HALOLLIK VA TADBIRKORLIK BARAKA OMILI
Inson hayotini o‘zaro oldi-berdi muomalalarisiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Kishilar ehtiyojlarini qondirish maqsadida doimo nimadir sotishga, nimanidir olishga majbur bo‘ladilar. Ba’zilarni bu borada omadi chopadi, ba’zilarni esa ishi teskaridan keladi.
Tirikchilikdan nolib, qancha mehnat qilmasin kosasi oqarmayotganini yoki ko‘p pul topsada, barakasi bo‘lmayotganini shikoyat qilayotgan kimsalarni ko‘plab uchratamiz.
Ma’lumki, savdo ishlari o‘z oldiga foyda olish, mablag‘ ko‘paytirishni maqsad qilib qo‘yadi. Demak, tijorat bilan shug‘ullanildimi undagi maqsad ro‘yobga chiqishi kerak. Agar savdoda kasodga uchraladigan bo‘lsa, bu holda uning shartlariga mukammal rioya qilinmagan bo‘ladi. Islom shariatida savdoning barakali bo‘lishi uchun uning avvalambor halol bo‘lishi, keyin tadbirkorlikka tayanishi asosiy omil sifatida ko‘rsatilgan.
Islom shariati ko‘plab jihatlarni isloh etgani qatorida savdo muomalalarini ham tartibga solib qo‘ygan. Alloh taolo to‘g‘ri yo‘l bilan kasb qilish va uning ortidan foyda olish yo‘llarini keng qilib ochib berdi. O‘zining kalomida bu borada ko‘plab oyatlar keltirdi. Jumladan Baqara surasining 198 oyatida shunday marhamat qiladi:
لَيْسَ عَلَيْكُمْ جُنَاحٌ أَنْ تَبْتَغُوا فَضْلًا مِنْ رَبِّكُمْ
"(Haj mavsumida tijorat bilan) Rabbingizdan fazl tilashingizda sizlarga (hech qanday) gunoh yo‘qdir".
Jum’a surasining 10 – oyatida esa insonlarga qarata:
فَإِذَا قُضِيَتِ الصَّلَاةُ فَانْتَشِرُوا فِي الْأَرْضِ وَابْتَغُوا مِنْ فَضْلِ اللَّهِ
“Bas, qachonki, namoz ado qilingach, yerda tarqalib, Allohning fazli (rizqi)dan istayveringiz!” deya xitob qilib, ularni intilishga, tijorat bilan yoyinki boshqa bir kasb bilan shug‘ullanishga undagan. Muzzammil surasining 20 oyatida bo‘lsa:
عَلِمَ أَنْ سَيَكُونُ مِنْكُمْ مَرْضَى وَآَخَرُونَ يَضْرِبُونَ فِي الْأَرْضِ يَبْتَغُونَ مِنْ فَضْلِ اللَّهِ
"U sizlarning orangizda bemorlar bo‘lishini, boshqalar Allohning fazli (rizqi)ni istab, yer yuzida safar qilishlarini bilgan", deb aytgan.
Mufassir ulamolarimiz oyatlardagi Alohning fazlidan murod tijorat foydasi ekanini aytishgan. Kishining ibodatga zarari yetmaydigan darajadagi halol kasb bilan shug‘ullanishi shar’an mahbub ishlardan hisoblanadi.
Ma’lumki, iqtisod, tijorat, savdo masalalarining barchasi asosan mol to‘plash, ularni o‘z o‘rniga sarflashdan iborat bo‘ladi. Kim sotib olish jarayonida xaridorgir narsalarni tanlay olsa, keyin ularni sotishda ham mahorat bilan yo‘l tutsa, shubha yo‘qki, savdosi muvaffaqiyatli bo‘ladi. Bu jarayonni shar’iy bo‘lsin, noshar’iy bo‘lsin har qanday tijoratda kuzatish mumkin. Ko‘plab tojirlar savdoga doir hukmlarni bilmaganlaridan noto‘g‘ri yo‘llardan foyda olib qo‘yadilar. Shuning uchun ham savdo bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lgan shaxsga birinchi navbatda shariat hukmlarini bilishi zarur bo‘ladi. Chunki Alloh taolo mol to‘plashning, foyda ko‘rishning har qanday ko‘rinishi ham halol qilmagan. Balki, ba’zilarini halol qilgan, ba’zilarini esa harom qilgan. “Baqara” surasining 275 oyatida shunday deyiladi:
وَأَحَلَّ اللَّهُ الْبَيْعَ وَحَرَّمَ الرِّبَا
"Holbuki, Alloh bay’ni halol, sudxo‘rlikni (esa) harom qilgan".
Ushbu oyat foyda keltiradigan har qanday ish halol bo‘lavermasligiga yorqin dalildir. Savdoda qo‘lga kiritilgan pul va ko‘rilgan foyda evaziga xaridorga nimadir beriladi. Shuning uchun u haloldir. Sudxo‘rlikda esa evazsiz foyda ko‘riladi. Kelayotgan daromad tagida hech qanday mol-mulk bo‘lmaydi. Uning haromligi ham shundan. Bundan chiqadiki, savdogarga to‘g‘ri yo‘lni noto‘g‘risidan ajratib olishi lozimdir.
Mol to‘plashda va uni sarf qilishda Allohning hukmlarini bilish o‘ta muhim. Negaki, bularni bilmagan kishi haromga aralashib qoladi. Aniqki, noshar’iy yo‘llar, vositalar bilan topilgan narsalar ham harom hisoblanadi. Bunday mol-davlatdan sohibiga hech qanday naf yo‘q. Hasrat va nadomatdan bo‘lak foyda keltirmaydi.Alloh taolo aytadi:
يَمْحَقُ اللَّهُ الرِّبَا وَيُرْبِي الصَّدَقَاتِ وَاللَّهُ لَا يُحِبُّ كُلَّ كَفَّارٍ أَثِيم
Alloh sudxo‘rlikni (foydasini) yo‘q qiladi va sadaqa (beruvchilarga boylik)larni ziyoda etadi. Alloh har qanday (sudxo‘rlikni halol deb biluvchi) kofirni va (uni davom ettiruvchi) gunohkorni yoqtirmaydi.
Oyati karimadan tushunamizki, harom yo‘l bilan kelgan boylik qancha ko‘p bo‘lmasin Alloh uni bebaraka qiladi. Oxir oqibat egasiga ham boshqaga ham foydasi tegmasdan yo‘q bo‘lib ketadi. Uning sohibi esa Robbisiga suyuksiz bandaga aylanadi.
Mo‘min kishidan savdoning shar’iy jihatlarini bilish bilan birga, tadbirkor bo‘lishi, yaxshi natija beradigan taraflarni izlab topishi ham talab qilinadi. Goho kishi qilmoqchi bo‘lgan ishining shariatda ruxsat berilganligini bilishi mumkin. Lekin, no‘noqlik qilib ish ko‘zini topib bilmasa, ko‘zlagan foydasi o‘rniga zarar ko‘rib qoladi. Zero, tadbirsiz qilingan ishda ham yaxshilik yo‘qdir. Betadbir kishi shariatni qanchalik o‘rganmasin ko‘zlagan natijasiga yeta olmaydi. Hunarmand, ishbilarmon kishilar esa hamisha muvaffaqiyatga erishganlar. Rasululloh sallallohu alayhi vasallam ham:
إن الله يحب العبد المحترف
“Albatta, Alloh hunarmand bandasini yaxshi ko‘radi”-deganlar. Negaki, hunarmand kishi birinchi navbatda boshqalarga muhtoj bo‘lishdan xalos bo‘ladi. Uning sababidan insonlar turli xil ehtiyojlarini qondiradilar. Boshqa hadisda esa:
التاجر الصدوق الأمين مع النبيين والصديقين والشهداء يوم القيامة
"Omonatdor, rostgo‘y savdogar qiyomat kuni nabiylar, siddiqlar va shahidlar bilan birgadir", deyilgan.
Islom shariati kishilarni tijorat, dehqonchilik, hunarmandchilik kabi ishlar bilan shug‘ullanib, hayotini go‘zallashtirib borishga undaydi. Chunki, buningdek ishlar ostida yer yuzining obodligi, dunyo hayotining islohoti yotadi.
Usmonxon Muhammadiyev
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyat vakilligi mutaxassisi
Kiritilgan vaqti: 09/01/2016 00:00; Ko‘rilganligi: 3663
Chop etilgan vaqti: 15/10/2024 15:09