O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Maqolalar

ILM FAZILATI (bir hadis sharhi)

 
 

Alloh taologa hamd sano, olamlarga rahmat qilib yuborilgan sevikli payg‘ambarimiz Muhammad callallohu alayhi va sallamga durud salomlar va u zotga ergashgan barcha mo‘minlarga Allohning rahmati bo‘lsin!

Barcha dinlar ichida ilk bor ilmning inson hayotidagi o‘rniga ahamiyat bergan va ilmga keng yo‘l ochgan din – Islom dinidir.

Islom – ilm dinidir. Insoniyatga qiyomatgacha dasturul amal bo‘lgan Qur’on Karimning ilk oyatlari ham bunga yaqqol dalil bo‘ladi.

Muqaddas dinimizda ilmning va ulamolarning o‘rni beqiyos. Dunyoning muvozanatda turishligi ham Allohni qalbiga joylagan, taqvodor ulamolarga bog‘liq, chunki olimlar buzilsa olam buziladi.

Ali raziyallohu anhu ta’birlari bilan aytsak, u zot shunday degan edilar: "Olim ro‘zadordan ham, namozlarida qoim namozxon va mujohiddan ham afzalroqdir. Agar olim vafot etsa Islom darz ketadi, u yoriqni faqatgina ilmli o‘rinbosargina yamashi mumkin[1]"

Darhaqiqat Allohdan qo‘rqadigan, ilmga xiyonat qilmaydigan ulamolarimiz bor ekan, bizlar taraqqiyot va farovonlik sari odimlab boraveramiz.

Insoniyat tarixiga nazar solsak, olamshumul yangiliklarning aksari Qur’on Karimni yaxshi o‘zlashtirgan musulmon ulamolar tomonidan kashf etilganini ko‘ramiz. Bu ham bejiz emas albatta, chunki Qur’on Karim bizlarni saodatga eltguvchi osmondan yerga tortilgan Allohning arqonidir.

Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi va sallam ham o‘z hadis shariflarida ilmning fazli va ajri haqida ko‘p bora ta’kidlaganlar. Jumladan quyidagi hadisi sharifda:

روى الترمذي من حديث أبي الدرداء قال : سمعت رسول الله صلى الله عليه وسلم

يقول : "من سلك طريقا يلتمس فيه علما سلك الله به طريقا إلى الجنة وإن الملائكة

لتضع أجنحتها رضا لطالب العلم وإن العالم ليستغفر له من في السموات ومن في الأرض

والحيتان في جوف الماء وإن فضل العالم على العابد كفضل القمر ليلة البدر

على سائر الكواكب وإن العلماء ورثة الأنبياء وإن الأنبياء لم يورثوا دينارا

ولا درهما إنما ورثوا العلم فمن أخذ به أخذ بحظ وافر"

Abu Dardo’ raziyallohu anhu Rasululloh sallallohu alayhi va sallamdan quyidagilarni eshitdim dedilar. Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: "Kim ilm yo‘lini tutsa, Alloh uni jannat yo‘liga yo‘llab qo‘yadi. Albatta, farishtalar ilm talabidagi kishiga rozi bo‘lib, qanotlarini yozib turadilar. Darhaqiqat, olim kishi uchun yer osmondagi mavjudotlar va hattoki suvdagi baliqlar ham istig‘for aytadilar. Albatta olimning obidga nisbatan fazilati to‘lin oyning yulduzlarga ko‘ra fazliga o‘xshaydi. Darhaqiqat, ulamolar payg‘ambarlarning merosxo‘ridir. Payg‘ambarlar dinor va dirhamlarni meros qoldirmadilar, ular faqatgina ilmni meros qoldirganlar. Kimki uni olsa, to‘liq nasiba olibdi" – dedilar.

Sharh:

“Kim ilm yo‘lini tutsa, Alloh uni jannat yo‘liga yo‘llab qo‘yadi. Albatta farishtalar ilm talabidagi kishiga rozi bo‘lgan hollarida qanotlarini yozib turadilar”.

Avvalo ilm yo‘lini tutgan kimsa Allohning jannati sari yo‘lga otlangan sanalib, unga safari davomida farishtalar hamrohlik qiladilar.

Kishining hamsafari har jihatdan yetuk inson bo‘lsa qanday ham yaxshi! U bu safaridan mamnun bo‘ladi, chunki yonida uning ko‘ngliga manzur xamroh bor. Endi agar unga jannat yo‘lidagi hamsafari Allohning mukarram maxluqoti bo‘lmish farishtalar qanotlarini yozib xamrohlik qilsalarchi?!

Bo‘lib ham bu safar Allohning jamolini ko‘rish uchun jannat sari boshlangan safar bo‘lsachi?! Axir bu dunyoda bizlar Allohning roziligiga erishib, jannatiga doxil bo‘lish uchun xarakat qilmayapmizmi?!

Albatta bizning maqsadimiz ham bundan o‘zga emas. Sevikli Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi va sallam buning yechimini ko‘rsatmoqdalar, harakat qilish esa bizlarga qolgan.

“Darhaqiqat, olim kishi uchun yer osmondagi mavjudotlar va hattoki suvdagi baliqlar ham istig‘for aytadilar”.

Yuqoridagilarga qo‘shimcha, Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi va sallam ilm talabida yo‘lga otlangan kishilarga, ular uchun barcha narsalar istig‘for aytib, Alloh taolodan uning gunohlarini kechirishini so‘rab turishi haqida mujda bermoqdalar.

Bu esa aynan biz istagan narsa emasmi?! Biz gunohlarimizni kechirishligi uchun Parvardigorimizga iltijolar, tavba-tazarru’lar qilamiz. Bir kishiga nisbatan Alloh taoloning yeru-osmon va suvdagi mavjudotlarining adadi qancha?! Subhanalloh! Ularning barchalari ilm tolibi uchun istig‘for aytsaya! Bu qanday ham ajoyib marhamat bo‘ldi!

Tolibi ilmning fazli haqidagi hadis shu bilan nihoyalanmadi, balki hadisning davomida ular barchaga yaqqol misollarda ifodalab berildi.

“Albatta olimning obidga nisbatan fazilati to‘lin oyning yulduzlarga ko‘ra fazliga o‘xshaydi”.

Ilm talabidagi kishi bilan ibodatdagi obid oralaridagi farq xuddi to‘lin oy ila yulduzlar o‘rtasidagi farqqa o‘xshaydi. Bu o‘xshatishni anglash uchun juda ham chuqur bilim shart emas, chunki Nabiy sallallohu alayhi va sallam ummatga o‘z o‘gitlarini soddagina qilib tushuntirib berardilar. Bizga ularni tushunish uchun faqatgina eshitish yoki ozgina mutolaa qilish kifoya.

“Darhaqiqat ulamolar payg‘ambarlarning merosxo‘ridir. Payg‘ambarlar dinor va dirhamlarni meros qoldirmadilar, ular faqatgina ilmni meros qoldirganlar. Kimki uni olsa, to‘liq nasiba olibdi”.

Olamda Alloh taologa eng yaqin zotlar payg‘ambarlar. Chunki ularning zimmalarida tog‘lar ham ko‘tarishga bardosh berolmaydigan omonatni yetkazish mas’uliyati bor. Shu sabab ham ular bu yo‘lda yetgan aziyatlarga bardosh ila sabr qilganlar. Butun insoniyatni baxtli hayot kechirishligini ta’minlovchi bu mas’uliyatli omonat — Allohning bandalariga payg‘ambarlari orqali yuborgan dinidir.

Payg‘ambarimiz alayhis-salomdan mol-mulk va dunyo haqida so‘ralganda mol-mulkni mutakabbirlarning ridosi va dunyoni oxiratning bozori deya ta’rifladilar. Darhaqiqat dunyoda mol-davlatini oxirat uchun yaxshiliklarga ishlatgan kishigina bu dunyo bozoridan katta foyda ko‘radi, aks holda uning boyligi unga faqat kibrnigina ziyoda qiladi.

Hech kimga sir emaski mol-mulk, obro‘, mansab-martabaning o‘rni bu hayotimizda salmoqli. Aksar bo‘layotgan voqea-xodisalar, o‘zgarishlarning ortida mazkur manfaatlar turibdi desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Ammo bu manfaatlar qanchalik e’tiborli bo‘lmasin ulardan ma’lum bir shaxslar, mulk egalari va ularning merosxo‘rlarigina foydalanishi mumkin.

Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak mulkka talofat yetishi yoki sohibining vafoti sabab mulk egasining qo‘lidan ketib qoladi.

Payg‘ambarlarga esa, qo‘ldan ketib qolmaydigan boylik-ilm berilgan. Ular ham bu sharafli ilmni o‘zlarining merosxo‘rlari olimlarga meros qoldirib ketganlar. O‘tgan ulug‘larimizdan foydali narsa haqida so‘rashganida "o‘zing bilan har doim birga qoladigani" deb javob berganlar. “O‘zimiz bilan birga bo‘ladigan narsa nima?" deganlarida, "kema cho‘kkanida sen bilan qolgan narsa" deb javob berdilar.

Demak ilm va yaxshi amal dunyodagi barcha narsadan afzal ekan. Payg‘ambarlar bizlarga qanday ham yaxshi merosni qoldirib ketgan ekanlar.

Ilmni meros olgan kishi barcha yaxshilikni qo‘lga kiritibdi, zero ulamolar oyati karimadagi bu dunyodagi "yaxshilik"[2]ni ilm va ibodat deb tafsir qilganlar. Alloh taolo ilm sababli olimlarni oliy qilib, yaxshilik amallarga yo‘lboshlovchi qiladi. Farishtalar, jamiki xayvonlar, parrandalar, dengizdagi baliqlar xattoki ho‘l—quruq narsalar borki barcha—barchasi olimning ilmi sababli unga istig‘for aytadi.

Ilm qalblarning hayoti va ko‘zlarimizning nuridir. Alloh taolo barchalarimizni hadisda keltirilgan olimlardan bo‘lib Allohning rahmatiga noil bo‘lishimizni nasib aylasin!


[1] "Ihyo ulumu-d-din" Abu Homid G‘azzoliy "Dorul Misriya Lubnoniya" nashriyoti. Misr. B.18

[2] “Robbana atina fid dunya hasana....”Baqara surasi 201 oyat


Kiritilgan vaqti: 24/05/2016 00:00;   Ko‘rilganligi: 6380
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/ilm-fazilati-bir-hadis-sharhi
Chop etilgan vaqti: 30/07/2021 02:34
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing