladi. Yashash uylarini qavat-qavat qilib qurishib, lekin imkoni bo‘la turib o‘z jigarlari, qarindosh-urug‘larining kulbasini yangilab berish xayoliga ham kelmaganligini ko‘rib taajjublanasiz.

Payg‘ambarimiz (s.a.v): “Qarindoshlari bilan aloqani uzgan kishi jannatga- kirmaydi”, deya ta’kildaganlar. Inson uchun silai rahm qilishga eng haqli kishi uning yaqinlari ya’ni oilasi, ota-onasidir. Undan keyin aka-uka, opa-singil, ota va onaning qarindonshari ham silai rahm qilinishiga haqli bo‘lgan kishilardir.

Shuni yaxshi bilish kerakki, ota-ona, aka-uka, opa-singil kabi qon-qarindoshlarga yaxshilik qilish silai rahmning eng avvalgi pog‘onasida turadi. Zero, ota-ona va aka-ukalar kishi uchun eng yaqin qarindoshlar hisoblanadilar. Ota-onalarga yaxshilik qilish bir tomondan silai rahm jihatidan, ikkinchi tomondan esa Qur’oni Karim va hadisi shariflarda alohida buyurilgan “birru-l-volidayn” ya’ni “ota-onaga yaxshilik qilish” jihatidan matlub amal hisoblanadi. Gohida kishi qarindosh-urug‘larining ayrimlari bilan qaysidir tushunmovchilik tufayli urushib qolishi, o‘rtalarida sovuqchilik paydo bo‘lib qolishi mumkin. Lekin, bu holatlar ham silai rahmni uzishga sabab bo‘lmasligi kerak. Garchi qarindoshingiz sizni nohaq xafa qilgan bo‘lsa ham, boringki, u siz bilan aloqani uzgan bo‘lsa ham siz uzmasligingiz lozim bo‘ladi.

Abu Hurayra (r.a.)dan rivoyat qilingan hadisda kelishicha, bir kuni bir kishi Nabiy (s.a.v.) huzuriga kelib: “Yo Rasulalloh, mening shunday qarindoshlarim borki, men ular bilan aloqa qilaman, ular esa men bilan aloqani uzadilar, men ularga yaxshilik qilaman, ular esa menga yomonlik qaytaradilar, ular menga johillik qiladilar, men esa ularga halimlik, yumshoqlik qilaman”, - deya nodon qarindoshlaridan shikoyat qildi. Shunda Nabiy (s.a.v.) shunday dedilar: “Agar ish sen aytgandek bo‘lsa, unda bilginki, sen ularga qaynoq cho‘g‘ni yedirayotgan ekansan. (Ya’ni xafa bo‘lma, sen ulardan mag‘lub emas, balki, g‘olib bo‘layapsan. Zohirdan ular senga zulm o‘tkazyaptilaru, ammo yutqazmoqdalar). Modomiki, sen ular bilan shunday muomalada ekansan, doimo Alloh tomonidan yuborilgan bir yordamchi (farishta) sen bilan birga bo‘lur”.

Demak, silai rahm yaxshilikka yaxshilik bilan, bordi-keldiga borish bilan javob qaytarish emas, balki, yomonlik ko‘rilsa ham, jafo ko‘rilsa ham qarindoshlarga yaxshilik qilish, e’tiborsizlik qilayotgan qarindoshga ham e’tibor bo‘lar ekan.

Hadisi sharifda rivoyat qilinishicha, haqiqiy silai rahm qiluvchi deb mukofotlaguvchini aytilmaydi. Ya’ni bir qarindoshi qaysidir yaxshiligi uchun yaxshilik bilan javob qaytarish, yoki mehmonga chaqirgani uchun mehmonga chaqirish bu silai rahm emas, balki, mukofotlash, yaxshiligini qatarish bo‘ladi. Haqiqiy silai rahm qiluvchi inson, garchi qarindoshi u bilan aloqani uzsa ham silai rahm qiladi.

Shuning uchun qarindoilik rishtalarini asrab-avaylash, yaqinlarga xush muomalada bo‘lish, ularning yaxshi va yomon kunlarida yonida bo‘lishlikni aslo unutmaslik zarur.


[1] Buxoriy va Termiziy rivoyati.


Kiritilgan vaqti: 16/09/2016 00:00;   Ko‘rilganligi: 7450
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/islomda-silai-rahm-
Chop etilgan vaqti: 28/03/2024 16:36
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing