Hasad – hasanot kushandasi
Jamiyatimizda mo‘min-musulmonlar amal qiladigan turl xil yaxshi xislatlar bilan birga zararli xulqlar ham, afsuski, mavjud. Shulardan biri hasaddir. Birinchi gunoh Iblis tomonidan Odam alayhissalomga kibr va hasad qilishidan kelib chiqdi. Yer yuzidagi qotillik ham hasad sababli sodir bo‘ldi. Odam alayhissalomning o‘g‘li Qobil o‘z ukasi Hobilga hasad qildi va uning qotiliga aylandi. Hasad – bandalar ichidagi Allohning taqsimiga e'tirozdir. Allohning biror ne'matni o‘z bandasiga ato yetishi yoki bermasligiga e'tiroz qilgan kishining holati og‘ir bo‘ladi. Zero, Alloh o‘z hikmatiga binoan xohlagan bandasiga xohlagan ne'matini beradi, xohlamas – yo‘q. Alloh taolo har narsani bilguvchi va hikmat sohibi bo‘lsa, unga qanday e'tiroz qilish mumkin?!
Hasad – bir kishiga berilgan ne'matni undan ketishini xohlashlikdir. Hasadning bundan ham yomonrog‘i – bir insonga berilgan ne'matning yo‘q bo‘lishini orzu qilish bilan, o‘sha nemat o‘zida hosil bo‘lishini ta'ma qilishdir. Alloh taolo Qur'oni karimda hasadning yomonligi to‘g‘risida shunday deydi:
“Yoki (ular) Alloh O‘z fazlidan bergan ne'matlari uchun odamlarga hasad qilishadimi? Axir, Biz (ilgari ham) Ibrhim nasliga (Yusuf, Dovud, Sulaymon kabi zotlarga) Kitob, Hikmat berib, yana ularga buyuk mulk (hukmronlik) ham ato yetgan yedik-ku!” (Niso surasi, 54-oyat).
Alloh taolo Qur'oni karimning oxirgi suralaridan bo‘lgan “Falaq” surasida hasad qiluvchining yomonligidan panoh so‘rashga buyuradi:
“Hamma hasadchining hasadi yovuzligidan” (panoh so‘rayman deb ayting) (Falaq surasi, 5-oyat).
Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi va sallam hasaddan ogohlatirib shunday deganlar: “Hasaddan saqlaninglar. Chunki u xuddi olov o‘tinni yegani kabi, yaxshiliklarni yeydi” (Imom Buxoriy rivoyati).
O‘z o‘rnida Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi va sallam bir qancha hadislarida hasadning davosini aytib o‘tadilar:
“Uchta xislat ummatimda doim bo‘ladi” yomon gumon, hasad va shumlanish. Gumon qilsang yuzaga chiqarma; hasad qilsang, istig‘for ayt; shumlansang yo‘lingda davom yet” (Imom Tabaroniy riboyati).
Yana bir hadisda Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi va sallam shunday marhamat qiladilar: “Har bir odam hasadchidir, (lekin) madomiki (hasadini) tiliga chiqarmasa, (hasadiga) qo‘li bilan amal qilmasa hasadchiga hasadi zarar qilmaydi” (Imom Abu Nu’aym rivoyati).
Ba'zi bir hadislarda hasad so‘zi havas ma'nosida kelgan: “Ikki kishidan boshqaga hasad qilish yo‘q: Alloh Qur'onni ato qilgan kishi va Qur'onni kechayu kunduz haqqini ado qiladigan kishi; Alloh mol bergan va u molin kechayu kunduz infoq-ehson qiladigan kishi” (Imom Buxoriy rivoyati).
Bu hadis haqida Imom Jaloliddin Suyutiy shunday deydi: “Hasad ikki xil bo‘ladi: haqiqiy va majoziy. Haqiqiy hasad bir kishidan ne'matning yo‘q bo‘lishini istash; bu ijmo' va boshqa dalillar bilan harom qilingan. Majoziy hasadni “g‘ibta” deyiladi. “G‘ibta” degani ne'mat yegasidan ketmasdan, o‘zida ham bo‘lishini orzu qilishdir (buni bizda “havas” deyiladi). Dunyo ishlarida havas qilish – muboh ish. O‘zgalar qilayotgan toatlarni orzu-havas qilish yesa mustahabdir”.
Qalbni gina-qudratlardan poklash – mo‘min kishini jannatga olib kiruvchi katta yutuqdir.
Shu o‘rinda aytib o‘tish joizki, kun sayin dunyo hamjamiyatida o‘zining munosib o‘rnini topib borayotgan sevimli vatanimiz va vatandoshlarimizga hasad ko‘zi bilan yemas, balki havas ko‘zi bilan qarash kerak. Alloh taolo barchamizni hasaddan, buzg‘u adovatdan asrasin, o‘zaro do‘stu yor bo‘lib yaxshilikni muyassar qilsin!
Raxmonov Abduqayum Urgut tumani “Abduqahhor” jome masjidi imom-xatibi
Kiritilgan vaqti: 24/04/2020 10:20; Ko‘rilganligi: 1264
Chop etilgan vaqti: 14/10/2024 14:42