O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Maqolalar

Farzand tarbiyasida otaning o‘rni

 
 

Odamni va undan o‘z juftini yaratib va ulardan zurriyotlarni chiqarib, halol rizq bilan rizqlantirib qo‘ygan zotga cheksiz hamdu sanolar bo‘lsin.

Mukammal go‘zal xulq bilan yuborilgan va bashariyatning buyuk muallimi bo‘lgan payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalomga salavotu salomlar bo‘lsin.

Darhaqiqat, islom dinida farzandlar tarbiyasiga katta e’tibor qaratilgan bo‘lib, ularning dunyoga kelishida, ruhan, jismonan va aqlan sog‘lom bo‘lishida, har tomonlama barkamol avlod bo‘lib yetishishida asosiy mas’uliyatni ota-onaning zimmasidagi burch deb etib belgilab berilgan. Ushbu burchni o‘ta muhimligiga dalolat qilib Alloh taolo o‘zining kalomida:

"Ey imon keltirganlar! O‘zlaringizni va oila a’zolaringizni yoqilg‘isi odamlar va toshlar bo‘lmish, dag‘al va qattiqqo‘l, Alloh buyurgan narsaga itoatsizlik qilmaydigan faqat buyurgan narsaga itoatsizlik qiladigan farishtalar (xizmat qiladigan) do‘zaxdan saqlangiz", (Tahrim-6), deya mo‘min-musulmonlarga xitob qilgan.

Shu o‘rinda shuni ta’kidlash lozimki oilada farzandlar tarbiyasida otaning o‘rni o‘ta muhimdir. Avvalo, erkak kishi oila qurishdan oldin o‘ziga munosib, diyonatli, hayoli va oqila juft tanlashi kerak bo‘ladi. Chunki islom dinida kelin tanlashda, uning soliha va yaxshi xulq sohibasi bo‘lishi ososiy mezon hisoblanadi. Bu borada Rasululloh (sallollohu alayhi vasallam):

"Ayolning to‘rt narsasi: moli, nasabi, jamoli va dini uchun nikohlaniladi. Bas sen dindorini tanla", deganlar.

Albatta, ushbu hadisga muvofiq tarzda oila qurilgandan keyin Allohdan solih farzandlarni ato etishini duo qilib so‘rash lozim bo‘ladi. Ushbu xildagi duo o‘ta muhim bo‘lib, hatto Qo‘r’oni karimda payg‘ambarlarning farzand so‘rab, duo va iltijolari qilganlari qissa qilib keltirilgan. Oli Imron surasida Zakariyo alayhissalom Allohga duo qilib: "Ey Alloh! Menga o‘z huzuringdan solih zurriyot ato etgin", deb so‘radilar.

Yuqorida qayd etilgan hadis va oyatga amal qilish oilada har taraflama sog‘lom farzandlarni dunyoga kelishiga poydevor bo‘lib xizmat qiladi. Yana shuni ta’kidlash lozimki, farzandlarga tarbiya berishda ota o‘zining zimmasidagi farzandning haq-huquqini bilib, uni ado qilmoqligi lozimdir. Aksincha ado qilmasa farzand yoshligida shirin bo‘lsada, voyaga yetgandan keyin uning mevasi achchiq bo‘lishi aniqdir. Shuning uchun Payg‘ambarimiz (sallollohu alayhi vasallam):

"Farzandning haqqi otada uchtadir: tug‘ilganda chiroyli ism qo‘yish, aqli kirganda Qur’onni o‘rgatish va voyaga yetib oilaga tayyor bo‘lganda uni uylantirib qo‘yishdir", dedilar.

Bu hadisda ham Sarvari koinot yuksak namuna bo‘lib avvalo farzandga chiroyli ism qo‘yishga da’vat qildilar. So‘ng aqli kirganda Qur’onni o‘rgatish deganlari, bashariyatni saodatga yetaklaydigan Allohning muqaddas ko‘rsatmalari yodlatib, unga amal qilishga odatlantirish demakdir. Zero, bu sifat payg‘ambarimizning go‘zal xulqlaridir. Bunga misol shuki, Oisha (roziyallohu anho) onamizdan payg‘ambarimizning (sallollohu alayhi vasallam) xulqlari haqida so‘ralganda: “U kishining xulqlari Qur’on edi”, deb javob berdilar. Shundan ma’lum bo‘ladiki, Qur’onni farzandlarga o‘rgatishdan murod Alloh taolo o‘zi ta’kidlaganidek "Bu Qur’onda hech qanday shubha bo‘lmagan, Allohga taqvo qiluvchilar uchun hidoyatdir" degan to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatib, payg‘ambarimizning go‘zal xuqlari bilan farzandlarni xulqlantarishdir.

Demak, har qanday ota-ona o‘z farzandlarini ushbu go‘zal xulq bilan tarbiya qilmas ekan, bu o‘zi va farzandlari hamda jamiyat uchun halokatdir. Shuning uchun tarbiya masalasida buyuk mutafakkkir olimlarimizdan biri Abdulla Avloniy "Tarbiya biz uchun yo hayot - yo mamot, yo najot - halokat, yo saodat - falokat masalasidir" degan.

Xulosa qilib aytganda shunisi o‘rinliki, yuqorida bayon etilgan oyat, hadis va hikmatli so‘zlar oilada farzand tarbiyasida otaning o‘rni o‘ta muhim ekanligiga dalolat qiladi, Shunday ekan har bir ota-ona jamiyat taraqqiyoti va farovonligi yo‘lida o‘z farzandlariga yuksak odob va tarbiya berishlari lozimdir. Bu borada ham tavfiq va najotni o‘zidan so‘raymiz.


Kiritilgan vaqti: 20/01/2017 00:00;   Ko‘rilganligi: 3547
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/farzand-tarbiyasida-otaning-orni
Chop etilgan vaqti: 26/09/2021 01:49
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing