O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Maqolalar

Iftorlardagi isrofgarchiliklar

 
 

Jannatmakon yurtimizga o‘n ikki oyning sultoni bo‘lmish, o‘z nomi bilan gunohlarning kuydirguvchisi bo‘lgan, yaxshilik va barcha ezgu amallarning mukofotlari boshqa oylardagidan ko‘proq qilib beriladigan muborak Ramazon oyi tashrif buyurdi. Bu oy shunday oyki yaxshi amallarda bir birimiz bilan musobaqalashadigan, oxiratimiz uchun amal sandiqlarimizni to‘ldiradigan tengi yo‘q fursatdir. Shunday ekan bu ulug‘ oyni g‘aflatda, bebahra o‘tkazib yubormaylik.

Ramazon oyi kirib kelar ekan jomelarimizdan ixlosmand xalqimizning qadami uzilmaydi. Kimdir ibodat, yana kimdir ro‘zadorlar uchun iftorlik qilib berib, ajr savobga ega bo‘lsam, marhum va marhumalarimning ruhoniyatlarini shod etib, ro‘zadorlar uchun dasturxon yozsam kabi murojaatlar bilan huzurimizga tez-tez kela boshlaydilar. Shu munosabat ila bu boradagi ayrim tushunmovchiliklar, bid’at va xurofotlarga barham berishligimiz eng muhim muammolarimizdan biridir.

Salmoni Forsiy roziyallohu anhu shunday deydilar: “Sha’bon oyining oxirgi kuni Rasululloh sallallohu alayhi vasallam bizlarga xutba o‘qib shunday dedilar:

“Ey odamlar! Sizlarga eng ulug‘ va barokatli oy kelmoqda. U oyda bir kecha borki, u ming oydan afzaldir. Alloh taolo u oyda ro‘za tutishni farz, kechasi namoz o‘qishni nafl qilgan. U oyda kimda kim biror bir nafl amal qilsa, boshqa oyda farz amalini ado qilgan bilan teng bo‘ladi, kimda kim bu oyda biror farz amalini ado etsa, boshqa oyda yetmishta farz amalini ado qilgan bilan teng bo‘ladi. U sabr oyi. Sabrning mukofoti esa jannatdir. U xayr ehson ulashiladigan oy. Bu oyda mo‘minning rizqi ziyoda bo‘ladi. Kimki bu oyda birorta ro‘zadorga iftorlik qilib bersa, uning gunohlari kechiriladi va do‘zaxdan ozod bo‘ladi. Shuningdek, unga ham ro‘zadorning savobidan kam bo‘lmagan savob beriladi”.

Shunda biz: “Ey Rasululloh! Hammamiz ham ro‘zadorga iftorlik qilib bera olmaymiz-ku” dedik. Rasululloh sallallohu alayhi vasallam:

“Alloh taolo bu savobni ro‘zadorga bir qultum sut yoki bitta xurmo yoki bo‘lmasa bir xo‘plam suv bilan iftorlik qilib bergan kishiga beradi. Kimki ro‘zadorni qornini to‘yg‘azsa, Alloh qiyomatda unga Havzi kavsardan bir qultum suv ichiradi, natijada u to jannatga kirgunicha chanqamaydi” dedilar”.

Mazkur hadisi sharif mazmunidan ma’lum bo‘lmoqdaki, ro‘zadorga iftorlik qilib berayotgan odam uchun dasturxonning katta kichikligi emas balki, uning ko‘nglidagi niyati va ixlosi birlamchidir.

Ming afsuslar bo‘lsinki, oxirgi paytlar iftorlik kabi ezgu amalning ham o‘rni yo‘qolib, dabdaba, kimo‘zarlik ko‘rinishida kafe va restoranlarda o‘tkazilayotganini guvohi bo‘lmoqdamiz. Savob olaman deb, bilib bilmasdan gunohga, xatoga qo‘l urib qo‘ymoqdamiz.

Alloh taolo Qur’oni karimda shunday marhamat qiladi:

ﻭﺍﻟﺬﻳﻦ ﺇﺫﺍ ﺃﻧﻔﻘﻮﺍ ﻟﻢ ﻳﺴﺮﻓﻮﺍ ﻭ ﻟﻢ ﻳﻘﺘﺮﻭﺍ ﻭ ﻛﺎﻥ ﺑﻴﻦ ﺫﻟﻚ ﻗﻮﺍﻣ

ﺳﻮﺭﺓ ﺍﻟﻔﺮﻗﺎﻥ/67

“Ular ehson qilganlarida isrof ham, xasislik ham qilmaslar, (tutgan yo‘llari) buning o‘rtasida-mo‘tadildir” (Furqon surasi/67)

Ushbu oyati karima ma’nosiga amal qilib, ehson dasturxonlarimizni isrof va dabdabadan xoliy tarzda, faqat O‘zining roziligini istagan holda o‘tkazishga harakat qilaylik.

Bugun bandasini ma’naviy, ruhiy jihatdan tarbiyalaydigan ulug‘ bir fursat Ramazon oyi boshimiz o‘zra ko‘lanka yozib turibdi. Bu ezgu ishlarimizni mana shu oyda o‘tkaziladigan iftorliklarimizdan boshlasak, nurning ustiga yana nurni qo‘shganimiz bilan teng bo‘ladi insha Alloh. Alloh taolo yurtimizga O‘zining shunday ulkan ne’matlarini berayotgan ekanki ularning qadriga yetib, shukur qilaylik. Isrof qilib qo‘ymaylik.


Kiritilgan vaqti: 28/05/2017 00:00;   Ko‘rilganligi: 2224
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/iftorlardagi---isrofgarchiliklar
Chop etilgan vaqti: 02/12/2024 16:45
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing