O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Таълим-тарбия

TO‘G‘RI YO‘LDAN ADASHMAYLIK

 
 

Butun  olamga dovrug‘i taralgan mustaqil hur diyorda, har bir qarichi barokotli, oltinga teng zaminda tinchligi, osoyishtaligi barqaror yurtda umr guzaronlik  qilish baxtini muyassar etgan mehribon Robbimizga  cheksiz shukronalarimiz bo‘lsin.

Alloh taolo  Qur'oni karimda asl yaratilishda inson zotini azizu mukarram qilib yaratganligini, ularni quriklikda, dengizda va havoda, ulovlarda sayr qilib, safar qilishlarini, ularga aql berib boshqa maxluqotlardan fazilatli etganligini, rizqlarning eng yaxshisini  insonga tayin etganligini va bu ne'matlar O‘zi tomonidan bandalarigain'om ekanligini bizga bayon qilgan.

  Hozirgi  asrimizda butun dunyoda yangi kashfiyotlar, fan texnika taraqqiy etayotgan davrda mustaqil Vatanimizda ham keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmokda. Qo‘shni davlatlar bilan har bir sohada do‘stona aloqalarni mustahkamlash uchun bo‘layotgan kelishuvlar, xalqimizning bugun dardlari tinglanib, ularning moddiy-ma'naviy ehtiyojlari qondirilishi, ularning hayotga shukronalik, umid bilan boqishi uchun imkoniyatlar yaratilib berilishi, mahbuslarning ozodlikka chiqarilib oilasiga, baxtli hayotga qaytarilishi, ko‘ngli yarim beva bechoralar, yetim-esirlar, mehribonlik uylaridagi mehrga muhtojlarning holidan xabar olinib, ularga mehr baxsh etish kabi xayrli, savobli amallar bo‘layotgani bunga misol bo‘la oladi. Bu xayrli islohotlar va oqilona siyosatning tashubbuskori muhtaram yurtboshimiz Shavkat Miromonovich  ekanliklari nafaqat yurtimimz aholisi, balki dunyodagi mashhur siyosatchilar tomonidan ham e'tirof etilmoqda. Davlatimiz rahbarining yurtimizda yashayotgan har bir fuqaro uchun millati, dinidan qat'iy nazar g‘amxo‘rliklari tahsinga sazovordir. Zero Rasululoh sollallohu alayhi vasallam hadisi shariflarining birida: “Kimki bir mo‘mindan dunyo qiyinchiliklaridan birini yengillashtirsa, Alloh taolo undan qiyomat og‘irliklaridan birini yengil qiladi. Kimki hayotda qiynalgan kishiga osonlikni ravo ko‘rsa Alloh taolo unga dunyo va oxiratda yengillikni ato qiladi” -deb aytganlar.

Ammo guruch kurmaksiz bo‘lmaydi, deganlaridek yurtimizda yashayotgan ba'zi noshukr  insonlar tinchlikning qadriga yetish o‘rniga boshqalarning tinchini buzmoqda. Aroqxo‘rlik, o‘zgalarning haqqiga, oilasiga xiyonatkorlik, yurish, kiyinish, so‘zlashdagi odobsizlik bilan nafaqat o‘zlarining, balki kelajagimiz poydevori  bo‘lgan yosh avlodni ham ongini zaharlamoqda. Bilib-bilmasdan murg‘ak, pokiza qalbli yoshlarni o‘z yo‘llaridan yurishga targ‘ib qilmoqdalar. Buning samarasi o‘laroq ushbu illatlar farzandlarimiz qalblarida ildiz otib, mustahkam o‘rnashib borishi, kuni kelib esa hech tap tortmasdan buzg‘unchilik, itoatsizlik, o‘z ota-onasini xo‘rlash, umidsizlikdan o‘z joniga qasd qilish kabi xunuk illatlarga duchor bo‘layotganlarini bilmay qolmoqda.

Men o‘ylaymanki, yosh avlodni bunday illatlardan saqlab qolishning  bir yo‘li avvalo ajdodlarimizning ilm, odamiylik,  mehr bulog‘idan chanqoqlarini qondirib, oilaning muqaddasligi, tug‘ilib o‘sgan Vatanining muhabbati, Yaratganning haqligi, sof dinining mohiyatini, din nimayu dinsizlik nima, sunnat nimayu bid'at nima, xush xulqlik nimayu odobsizlik nima, diniy e'tiqod nimayu, yot g‘oyalarga  mubtalo bo‘lish nima, Vatan tuyg‘usi nimayu, vatanfurushlik nima, ilm nimayu jaholat nima ekanligini  ularning onglariga singdirib, qalblariga muhrlab borishdir.

Buning uchun bizga sof dinimizning ko‘rsatmalari, Rasulullohning go‘zal xulqlari namuna bo‘ladi. Aks holda sunnatning ko‘tarilgan o‘rnida  bid'at, xurofotlar tomir otadi va bularning salbiy oqibatlari yoshlarimizni ongiga ta'sir etadi. Yaratganimiz hech birimizni O‘zining hidoyat yulidan adashtirmasin. Yurtimizni tinch, xalqimizni farovon aylasin. Omin. 

   

Saidahmad SALOMOV, Narpay tuman “Yangi Salovat” jome masjidi imomi xatibi


Kiritilgan vaqti: 07/10/2019 15:00;   Ko‘rilganligi: 1345
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/eductaion/togri-yoldan-adashmaylik
Chop etilgan vaqti: 09/10/2024 02:37
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing