IMOM BUXORIY ULAMOLAR NAZDIDA
Bu satrlarni yozishdan maqsad, Imom Buxoriy xazratlarining tarjimai hollarini kengaytirib, unga zeb berishga urinish emas.
Bu zot haqlarida bundan oldin ham uzundan uzoq musannifotlar bitilgan. Ul kishi haqlarida ma’lumot berishimizdan maqsad, Imom Buxoriyning hadis imomlari va huffozlari orasidagi e’tiborga molik bo‘lgan jihatlarini ko‘rsatib berishdir.
Bu zot, musulmonlar imomi, muhaddislar shayxi, hadis ilmida “Amirul mo‘miniyn”— Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil ibn Ibrohim ibn Mug‘iyra ibn Bardizbadir.
Imom Buxoriyning otalari Abul Hasan Ismoil ibn Ibrohim parxezkor ulamolardan edilar. U kishi Molik ibn Anasdan (hadis) eshitgan va Ibn Muborak bilan qo‘l berib ko‘rishgandilar. Ahmad ibn Hafs, Imom Buxoriyning otalari haqida shunday deydi: “Uning xuzuriga o‘limi oldidan kirdim, shunda u: “Barcha mol-mulkim ichida bir dirham shubxalisi borligini bilmayman” – dedi. O‘sha vaqtda men o‘zimni haqir sanadim”[1]. (1/9)
Imom Buxoriy 194 hijriy 13 shavvol oyi juma kuni Buxoroda tavallud topdilar. Otalari yoshligida vafot etib, onalarining qaramog‘ida yetimlikda o‘sib ulg‘ayadilar. Ul kishi ozg‘in, o‘rta bo‘ylik edilar. Go‘daklik chog‘laridayoq ko‘zlaridan ajrab qoladilar.
Onalari, Alloh taologa o‘g‘lini ko‘zi yana qaytadan ko‘rishligini so‘rab ko‘p duolar qiladi. Bir kuni onalari tushlarida Ibrohim a.s.ni ko‘radilar va Ibrohim a.s. unga qarab: “Ey, sen! Ko‘p duo qilganing yoki ko‘p yig‘laganing uchun Alloh taolo, o‘g‘lingni ko‘zini o‘ziga qaytardi” – deydilar. Shu voqeadan so‘ng Imom Buxoriyning ko‘zlari yana ko‘ra boshlaydi.
Imom Buxoriy yoshlik chog‘laridanoq hadis ilmiga muhabbat qo‘yadilar va ilk hadis ilmiga qiziqishlari haqida u kishining o‘zlari shunday hikoya qiladilar: “Maktabdaligimdayoq o‘n yoki undan kichikroq yoshimdan hadis yodlashga ilhomlandim. So‘ng o‘n yoshdan keyin maktabdan chiqib Doxiliy va undan boshqalar bilan turli fikrda bo‘ldim. Yoshim o‘n oltiga yetgach Ibn Muborak, Vake’ning kitoblarini yod oldim va ray’ ahlining so‘zlarini faxmladim. So‘ng onam va akam Ahmad bilan birga haj qilish uchun Makkaga yo‘l oldim.
Haj qilgach akam vatanga qaytdi va men hadis talabida u yerda qoldim. Yoshim o‘n sakkizga yetganida sahoba va tobeinilarning fazilatlari va so‘zlari haqidagi “Tarix” kitobimni tasnif etdim.
Bu “Tarix” kitobimni Rasululloh s.a.v.ning qabrlari yonida oydin kechalarda yozardim. Menda “Tarix” kitobida keltirilgan ismlar uchun qissalar mavjud bo‘lsada, kitob uzayib ketmasligi uchun uni qisqa qildim.
Imom Buxoriy hadis talabida ko‘plab shaharlarda bir necha bor bo‘ladilar, jumladan: Balh, Niysobur, Ray, Bog‘dod, Basra, Kufa, Makka, Madina, Misr, Shom va boshqalar.
Imom Buxoriy Balxga borganlari haqida shunday deydilar: “Balxga kirganimda, u yerliklar mendan har bir hadis yozib olgan kishimdan hadis rivoyat qilishimni so‘rashdi. Men ularga o‘zim yozib olgan kishilarimdan mingta hadisni aytib berdim”.
Vafotlaridan bir oy oldin: “Men bir ming sakson kishidan hadis yozib olganman. Ularning barchasi hadis ahllari va “Imon—so‘z va amaldan iborat. U ziyoda bo‘ladi va kamayadi” deguvchi kishilar edi” – dedilar.[2] (2/2)
Imom Buxoriy haqlarida o‘z zamondoshlari va undan keyin yashab o‘tgan insonlar ham ko‘plab maqtov so‘zlarni aytib o‘tishgan. Biz ulardan ba’zilarini e’tiboringizga havola etamiz:
Imom Buxoriy: “Kimniki huzuriga bormay, meni undan olgan foydamdan ko‘ra, uni mendan olgan foydasi ko‘proq bo‘lardi” —dedilar.
Imom Buxoriy: “Men yuz ming sahih va ikki ming g‘ayri sahih hadisni yod oldim” —dedilar.
Imom Buxoriy: “Men Allohdan biror-bir kimsani g‘iybat qilmasdan yo‘liqishimni umid qilaman” —dedilar.[3] (2/2)
Imom Buxoriy Basraga kirganida Muhammad ibn Bashshor shunday degan edi: “Bugun, faqihlarning sayyidi keldi. Dunyoda xuffozlar to‘rtta ular: Rayda Abu Zur’a, Niysoburda Muslim ibn Hajjoj, Samarqandda Abdulloh ibn Abdurrohman ad Dorimiy va Buxoroda Ismoil Buxoriydir”.
Qutayba ibn Said: “Men fuqoholar, zoxidlar va obidlar bilan o‘tirdim. Esimni taniganimdan beri Muhammad ibn Ismoildek kishini ko‘rmadim. U, o‘z zamonida saxobalar ichra Umar kabi edi. Agar Muhammad ibn Ismoil sahobalar orasida bo‘lganida, albatta nishona (oyat) bo‘lar edi” —dedilar.[4] (2/2)
Imomlar imomi Abu Bakr Muhammad ibn Is’hoq ibn Xuzayma: “Samo gumbazi ostida hadis ilmini bilishlikda Muhammad ibn Ismoildan ko‘ra bilimdonroq kishi yo‘qdir”—dedilar.[5] (3/485)
Rajo’ ibn Rajo’: “Muhammad ibn Ismoilning ulamolar orasidagi fazilati, erkaklarning ayollar ichidagi fazilatiga o‘xshaydi. U, Alloh taoloning yer yuzidagi oyatidir” —dedilar.[6] (3/483)
Abu Sahl: “O‘ttizdan ziyod Misr ulamolarining shunday deganlarini eshitganman, ular: “Bu dunyodagi hojatimiz Muhammad ibn Ismoilning yuziga bir bora boqishlikdir”—der edilar.[7] (3/485)
Solih ibn Muhammad: “Men hanuz, Muhammad ibn Ismoildan ko‘ra fahmliroq Xurosonlikni ko‘rganim yo‘q” —dedilar.[8] (3/485)
Ahmad ibn Hanbal: “Bizga Xurosondan Muhammad ibn Ismoildek kishi kelmagan” —dedilar.[9] (3/482)
Abu Amr Xofaf, Buxoriydan rivoyat qilganida: “Bizga, taqvodor, pokiza, unga o‘xshashi bo‘lmagan olim Muhammad ibn Ismoil hadis aytdi” der va yana: “U hadisni Ahmaddan ham, Is’hoqdan ham, ulardan boshqalardan ham yigirma barobar ziyodroq biluvchidir. Agar kimda kim u haqida biror (yomon) so‘z aytsa, mendan o‘sha (yomon so‘zni) aytgan kimsaga ming la’nat bo‘lsin” derdi. Va yana: “Agar u shu eshikdan kirsa, meni shu zaxotiyoq qo‘rquv bosadi”—deb aytardi.
Abdulloh ibn Hammod: “Men, Muhammad ibn Ismoil jasadidagi bir tuk bo‘lishni orzu qilaman”—derdi.[10] (3/485)
Salim ibn Mujohid: “Men oltmish yildan beri Muhammad ibn Ismoildan ko‘ra faqihroq va parhezkorroq kishini ko‘rmadim” —dedilar.[11] (3/458)
Musa ibn Horun al Hammal al Hofiz al Bag‘dodiy: “Menimcha, ahli Islom jam bo‘lib, (ilmda) Muhammad ibn Ismoil yetishgan oxirgi (manzilga) yetishmoqchi bo‘lsalar, unga qodir bo‘lmaydilar” —dedilar.[12] (3/485)
Hokim Abu Ahmad: “Kunyalar” kitobida Imom Buxoriy haqida maqtov so‘zlar aytilsa, ular tugamasligini e’tirof etib shunday deydilar: “U, sohilsiz dengizdir”.[13] (3/458)
Hofiz Abu Abbos Ahmad Ibn Muhammad ibn Sa’d ibn Uqda: “Agar bir kishi o‘ttiz ming hadisni yozsa ham, Muhammad ibn Ismoilning “Tarix”laridan behojat bo‘lmaydi” —dedilar.[14] (3/485)
Muslim ibn Hajjoj Imom Buxoriyga qarab: “Dunyoda sizga o‘xshashi yo‘q” – deb u kishining ikki ko‘zi o‘rtasidan o‘pdi va: “ruxsat bering oyoqlaringizni o‘pay, ey, ustozlarning ustozi! Muhaddislarning sayyidi va kasal hadislarning tabibi!” —dedilar.
Yahyo ibn Ja’far al Baykandiy: “Agar o‘z umrim hisobidan Muhammad ibn Ismoilning umrini ziyoda qilishga qodir bo‘lganimda edi, albatta shunday qilgan bo‘lardim. Chunki mening o‘limim bir kishining o‘limidir. Ammo Muhammad ibn Ismoilning vafoti esa ilmning ketishidir”—dedilar.[15] (3/455)
Hadislarni eshitish va ularni rivoyat qilishdagi sermahsul, mashaqqatli safarlaridan keyin Imom Buxoriy nafsi va ruhiga orom berishlik maqsadida tug‘ilib o‘sgan yurti Buxoroga qaytishga qaror qildilar. Buxoroga yetib kelgach, Buxoroliklar shahardan bir farsax masofada chodir tikib, Imom Buxoriyni kutib olishga peshvoz chiqdilar. Deyarli shaharda xech kim qolmadi. Buxoriy yetib kelgach u zotning ustilaridan dinor va dirxamlar (yomg‘irdek) sochildi. Bir muddat Buxoroda hadis aytib turdilar.
Buxoro Amiri Xolid ibn Ahmad Zuhaliy Buxoriyga odam jo‘natib “Menga “Jome’ as Sahih”, “Tarix” va boshqa kitoblaringizni olib kelib, o‘qib bering” – deydi. Imom Buxoriy u yerga borishdan bosh tortdilar. So‘ng Xolid ibn Ahmad, Buxoriyga yana odam yuborib, boshqalarga qo‘shmasdan mening farzandlarimga alohida dars bersangiz” – deydi.
Imom Buxoriy: “Odamlarni bir-birlaridan ajratib dars berish menga to‘g‘ri kelmaydi”–deb yana unamadilar.
Amir Xolid ibn Ahmad, Buxorolik Hurays ibn Abulvarqo boshliq ulamolar yordamida “Imom Buxoriy buzuq masxabda” deb fitna qo‘zg‘ashdi va shahardan chiqib ketishini talab qilishadi. Imom Buxoriy fitna qatnashchilari haqqiga: “Allohim, ular menga qasd qilgan narsalarini o‘zlariga, farzandlariga va ahli ayollariga ko‘rsatgin” – deb duo qildilar. Buxoro amiri Xolid bir oy o‘tmasdan ishdan olindi va qamoqqa tushdi. Qamoqda xor – zor holda vafot etadi. Buxoriyga fitna qilishda qatnashganlarning birortasi qolmasdan, farzand va ahli ayollari bilan birgalikda qilgan ishlarining jazosini tortadilar. Alloh Taolo, Imom Buxoriy duo qilganlaridek ularning barchasiga qilmishlari oqibatini ko‘rsatgan edi.
Imom Buxoriy Samrqanddan ikki farsax masofada joylashgan Xartang[16] qishlog‘iga qarindoshlarinikiga yo‘l oladilar, va u yerga joylashadilar. Abdulquddus ibn Abduljabbor Samarqandiy Imom Buxoriyning kechki namozdan forig‘ bo‘lgach: “Allohim! Yer yuzi qanchalik keng bo‘lmasin, menga torlik qildi. Meni o‘z huzuringga chorlagin” – deb duo qilganlarini eshitdim deydi. Shundan so‘ng bir oy o‘tmasdanoq Imom Buxoriy Xartangda vafot etadilar”.
Hasan ibn Husayn Bazzaz Buxoriy: “Imom Buxoriy 256 xijriy shanba kechasi, ertaga ramazon hayiti deganda vafot etdilar. Ramazon hayiti kuni peshindan so‘ng dafn etiladilar. Imom Buxoriy bu dunyoda 13 kuni kam 62 yil umr kechiradilar”.
Alloh taolo Imom Buxoriyni o‘z rahmatiga olgan bo‘lsin! Bizlarga ham ilm va taqvoda Imom Buxoriy xazratlariga munosib voris bo‘lishlikni nasib aylasin!
Foydalanilgan adabiyotlar
1. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. “Odoblar xaziynasi” kitobi. Toshkent shahri. “Sharq” nashriyoti. 2011 yil.
2. Doktor Muhammad ibn Abdulkarim ibn Ubayd. “Rivoyat va nusax al Jome’ as Sahih” kitobi. Makkai Mukarrama shahri. 2006 yil.
Imom Hofiz Ibn Hajar Asqaloniy “Fathul Boriy”- Bayrut. “Dorul Ma’rifa” nashriyoti. 1379h 1958 m.
[1] Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. “Odoblar xaziynasi” kitobi.1-juz. Toshkent shahri. “Sharq” nashriyoti. 2011 yil.B-9
[2] Doktor Muhammad ibn Abdulkarim ibn Ubayd. “Rivoyat va nusax al Jome’ as Sahih” kitobi. Makkai Mukarrama shahri. 2006 yil.B.2
[3] Doktor Muhammad ibn Abdulkarim ibn Ubayd. “Rivoyat va nusax al Jome’ as Sahih” kitobi. Makkai Mukarrama shahri. 2006 yil.B.2
[4]Doktor Muhammad ibn Abdulkarim ibn Ubayd. “Rivoyat va nusax al Jome’ as Sahih” kitobi. Makkai Mukarrama shahri. 2006 yil.B.2
[5] Imom Hofiz Ibn Hajar Asqaloniy. Fathul Boriy. J.1. -Bayrut. “Dorul Ma’rifa” nashriyoti. –B.485.
[6] Imom Hofiz Ibn Hajar Asqaloniy. Fathul Boriy. J.1. -Bayrut. “Dorul Ma’rifa” nashriyoti. –B.483.
[7] Imom Hofiz Ibn Hajar Asqaloniy. Fathul Boriy. J.2. -Bayrut. “Dorul Ma’rifa” nashriyoti. –B.485.
[8] Imom Hofiz Ibn Hajar Asqaloniy. Fathul Boriy. J.2. -Bayrut. “Dorul Ma’rifa” nashriyoti. –B.485.
[9] Imom Hofiz Ibn Hajar Asqaloniy. Fathul Boriy. J.1. -Bayrut. “Dorul Ma’rifa” nashriyoti. –B.482.
[10] Imom Hofiz Ibn Hajar Asqaloniy. Fathul Boriy. J.2. -Bayrut. “Dorul Ma’rifa” nashriyoti. –B.485.
[11] Imom Hofiz Ibn Hajar Asqaloniy. Fathul Boriy. J.2. -Bayrut. “Dorul Ma’rifa” nashriyoti. –B.458.
[12] Imom Hofiz Ibn Hajar Asqaloniy. Fathul Boriy. J.1. -Bayrut. “Dorul Ma’rifa” nashriyoti. –B.485.
[13] Imom Hofiz Ibn Hajar Asqaloniy. Fathul Boriy. J.2. -Bayrut. “Dorul Ma’rifa” nashriyoti. –B.458.
[14] Imom Hofiz Ibn Hajar Asqaloniy. Fathul Boriy. J.1. -Bayrut. “Dorul Ma’rifa” nashriyoti. –B.485.
[15] Imom Hofiz Ibn Hajar Asqaloniy. Fathul Boriy. J.2. -Bayrut. “Dorul Ma’rifa” nashriyoti. –B.455.
[16] Hozirda Payariq tumaniga qarashli Imom Buxoriy nomlariga qo‘yilgan qishloq.
Kiritilgan vaqti: 21/07/2016 00:00; Ko‘rilganligi: 3695
Chop etilgan vaqti: 06/12/2024 22:06