XIZMAT QILSANG XIZMAT KO‘RASAN
Yaqin kunlarda bomdod namozini o‘qib masjiddan chiqqanimizda chamasi 30 yoshlardagi bir yigit oldimga kelib, domla, menga sizni yordamingiz kerak, deb qoldi va oilasi notinch ekanligi, turmush o‘rtog‘i bilan onasi kelisha olmay, natijada turmush o‘rtog‘i arazlab ketmoqchi ekanligini aytdi. Uyga sizni olib borsam, xotinimga nasihat qilsangiz, zora tushunsa, deb qo‘yarda qo‘ymay mashinasi bilan uyiga meni olib ketdi.
Yo‘lda ketar ekanmiz vaziyatni yanada tushuntirishini so‘radim. U menga “Oilada 3 farzandmiz, ikkita singlim bor. Ularning ikkisi ham yaxshi joylarga kelin bo‘lgan baxtli hayot kechirmoqda. Otam esa kasallik tufayli 5 yil muqaddam dunyodan o‘tgan. Hozir 60 yoshli onam, turmush o‘rtog‘im va ikki farzandim bilan bir hovlida yashaymiz”, - dedi. Shu asnoda uyiga ham yetib kelganimizni sezmay qoldim. Darvozadan kirar ekanmiz hovli supurayotgan onaxonga ko‘zim tushdi. U kishi bizni ko‘rishi bilan qo‘lidagi supurgini qo‘yib, darhol mehmonxonaga taklif qildilar va choy damlagani chiqib ketdilar. Yigit borib uyquda yotgan xotinini uyg‘otib chiqdi. Qo‘lida 3 yoshli bolasini ko‘tagan holda norozi kayfiyat bilan kelinchak kirib keldi. Ular bilan suhbatlashdim. Kelin alohida yashashga rozi, ammo qaynona bilan bir hovlida yashashdan ko‘ra ajrashaman, deydi. Pok dinimizda ota-ona va yoshi ulug‘larni gaplariga itoat etish, ularni nasihatlari va ba'zi xatolarimizni aytishlari biz uchun foydali ekani haqida tushuncha berdim. Lekin kelin o‘z qarorida mahkam turib olgan. Qarab tursam bag‘riga bosib olgan o‘g‘ilchasini hali boshini silaydi, sho‘xlik qilib sakrayotgan jigarbandiga mehr ko‘rsatayapdi. Men bilib tursam ham undan, bu o‘g‘ilcha kimniki, deb so‘radim. U o‘g‘ilchasiga qarab, asalim, polvonim, bu meni o‘g‘lim, onasini o‘g‘li, deya javob berdi. Xo‘p, yaxshi ko‘rasizmi o‘g‘ilchangizni desam, albatta, deb javob berdi. Qaynonangiz ham sizdek o‘g‘ilchasini, ya'ni sizni eringizni juda yaxshi ko‘radi. Kelin, siz eslang, bu o‘g‘ilchangizni 9 oy bag‘ringizda ko‘tardingiz, dunyoga kelishida bir o‘lib tirildingiz, kechalari uxlamasdan beshigini tebrataiz, oq yuvib oq taraysiz. Hali bu o‘g‘ilchangiz katta bo‘lguncha qancha mashaqqat tortasiz, o‘qitasiz, uy-joy qilasiz, hamma narsangizni berib katta qilasizda voyaga yetgach uni uylantirasiz. O‘sha vaqtda siz ham qaynonangiz yoshlaridagi injiq, gapi kelinga yoqmaydigan qaynonaga aylanasiz. Keliningiz hozir bag‘ringizga bosib turgan shirin o‘g‘ilchangizga, men onangiz bilan yashay olmayman, onangizni tashlab, men bilan yashasangiz yashayman, deb aytadi. Buni qaytar dunyo deydilar. Siz o‘g‘limni turmushi buzilmasin, deb keliningizni quyosh chiqquncha uyqusidan bezovta qilmay, o‘zingiz hovli supurasiz, mehmonlarga choy damlaysiz, deb turgan joyimda qaynona qo‘lida choyi bilan kelib qoldi. Shunda kelin darhol joyidan turib, qaynonasining qo‘lidan choynakni oldi. “Oyijon, meni kechiring, men xatoyimni tushundim, hamisha xizmatingizni qilib, duoingizni olaman”, deya mahkam quchoqlab, o‘pa boshladi.
Yaqinda o‘sha yigitni ucharatib qoldim. Undan oilasi xaqida so‘rgan edim. Oilasidagi ahvol juda yaxshi ekanligi, o‘shandan buyon kelin butunlay o‘zgarib, qayonasi ham undan xursand ekanligini aytdi. Bu gaplarni eshitib juda xursand bo‘ldim. “Xizmat qilsang xizmat ko‘rasan,, deb bejizga aytilmagan. Alloh taolo kalomida: “Bas agar eslatish manfaat bersa, eslating,, (A'lo surasi, 9-oyat) deb marhamat qilgan. Yoshlarimizga oqibatni eslatib to‘raylik, zero eslatib turush biz kattalarning burchimizdir.
Saydullo RO‘ZIYEV – Kattaqo‘rg‘on shahar “Qoriravot” jome masjidi imom xatibi.
Kiritilgan vaqti: 29/10/2019 16:10; Ko‘rilganligi: 1247
Chop etilgan vaqti: 14/10/2024 12:52