GO‘ZAL XULQ FAZILATI
Yaratganning bandasiga in’om etgan go‘zal va buyuk ma’naviy in’omlaridan biri husni xulq, ya’ni, go‘zal fazilatdir.
Husni xulq - bu inson ichki dunyosini va ruhiy olamini go‘zallashtiribgina qolmay, uning fe’l atvorida ham namoyon bo‘ladigan go‘zal fazilatdir. Shu bilan birga husni xalq degan so‘z ham borki, bu kishining tashqi go‘zalligini ifoda etadi. Husni xulqsiz husni xalq nisbiy go‘zallikdir. Inson tabiatidagi xulqlar ikki xil bo‘lib - ular axloqi hamida va axloqi zamima deb nomlanadi. Bu so‘zlar xalqimiz orasida axloqi hamidani husni xulq, go‘zal axloq, xush xulq deb izohlansa axloqi zamimani esa bad axloq, xulqi buzuq kabi atamalar bilan talqin qilinadi.
Xulq inson tabiatida mutlaq sobit turuvchi, o‘zgartirib bo‘lmaydigan atvor emas. Kishi o‘z tabiatida mavjud bo‘lgan husni xulqni davomiy sayqallashi, mavjud bo‘lmaganini esa hosil qilmoqlik uchun astoydil urinmog‘i lozim bo‘ladi. Ulamolar bunga misol tariqasida Rasulimiz Muhammad (s.a.v.)ning o‘z as’hoblariga (r.a) xulqlarini go‘zallashtirishga amr qilishlari va bad axloqlikdan ogohlantirishlarini, hatto o‘zlariga Alloh tomonidan buyuk xulq sohibi ekanliklari vahiy orqali e’lon qilingan bo‘lsada Allohdan doimo xulqlarini yanada go‘zal qilishligini va nomaqbul xulqlardan asrashini so‘rab duo qilganliklarini hadisi shariflar orqali bayon qiladilar. Zero Islom dinining asl maqsadlaridan biri Rasululloh (s.a.v.)ning zimmalaridagi risolat burchi ham solih axloqlarni batamom mukammal etish ekani Rasululloh (s.a.v.) ning muborak tillaridan bayon qilingan haqiqatdir.
Yaxshi xulq mo‘minning dunyosini ham oxiratini ham obod qiladigan omildir. Xushxulq kishi jamiyatning qaysi jabhasida bo‘lsa ham u ota yoki ona, farzand yoki nabira, ustoz yoki shogird, amaldor yoki xodim - barchaga mahbub bo‘ladi, do‘st-u yaqinlari unga xayri xoh bo‘lib va qadrdonlarining safi ko‘payadi. Badaxloq kishi ma’nan qashshoqdirki, undan barcha o‘zini uzoq olmoqqa harakat qiladi, nafratlanadi.
Mo‘min kishi o‘zida axloqi hamidalarni kashf etmoq va sayqallamoqni istasa Rasululloh (s.a.v.)ning xulqlari bilan xulqlanishga harakat qilmog‘i lozimdir. Rasululloh (s.a.v.)ning xulqlari Qur’oniydir. Qur’on esa buyuk xulq egasi Ollohning go‘zal xulqlariga targ‘ib qiladigan buyuk kitobdir.
Bu xususida Mo‘minlar onasi Oisha (r.a) dan ibn Hishom (r.a) Rasululloh (s.a.v.) axloqlari haqida so‘raganlarida u kishidan (Oisha (r.a) dan) olgan javoblariga diqqat qilishimiz kifoya qiladi: “U zotning (Rasululloh (s.a.v.) ning) xulqlari Qur’on edi”.
Olloh taolo Qalam surasining 4- oyatida “Va albatta siz buyuk xulq uzradirsiz” degan.
Demak Islom dini go‘zal axloqlar dinidir. Hozirgi kunimizda jamiyat oldidagi komil inson tarbiyasidek muhim vazifa turgan bir pallada “Zamonaviy demokratiya erkinliklari” niqobi ostida “Olamoncha madaniyat” deb nomlanuvchi mafkuraviy, axloqiy buzuqlikni targ‘ib qiluvchi, milliy-ma’naviy madaniyatimiz o‘q tomiriga halokat zarbasini berishni o‘zining oliy maqsadi qilib olgan illatning shiddat bilan kirib kelayotgani kishini dahshatga soladi. Hech qaysi samoviy din insoniyatga ravo ko‘rmaydigan axloqsiz omillarni o‘zida mujassam etgan bu ofat ayniqsa yoshlar ongini o‘z iskanjasiga olish uchun turli vositalarni - jumladan; behayo seriallar, multfilmlar, internet tarmog‘idagi ko‘plab saytlarga joylashtirilgan hayosiz filmlar, suratlar, maqolalar va shu kabilarni ishga solmoqda. Demak axloqsizlik din va millatlarning ayovsiz dushmani bo‘lib, komil inson tarbiyasiga qarshi qaratilgan yovuz kuchdir.
Aslida Musulmon kishining ommaviy madaniyatdan olinadigan “yaxshi g‘oya" va mafkuralarga qarshi immuniteti bo‘lmog‘i shart! Bu go‘zal axloqdir!
Kishi qachon komillikka erishadi? - Iymoni komil bo‘lsa!
Iymon qachon komil bo‘ladi? - Xulq go‘zal bo‘lsa!
Bu xususda Ibn Najjor rivoyat qilgan hadisda shunday deyiladi: “Mo‘minlarning eng iymoni komilrog‘i eng go‘zal xulqlilaridir va albatta musulmon shunday kishiki - musulmonlar uning tili hamda qo‘lidan salomat bo‘lganlaridir (ya’ni: ozor ko‘rmaslar)”.
Demak kishi iymoni komil bo‘lmog‘i uchun go‘zal xulqni, islomi rost bo‘lmog‘i uchun yesa shafqatni o‘zida mujassam etmog‘i kerak ekan. Bu muborak hadisni o‘qib-o‘rganganimizda fikrimizga bir mulohaza keladi. Hozirgi kunda axloqsizlik va shafqatsizlikning ko‘z ko‘rib quloq eshitmagan barcha ko‘rinishlarini amalga oshirayotgan ISHIDchi va shu kabi terrrorchi to‘dalar o‘zlarini “haqiqiy, sof islom namoyondalari va e’tiqodchilari” deb butun dunyoga jar solishlaridan oldin nahotki bu ulug‘ hadisni o‘qimagan, ma’nosini bilmagan bo‘lsalar?!... Ular Qur’oni karim va hadisi shariflardagi oddiy islomiy haqiqatni anglamaydilarmi?
O‘qiydilar - ammo qalb ko‘zlari ko‘r,
Eshitadilar - ammo qalb quloqlari kar. Johillikning oqibati bu!
Mazkur hadisdan olinadigan yana bir ma’no shuki - haqiqiy mo‘min musulmon axloqsiz bo‘lmaydi. Bordiyu axloqsizlik botqog‘iga botsa zulmkor zolimga aylanadi. Bundan anglanadiki Islom e’tiqodida yuksak ibodatlar maqomi berilgan husni xulq ayni damda komil inson tarbiyasi mezoni bo‘lib olomoncha madaniyat va terrorga qarshi eng ishonchli immunitethamdir.
Kiritilgan vaqti: 20/02/2016 00:00; Ko‘rilganligi: 20267
Chop etilgan vaqti: 12/12/2024 10:06