Halol rizq
Islom dini to‘lig‘icha poklik asosida qurilgandir. Alloh taolo mo‘min-musulmonlarni halol kasb va halol yo‘l bilan rizq topishga va pok narsalarni iste’mol qilishga buyuradi. Bu haqda Alloh taolo shunday marxamat qiladi:
“Ey, iymon keltirganlar! Sizlarga rizq qilib berganimiz pok narsalardan yenglar va Allohga shukur qilinglar, agar U Zotga ibodat qiladigan bo‘lsalaringiz.” (Baqara 172).
Bu ilohiy amr bandaning foydasi uchundir. Pok narsalarni yegan va undan foydalangan inson ham moddiy va ham ma’naviy sog‘lom bo‘ladi. Demak, pok narsalarni yaratgan va pok narsalarni iste’mol qilishga amr qilgan Allohga shukr qilish mo‘min bandaning burchidir.
Payg‘ambarimiz alayhissalom bunday nasihat qiladilar: “Sizlarga nima halol qilingan bo‘lsa, uni olinglar, Alloh harom qilgan narsalardan chetlaninglar.” (Ibn Moja rivoyati).
Zayd ibn Arqam roziyallohu anhu Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhuning doimo halollikka e’tibor berishligi xaqida shunday deydi:
“Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhuning bir quli bo‘lib, u ishlab bir narsalar topib kelar edi. Bir kecha o‘sha qul taom olib keldi. Abu Bakr roziyallohu anhu undan bir luqma yegan vaqtida qul u kishiga sizga nima bo‘ldi? Har kecha mendan olib kelgan narsalarimni qaysi yo‘l bilan topib kelganim haqida so‘rar edingiz, bu kecha esa so‘ramadingiz dedi.
Buni yeyishga meni ochlik majbur qildi. Buni qaysi yo‘l bilan topib kelding? – dedi Abu Bakr roziyallohu anhu.
Johiliyat paytida bir qavm oldidan o‘tayotib ularga dam solgan edim. O‘sha paytda ular menga biror narsa berishni va’da qilishgan edi. Bugun ularning oldidan o‘tib ketayotsam, to‘y bo‘layotgan ekan, o‘sha va’da qilgan narsalarini berishdi – dedi qul.
Meni halok qilay debsan-ku dedi Abu Bakr roziyallohu anhu va qo‘lini og‘ziga tiqib qusishga xarakat qila boshladi. Yegan narsasi esa chiqmadi. U kishiga bu narsa faqat suv bilan chiqadi deyildi. U kishi bir idishda suv olib kelishlarini buyurdi. Suv keltirilgach undan ichib qusishga urindi. Oxiri yegan narsasini chiqarib tashladi. Shunda u kishiga Alloh rahmingizni yesin, bir luqmani deb shunchalik qilasizmi? – deyildi.
Abu Bakr roziyallohu anhu agar yegan narsam jonim bilan qo‘shilib chiqadigan bo‘lganida ham, albatta chiqarar edim. Rasululloh alayhissalomning “Haromdan o‘sgan har bir jasadga do‘zax vojibdir” , deganlarini eshitganman. Ushbu luqmadan jasadimda biror o‘sish bo‘lib qolmasin deb qo‘rqdim”, dedi.
Allohdan qo‘rqgan mo‘min inson doimo halollikka e’tibor berib, haromdan hazar qiladi. Atrofimizda yashab turgan kishilar orasida ham shunday halol kishilar topiladi. Bir yurtdoshimiz xorijga safarga chiqibdi. Sovg‘a-salom sotib olish maqsadida do‘konga kiribdi. Pulini to‘lash uchun hisobchiga murojaat qilganida hisobchi 4.45 $ to‘lashligini aytibdi. Vaholanki, haridorning xisobi bo‘yicha olgan narsalari 44.5 $ bo‘lishi kerak ekan. Shunda xaridor hisobchiga siz adashdingiz debdi. Hisobchi ayol undan norozi bo‘lib, bo‘lishi mumkin emas deb qo‘rslik qilibdi. Shunda do‘kon rahbarlaridan biri kelib, bahsga aralashib, siz nohaqsiz mashina hisobda adashmaydi deganida, mashina adashmasligi mumkin, lekin odam xato qilishi mumkin-ku debdi xaridor. Shundan keyin hisobchi olingan narsalarni qayta hisob-kitob qilsa, xaridor haq bo‘lib chiqibdi. Hisobchi esa xaridorga ham rahmat aytibdi, ham hayratlanibdi. To‘lanishi kerak bo‘lgan qo‘shimcha 40.05 $.ni olmay, aksincha halolligi uchun musulmon xaridorga sovg‘a beribdi. G‘ayridinlar musulmonlarni bunday holda ko‘rgach, albatta, musulmonlarga nisbatan muhabbatlari uyg‘onadi. Demak, har bir mo‘min-musulmon kishi jamiyatda o‘zi halolligi va xudojo‘yligi bilan boshqalarga ibrat bo‘lishi lozim.
"islomobod.uz"dan
Kiritilgan vaqti: 31/10/2016 00:00; Ko‘rilganligi: 5032
Chop etilgan vaqti: 02/12/2024 15:13