HIKOYA...
Ibn Rajab va undan boshqalar ham mana bu voqeani hikoya qilishadi:
Obid bandalardan bo‘lgan bir kishi Makkada ekan chog‘ida hech vaqosi qolmagani sababli och-nahor qolib, o‘lar holatga yetdi.
Makka ko‘chalaridan birida aylanib yurar ekan nogahon yerda yotgan qimmatbaho marjonni bosib olib, oyog‘i toyilib ketdi. Uni cho‘ntagiga solib, haramga kirdi.
Haramda bir kishi ana shu marjon haqida gapirar edi. Marjonni topib olgan kishi aytadi: U odam marjonning tuzilishlarini to‘g‘ri aytdi, menga biror bir suyunchi berar degan niyatda unga marjonni berdim.
U esa hech narsaga qaramay, bir dirham ham bermasdan marjonni olib ketdi. Shunda men: Allohim, men topib olgan narsa – marjonni Sen uchun tark qildim, menga bundan ham yaxshirog‘ini bergin, deb duo qildim.
Shundan so‘ng dengizga borib qayiqqa o‘tirdim. Kuchli shamol esib qayiq ag‘darildi, men esa bir yog‘ochga minib, orolga yetib keldim, u yerda masjid bor ekan. Odamlar u yerda namoz o‘qishayotganini ko‘rib men ham ular bilan birga namoz o‘qidim. Keyin o‘sha yerda Qur'on sahifalaridan bir nechtasini topib o‘qiy boshladim. Orol ahli mendan: Sen Qur'on o‘qishni bilasanmi?, deb so‘rashdi. Men: Ha, deb javob berdim. Ular: Bizning farzandlarimizga ham Qur'on o‘rgatmaysanmi?, deyishdi. Shundan so‘ng men ularning farzandlariga maosh evaziga Qur'on o‘qita boshladim. Xattotligimni ko‘rishgach, farzandlariga xattotlikni o‘rgatishimni so‘rashdi, maosh evaziga ularga xattotlikni ham o‘rgata boshladim.
Orol ahli menga: Bu yerda yaxshi bir kishining qizi borligini, ota-onasidan erta ajraganligini va uni o‘z nikohimga olishimni so‘rashdi. Men rozilik bildirib, unga uylandim. To‘y kuni uning oldiga kirar ekanman, bo‘ynida men bilgan marjonning ayni o‘zini ko‘rib, undan bu marjon haqida so‘radim. U: Kunlarning birida uning otasi marjonni yo‘qotib qo‘yganini, uni bir kishi topib olib, unga topshirganini, otasi o‘sha insonni eslab namozda – sajda holatida qiziga ana shunday jufti halol berishini duo qilib so‘raganini, aytib berdi. Uning otasi aytgan kishi men edim.
Shunday qilib marjon unga halol holda yetib keldi, chunki u marjonni Alloh uchun tark qilgan edi, Alloh unga undan ham yaxshirog‘ini evaz qilib berdi.
Jahongirxon Abrorov O‘MI – Samarqand viloyati vakilligi matbuot kotibi "Mahzun bo‘lma" kitobi asosida tayorlandi
Kiritilgan vaqti: 07/01/2020 14:25; Ko‘rilganligi: 1077
Chop etilgan vaqti: 14/10/2024 14:31