O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Maqolalar

IMOM BUXORIY VA U KISHINING JOME’ AS-SAHIH ASARI

 
 

Imom Buxoriy, musulmonlar imomi, muhaddislar shayxi, hadis ilmida “Amiru-l-mo‘miniyn” – Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil ibn Ibrohim ibn Mug‘iyra ibn Bardizbadir.Imom Buxoriyning otalari Abul Hasan Ismoil ibn Ibrohim parhezkor ulamolardan edilar. U kishi Molik ibn Anasdan (hadis) eshitgan va Ibn Muborakbilan qo‘l berib ko‘rishgandilar. Ahmad ibn Hafs, Imom Buxoriyning otalari haqida shunday deydi: “Uning huzuriga o‘limi oldidan kirdim, shunda u: “Barcha mol-mulkim ichida bir dirham shubhalisi borligini bilmayman” – dedi. O‘sha vaqtda men o‘zimni haqir sanadim”[1].

Imom Buxoriy 194 hijriy 13 shavvol oyi juma kuni Buxoroda tavallud topdilar. Otalari yoshligida vafot etib, onalarining qaramog‘ida yetimlikda o‘sib ulg‘ayadilar. Ul kishi ozg‘in, o‘rta bo‘ylik edilar. Go‘daklik chog‘laridayoq ko‘zlaridan ajrab qoladilar. Onalari, Alloh taologa o‘g‘lini ko‘zi yana qaytadan ko‘rishligini so‘rab ko‘p duolar qiladi. Bir kuni onalari tushlarida Ibrohim (a.s.)ni ko‘radilar va Ibrohim (a.s.) unga qarab: “Ey, sen! Ko‘p duo qilganing yoki ko‘p yig‘laganing uchun Alloh taolo, o‘g‘lingni ko‘zini o‘ziga qaytardi” – deydilar. Shu voqeadan so‘ng Imom Buxoriyning ko‘zlari yana ko‘ra boshlaydi.

Imom Buxoriy yoshlik chog‘laridanoq hadis ilmiga muhabbat qo‘yadilar va ilk hadis ilmiga qiziqishlari haqida u kishining o‘zlari shunday hikoya qiladilar: “Maktabdaligimdayoq o‘n yoki undan kichikroq yoshimdan hadis yodlashga ilhomlandim. So‘ng o‘n yoshdan keyin maktabdan chiqib Doxiliy va undan boshqalar bilan turli fikrda bo‘ldim. Yoshim o‘n oltiga yetgach, Ibn Muborak, Vake’ning kitoblarini yod oldim va ray’ ahlining so‘zlarini fahmladim. So‘ng onam va akam Ahmad bilan birga haj qilish uchun Makkaga yo‘l oldim.

Haj qilgach, akam vatanga qaytdi va men hadis talabida u yerda qoldim. Yoshim o‘n sakkizga yetganida sahoba va tobe’inlarning fazilatlari va so‘zlari haqidagi “Tarix” kitobimni tasnif etdim. Bu “Tarix” kitobimni Rasululloh (s.a.v.)ning qabrlari yonida oydin kechalarda yozardim. Menda “Tarix” kitobida keltirilgan ismlar uchun qissalar mavjud bo‘lsada, kitob uzayib ketmasligi uchun uni qisqa qildim”.

Imom Buxoriy hadis talabida ko‘plab shaharlarda bir necha bor bo‘ladilar, jumladan: Balx, Nishopur, Ray, Bog‘dod, Basra, Kufa, Makka, Madina, Misr, Shom va boshqalar.Imom Buxoriy Balxga borganlari haqida shunday deydilar: “Balxga kirganimda, u yerliklar mendan har bir hadis yozib olgan kishimdan hadis rivoyat qilishimni so‘rashdi. Men ularga o‘zim yozib olgan kishilarimdan mingta hadisni aytib berdim”.

Vafotlaridan bir oy oldin: “Men bir ming sakson kishidan hadis yozib olganman. Ularning barchasi hadis ahllari va “Imon – so‘z va amaldan iborat. U ziyoda bo‘ladi va kamayadi” deguvchi kishilar edi” – dedilar.[2]

Imom Buxoriy haqlarida o‘z zamondoshlari va undan keyin yashab o‘tgan insonlar ham ko‘plab maqtov so‘zlarni aytib o‘tishgan. Biz ulardan ba’zilarini e’tiboringizga havola etamiz:

Imom Buxoriy: “Kimniki huzuriga bormay, meni undan olgan foydamdan ko‘ra, uni mendan olgan foydasi ko‘proq bo‘lardi” – dedilar.

Imom Buxoriy: “Men yuz ming sahih va ikki ming g‘ayri sahih hadisni yod oldim” –dedilar.

Imom Buxoriy: “Men Allohdan biror-bir kimsani g‘iybat qilmasdan yo‘liqishimni umid qilaman” —dedilar.[3]

Imom Buxoriy Basraga kirganidaMuhammad ibn Bashshor shunday degan edi: “Bugun, faqihlarning sayyidi keldi. Dunyoda huffozlar to‘rtta, ular: Rayda Abu Zur’a, Niysoburda Muslim ibn Hajjoj, Samarqandda Abdulloh ibn Abdurrohman Dorimiy va Buxoroda Ismoil Buxoriydir”.

Qutayba ibn Said: “Men fuqaholar, zohidlar va obidlar bilan o‘tirdim. Esimni taniganimdan beri Muhammad ibn Ismoildek kishini ko‘rmadim. U, o‘z zamonida sahobalar ichra Umar kabi edi. Agar Muhammad ibn Ismoil sahobalar orasida bo‘lganida, albatta nishona (oyat) bo‘lar edi” – dedilar.[4]

Imomlar imomi Abu Bakr Muhammad ibn Is’hoq ibn Xuzayma: “Samo gumbazi ostida hadis ilmini bilishlikda Muhammad ibn Ismoildan ko‘ra bilimdonroq kishi yo‘qdir” – dedilar[5].

Rajo’ ibn Rajo’: “Muhammad ibn Ismoilning ulamolar orasidagi fazilati, erkaklarning ayollar ichidagi fazilatiga o‘xshaydi. U, Alloh taoloning yer yuzidagi oyatidir” – dedilar[6].

Abu Sahl: “O‘ttizdan ziyod Misr ulamolarining shunday deganlarini eshitganman, ular: “Bu dunyodagi hojatimiz Muhammad ibn Ismoilning yuziga bir bora boqishlikdir” – der edilar.[7]

Solih ibn Muhammad: “Men hanuz, Muhammad ibn Ismoildan ko‘ra fahmliroq Xurosonlikni ko‘rganim yo‘q” – dedilar.[8]

Ahmad ibn Hanbal: “Bizga Xurosondan Muhammad ibn Ismoildek kishi kelmagan” – dedilar.[9]

Abu Amr Xofaf, Buxoriydan rivoyat qilganida: “Bizga, taqvodor, pokiza, unga o‘xshashi bo‘lmagan olim Muhammad ibn Ismoil hadis aytdi” der va yana: “U hadisni Ahmaddan ham, Is’hoqdan ham, ulardan boshqalardan ham yigirma barobar ziyodroq biluvchidir. Agar kimda kim u haqida biror (yomon) so‘z aytsa, mendan o‘sha (yomon so‘zni) aytgan kimsaga ming la’nat bo‘lsin” derdi. Va yana: “Agar u shu eshikdan kirsa, meni shu zaxotiyoq qo‘rquv bosadi” – deb aytardi.

Abdulloh ibn Hammod: “Men, Muhammad ibn Ismoil jasadidagi bir tuk bo‘lishni orzu qilaman” – derdi.[10]

Salim ibn Mujohid: “Men oltmish yildan beri Muhammad ibn Ismoildan ko‘ra faqihroq va parhezkorroq kishini ko‘rmadim —dedilar.[11]

Musa ibn Horun al Hammal al Hofiz al Bag‘dodiy: “Menimcha, ahli Islom jam bo‘lib, (ilmda) Muhammad ibn Ismoil yetishgan oxirgi (manzilga) yetishmoqchi bo‘lsalar, unga qodir bo‘lmaydilar” – dedilar.[12]

Hokim Abu Ahmad: “Kunyalar” kitobida Imom Buxoriy haqida maqtov so‘zlar aytilsa, ular tugamasligini e’tirof etib shunday deydilar: “U, sohilsiz dengizdir”.[13]

Hofiz Abu Abbos Ahmad Ibn Muhammad ibn Sa’d ibn Uqda: “Agar bir kishi o‘ttiz ming hadisni yozsa ham, Muhammad ibn Ismoilning “Tarix”laridan behojat bo‘lmaydi” – dedilar.[14]

Muslim ibn Hajjoj Imom Buxoriyga qarab: “Dunyoda sizga o‘xshashi yo‘q” – deb u kishining ikki ko‘zi o‘rtasidan o‘pdi va: “Ruxsat bering oyoqlaringizni o‘pay, ey, ustozlarning ustozi! Muhaddislarning sayyidi va kasal hadislarning tabibi!” –dedilar.

Yahyo ibn Ja’far al Baykandiy: “Agar o‘z umrim hisobidan Muhammad ibn Ismoilning umrini ziyoda qilishga qodir bo‘lganimda edi, albatta shunday qilgan bo‘lardim. Chunki mening o‘limim bir kishining o‘limidir. Ammo Muhammad ibn Ismoilning vafoti esa ilmning ketishidir” – dedilar.[15]

Hadislarni eshitish va ularni rivoyat qilishdagi sermahsul, mashaqqatli safarlaridan keyin Imom Buxoriy nafsi va ruhiga orom berishlik maqsadida tug‘ilib o‘sgan yurti Buxoroga qaytishga qaror qildilar. Buxoroga yetib kelgach, Buxoroliklar shahardan bir farsax masofada chodir tikib, Imom Buxoriyni kutib olishga peshvoz chiqdilar. Deyarli shaharda hech kim qolmadi. Buxoriy yetib kelgach, u zotning ustilaridan dinor va dirhamlar (yomg‘irdek) sochildi. Bir muddat Buxoroda hadis aytib turdilar.Buxoro Amiri Xolid ibn Ahmad Zuhaliy Buxoriyga odam jo‘natib “Menga “Jome’ as-sahih”, “Tarix” va boshqa kitoblaringizni olib kelib, o‘qib bering” – deydi. Imom Buxoriy u yerga borishdan bosh tortdilar. So‘ng Xolid ibn Ahmad, Buxoriyga yana odam yuborib, boshqalarga qo‘shmasdan mening farzandlarimga alohida dars bersangiz” – deydi.

Imom Buxoriy: “Odamlarni bir-birlaridan ajratib dars berish menga to‘g‘ri kelmaydi”– deb yana unamadilar. Amir Xolid ibn Ahmad, Buxorolik Hurays ibn Abulvarqo boshliq ulamolar yordamida “Imom Buxoriy buzuq mazhabda” deb fitna qo‘zg‘ashdi va shahardan chiqib ketishini talab qilishadi. Imom Buxoriy fitna qatnashchilari haqqiga: “Allohim, ular menga qasd qilgan narsalarini o‘zlariga, farzandlariga va ahli ayollariga ko‘rsatgin” – deb duo qildilar. Buxoro amiri Xolid bir oy o‘tmasdan ishdan olindi va qamoqqa tushdi. Qamoqda xor-zor holda vafot etadi. Buxoriyga fitna qilishda qatnashganlarning birortasi qolmasdan, farzand va ahli ayollari bilan birgalikda qilgan ishlarining jazosini tortadilar. Alloh taolo, Imom Buxoriy duo qilganlaridek ularning barchasiga qilmishlari oqibatini ko‘rsatgan edi.

Imom Buxoriy Samarqanddan ikki farsax masofada joylashgan Xartang[16] qishlog‘iga qarindoshlarinikiga yo‘l oladilar, va u yerga joylashadilar. Abdulquddus ibn Abduljabbor Samarqandiy Imom Buxoriyning kechki namozdan forig‘ bo‘lgach: “Allohim! Yer yuzi qanchalik keng bo‘lmasin, menga torlik qildi. Meni o‘z huzuringga chorlagin” – deb duo qilganlarini eshitdim deydi. Shundan so‘ng bir oy o‘tmasdanoq Imom Buxoriy Xartangda vafot etadilar”.

Hasan ibn Husayn Bazzaz Buxoriy: “Imom Buxoriy 256 xijriy shanba kechasi, ertaga Ramazon hayiti deganda vafot etdilar. Ramazon hayiti kuni peshindan so‘ng dafn etildilar. Imom Buxoriy bu dunyoda 13 kuni kam 62 yil umr kechirdilar”.

Imom Buxoriyning “Jome’ as-sahih” asari islom olamida Alloh taoloning kitobidan so‘ng asosiy manba ekani shubhasiz. Bu kitob haqida so‘z ochilar ekan, beixtiyor o‘quvchi zehnida sahih hadislar va mashaqqatli safar qiyinchiliklari gavdalanadi.Ibrohim ibn Ma’qal an Nasafiydan rivoyat qilinadi: “Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil Buxoriy shunday dedilar: “Biz, Is’hoq ibn Rohivayhning xuzurida ekanimizda, u: “Agar sizlar Rasululloh (s.a.v.)ning hadislaridan sahihlarini ixcham holda jamlasanglar edi” – dedi. Shunda qalbimga buni amalga oshirish fikri tushdi va “Jome’ as-sahihni” to‘plashga kirishdim”.[17]

Abu Ali G‘assoniy, Buxoriydan qilgan rivoyatida shunday deydi: “Men uni (ya’ni “Jome’ as-sahih” kitobidagi sahih hadislarni) olti yuz ming hadis ichidan tanlab oldim”.[18]

Ismoiliy esa, Buxoriydan qilgan rivoyatida shunday deydi: “Men bu kitob (ya’ni “Jome’ as-sahih”)ga faqat sahih bo‘lgan rivoyatlarnigina kiritdim. Ammo sahih rivoyatlardan kitobga kiritmay tark qilganlarim, kiritganlarimdan ko‘ra ko‘proq bo‘ldi”.[19]

Yana Ismoiliy: “Agar Buxoriy o‘zi bilgan barcha sahihlarni bunga (ya’ni “Jome’ as-sahih”) kiritganida, birgina bobning o‘zida sahobalardan (shu bobga doir bo‘lgan) ko‘plab rivoyatlarva ularning rivoyat yo‘nalishlaridan ko‘pini jamlagan bo‘lardi. Bas shunda kitob, juda katta bo‘lib ketardi” dedi.

Bu haqida Ibrohim ibn Ma’qal an Nasafiy, Imom Buxoriydan rivoyat qilib shunday deydi: “Men Jome’ kitobimga faqat sahihlarningina kiritdim. Kitob uzayib ketmasligi uchun (ko‘plab) sahihlarni ham tark etdim”.[20]

Firabriy, Muhammad ibn Abu Hotam Buxoriydan rivoyat qilib deydi: “Tushimda Muhammad ibn Ismoilni ko‘rdim. U, Nabiy(s.a.v.)ning ortlaridan yurib borardi. Qachonki Nabiy(s.a.v.) qadamlarini ko‘tarsalar, o‘sha joyga Buxoriy qadamini qo‘yar edi”.

Firabriy, Najm ibn Fuzayl ham shunga o‘xshash tush ko‘rganlarini rivoyat qilib keltirgan.[21]

Ta’kidlab o‘tganimizdek, bu kitob barcha asr ulamolari tomonidan eng to‘g‘ri va mo‘tabar manba deb e’tirof etilgan. Ba’zi kishilarning “Jome’ as-sahih” haqida yuzaga kelgan noto‘g‘ri tasavvurlarining negizi – roviylarning ixtiloflar sabablidir.[22]

Bu ba’zilar o‘ylaganidek “Jome’ as-sahih”ga nisbatan salbiy yondashuvni keltirib chiqarmaydi. Balki bu tabiiy hol bo‘lib, muhaddis ulamolar o‘z musannifotlarini yozishda ilmiy jihatiga qanchalik diqqat bilan yondashganliklarini, o‘z shayxlaridan olgan hadislarni qayta ko‘rib chiqib, xatolarini to‘g‘rilashda bardavom bo‘lganlarini, manbalarga qayta-qayta murojaat qilishga o‘ta talabchan bo‘lganliklari va uni puxta bilganliklarini fikr qilish imkonini beradi.

Bu kabi e’tiborni nafaqat “Jome’ as-sahih” haqida, balki Imom Molikning “Muvatto” kitoblari haqida ham aytishimiz mumkin. Bu kitobda ham roviylarga qayta-qayta murojaat qilingani uchun hadis rivoyatlari bir nechta bo‘lganini ko‘rishimiz mumkin. Bundan tashqari boshqa hadis kitoblarida ham roviy va rivoyatlarning ko‘pligi, musulmonlar dalillarning ishonchli va aniqligiga behad e’tiborli bo‘lganliklariga dalolat qiladi.

Imom Buxoriy o‘z musannifotlariga katta e’tibor qaratganlar. Bu haqida u kishining o‘zlari shunday deydilar: “Barcha kitoblarimni uch martadan tasnif qilib chiqdim”, ya’ni qayta-qayta ko‘rib so‘ng varoqqa tushirganlar.[23]

“Jome’ as-sahih” xususida Hofiz ibn Hajar shunday deydilar: “Imom Buxoriy undagi hadislarni shaharlardan to‘plagan bo‘lsalarda, ularni tartibga solish va boblarga ajratib yozishni Masjid Haromda boshlaganlar. O‘n olti yil mobaynida ularni qog‘ozga tushirganlar. Ammo bu muddatni to‘liqligicha Makkada o‘tkazmaganlar”.

Ibn Adiyning bir qancha hadis shayxlaridan qilgan rivoyatida: “Imom Buxoriy “Jome’ as-sahih” kitoblarini Nabiy(s.a.v.)ning qabrlari va minbarlari o‘rtasida yozganlar. Har bir hadisni yozishdan oldin ikki rakaat namoz o‘qirdilar” deydi.

Bu haqida Imom Buxoriyning o‘zlari shunday deydilar: “Sahih” kitobiga g‘usl qilmasdan va ikki rakaat namoz o‘qimasdan oldin biror bir hadisni kiritmadim”.[24]

Yana: “Jome’ as-sahih“ni 16 yil davomida to‘plagan 600 ming hadislardan tasnif qildim. Uni o‘zim bilan Alloh o‘rtasida hujjat qildim”.[25]

Yana: “Jome’ as-sahih“ kitobimni masjidul Haromda tasnif qildim. Unga, ikki rakaat namoz o‘qib Alloh taolodan istixora qilib, sahihligiga ishonch hosil qilmagunimcha, biror bir hadisni kiritmadim” – dedilar.[26]

Abu Ja’far Uqayliy: “Buxoriy o‘zining “Jome’ as-sahih” kitobini tasnif qilgach, uni Ibn Madiniy, Ahmad ibn Hanbal, Yahyo ibn Mu’iyn va boshqalarga ko‘rsatdi. Ular kitob haqida yaxshi fikr bildirib kitobdagi to‘rtta hadisdan boshqa, barcha hadislarning sahihligiga guvohlik berishdi” – dedi. Uqayliy: “So‘z, imom Buxoriy aytganidek. U sahihdir”– dedi.[27]

Imom Buxoriy hadislarni va “Jome’ as-sahih” kitoblarini yozib olishlari uchun ilmiy majlis tashkil etgan edilar.Firabriyning aytishicha, Imom Buxoriyning o‘zidan to‘qson ming kishi hadis eshitgan. U kishidan oxirgi hadis eshitgan odam Bag‘dodda Qozi Husayn Mahomiliy bo‘lgan.[28]

Ibn Rushayd “Jome’ as-sahih” kitobi haqida shunday deydi: “So‘ng bu kitob Firabriydan mutavotir bo‘ldi. Bas musulmonlar uni marjon qilib taqib oldilar va unga ijmo’ bo‘ldilar”.[29]

Muhaddislar Imom Buxoriyning “Jome’ as-sahih” kitoblariga benihoya e’tibor bilan yondashdilar. Imom Buxoriyning shogirdi Firabriy: “Jome’ as-sahih” kitobini, Buxoriyning o‘zidan 90 ming kishi eshitganini aytib o‘tadi.[30]

Uni yod olish va kelgusi avlodlarga yetkazishda ham muhaddislar tomonidan qo‘yilgan qoidalarga amal qilib, e’tiborli bo‘lishgani, undagi rivoyatlardan ham bilinadi.

“Hozirgi kunda “Jome’ as-sahih”ning qo‘lyozma nusxalari saqlanib qolganmi yoki yo‘qmi?” degan savol barchamiz uchun dolzarb savol sanaladi. Shu masalada manbalarga murojaat qilib, quyidagi ma’lumotlarga ega bo‘ldik: G‘arb va sharqdagi musulmonlar “Jome’ as-sahih”ning nusxalariga ega bo‘lib, ularni masjidlar, xos va umumiy kutubxonalarga qo‘yishga, ulardan barcha birdek foydalanishiga talabchan bo‘lganlar. Keyinchalik musulmon mamlakatlari dushmanlar tomonidan bosib olingach, u kitob va qo‘lyozmalar o‘g‘irlab ketilgan va talon taroj qilinib turli davlatlardagi kutubxonalarga olib ketilgan .Imom Buxoriyning “Jome’ as-sahih” asarlarining qo‘lyozma nusxalari eng ko‘p yozilgan asar sifatida e’tirof etiladi. Hozirda “Jome’ as-sahih”ning to‘liq bo‘laklari yoki ba’zi qismlardan iborat qo‘lyozma nusxasi dunyoning 2327ta kutubxonalarida saqlanmoqda, jumladan: Madinai Munavvaradagi “Malik Abdulaziz” kutubxonasida ushbu kitobning 226ta asl nusxasi mavjud. Ularning ba’zisi to‘liq va ba’zisi bo‘laklardan iborat holda saqlanmoqda.[31]


Kiritilgan vaqti: 27/07/2016 00:00;   Ko‘rilganligi: 13072
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/imom-buxoriy-va-u-kishining-jome-as-sahih-asari
Chop etilgan vaqti: 29/03/2024 19:53
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing