O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Maqolalar

BIZGA TINCHLIK KEREK, BIZGA OMONLIK KERAK!

 
 

BIZGA TINCHLIK KEREK, BIZGA OMONLIK KERAK!

Suriyadagi urush qurboni bo‘lgan yosh bolaning hayotini saqlab qolish uchun shifokorlor qancha urinmasin, barcha harakatlar behuda ketdi. Endigina uch yoshga kirgan norasida jon taslim qilish chog‘ida, ko‘z yoshlari yuzini yuvib: “Hammasini Allohimga aytib beraman!” deya hayotdan ko‘z yumdi. Ushbu xa­bar internetda tarqalib, kishilar qalbini larzaga soldi va ko‘pchilikni mushohada qilishga undadi.

Har doim ushbu voqea haqida uylaganimizda, dunyoning turli mintaqalarida bo‘layotgan to‘s-to‘polonlarni fikr qilib, takror va takror yurtimizdagi tinchlik uchun shukr qilamiz.

SHAYTONGA ULFAT KELTIRAR KULFAT

Hozirgi murakkab va tahlikali davrda har qanday qarama-qarshilik va nizolarni faqat tinchlik yo‘li bilan hal etish zarur. Bundan ko‘zlangan maqsad ham bitta, Yurtboshimiz aytganlaridek, Ikkinchi jahon urushi sabab boshimizdan kechirgan qonli va beshavqat janglar hech qachon takrorlanmasligi lozim.

Bugun diyorimizdagi tinch va osuda hayot, musaffo osmon, to‘kinlik va farovonlikka og‘ir mashaqqatlar evaziga erishilganini sira unutmaslik kerak. O‘tmishdagi urushlarda berilgan qurbonlarni yoki Suriya va Iroqdagi vahshiyliklarni ko‘z oldimizga keltirsak, diyorimizdagi osoyishtalik ahamiyatini yanada chuqurroq anglaymiz.

Yurtimizdagi tinchlik ham qanchadan qancha sa’y-harakatlar va bedorliklar natijasidir. Shuning uchun xotirjamlikka berilishga, sezgirlikni yo‘qotishga haqqimiz yo‘q. Uni himoya qilish faqat muayyan soha xodimlarining vazifasi, degan odam adashadi. Balki oilamizga, farzandlarimizga farovon yurtni meros qoldirish uchun barcha bir tanu bir jon bo‘lib harakat qilishi darkor.

Hayotning bir maromda davom etishi va emin-erkin ibodat qilish uchun ham osudalik zarur. Alloh taolo tinchlikni saqlash vazifasini imon keltirgan zotlar zimmasiga yuklab, shaytonga ulfat bo‘lib, unga ergashmaslikka buyuradi: “Ey imon keltirganlar! Yoppasiga itoatga kirishingiz va shaytonning izidan ergashmangiz! Albatta, u sizlarga aniq dushmandir”(Baqara, 208).

Tafsir kitoblarida, “Yoppasiga itoatga kirishingiz” iborasi insonlar birlashgan holda tinchlik yo‘lini tutishlarini bildirsa, boshqa jihatdan tinchlikning qaror topishi uchun hissa qo‘shish zarurligi uqtiriladi. Qur’oni karimdagi “salom” va “islom” so‘zlari bir o‘zakdan chiqqan bo‘lib, aynan bir maqsadga yo‘naltirilgan, ya’ni dinimiz doimo tinchlikka buyuradi.

Inson ne’matlarining qadrini bilishi, undan o‘zgalar ham bahramand yo bebahra ekanini o‘ylab ko‘rishi kerak. Olamga nazar solib, jahonning turli hududlaridagi qarama-qarshilik va ziddiyatlar, qonli mojarolarni ko‘rarkanmiz, osuda hayotning ahamiyatini teran anglaymiz. Hozir Suriya va Iroq hududida o‘z otasi halok bo‘lganini ko‘rgan farzand yoki bolasini yo‘qotgan musibatzada ona tinchlikni qanchalar orzu qilishini tasavvur etish lozim. Shunda inson xotirjamlik ne’mati uchun Allohga yanada ko‘p shukr qiladi va uni asrash kerakligini tushinadi.

Biroq anashu ne’matning qadriga yetmaydigan, yurtimizda hukm surayotgan tinchlikni ko‘rolmaydigan qora kuchlarning borligi hech kimga sir emas. Dinning inson hayotida qanchalik katta ahamiyatga ega ekani, uning kishini boshqarishdagi salohiyati kuchli ekani isbot talab qilmas haqiqat. Buni yaxshi anglagan g‘arazli kuchlar o‘zlarining qabih maqsadlarini amalga oshirishda dinni niqob qilib, qo‘poruvchilik qilishga urinmoqdalar.

Bugun dunyoda fitnalar ko‘payib, ularning mohiyati o‘zgardi, qiyofasi boshqacha tus oldi. Jahondagi yovuz kuchlar Islomga putur yetkazish, parokandalik keltirib chiqarish maqsadida musulmonlar o‘rtasida fitna-fasod va botil e’tiqodlarni yoyishga urinmoqda. Jahonda ro‘y berayotgan qonli voqealar, urush va mojarolar bizlarni beparvo bo‘lmaslikka, yurtimizdan tashqarida, deb anashu fitnalarga xotirjam qaramaslikka undaydi.

Payg‘ambarimiz (alayhissalom) ham fitnalar yomonligidan panoh tilashga buyurganlar va ulamolar shunday duo qilishgan: “Yo Alloh! Dindan qaytishdan yo fitnaga mubtalo bo‘lishdan Sendan panoh tilayomiz” (Imom Buxoriy).

Alloh taolo din dushmanlarining fitnalaridan ogoh qilib, bunday deydi: “Odamlar orasida shunday kimsalar ham borki, ular bilimsizlik bilan (o‘zgalarni) Alloh yo‘lidan ozdirish uchun va u (yo‘lni) masxara qilish uchun behuda so‘zlarni sotib olurlar. Ana o‘shalar uchun xor qiluvchi azob bordir”.

Demak, har bir musulmon johil kimsalarning tafriqa solish, buzg‘unchi fikrlarni tarqatish kabi qing‘irliklardan ehtiyot bo‘lishi zarur.

Shuningdek, mo‘min kishi birovlarning aldoviga uchmasligi va xushyor bo‘lishi kerakligi ko‘p bor ta’kidlangan. Nabiy (alayhissalom): “ Mo‘min ziyrak, ehtiyotkor va oqil bo‘ladi”, deganlar.

Dinimizda fatonat so‘zi ziyrak va ogoh bo‘lishni anglatadi. Manashu fatonat sifati, omonat, sadoqat sifatlari har bir mo‘min-musulmonda bo‘lishi lozim. Shuning uchun ham buyuk mutafakkir olim Jalolddin Rumiy ogohligi yo‘q kimsani ruhsiz jasadga tenglab: “G‘ofilu murda, ikkovi bir-da”, deydilar.

Abu Hurayra (roziyallohu anhu) Nabiy (sollallohu alahi va sallam)dan rivoyat qiladi: “Mo‘min (banda) bir chuqurga ikki marta yiqilmaydi” (Imom Buxoriy). Bu hadis haqida ulamolar: “bu hadis darak gap bo‘lsa-da, ammo ma’nosi buyruqni ifodalaydi. Ya’ni, unda mo‘min ehtiyotkor, aqilli va ziyrak bo‘lsin, g‘aflatda qolmasin, ketma-ket aldanib qolmasin”, deganlar.

Boshqa ulamolar: “Bu yerda komil mo‘min haqida gap ketmoqda. U kelishi mumkin bo‘lgan zarardan ehtiyot bo‘ladi. Ammo g‘ofil mo‘min esa bir necha bor aldanib qolishi mumkin”, deyishgan.

Demak, mo‘min odam ilm, aql, tajriba va farosatda boshqalardan ustun bo‘lishi kerak. U ishlarning qaysinisi foydali, qaysinisi zararli ekanini oldindan ko‘rabilishi lozim. U laqma bo‘lmasligi, g‘animlarning aldovlari va shirin va’dalariga uchmasligi shart.

Shuning uchun ulamolar, imom-xatiblar doimo tinchlikni bosh shior qilib olgan Islom dinini pok saqlash, uni turli xurujlar, tuhmat va bo‘htonlardan himoya qilish choralarini ko‘rishlari eng muhim vazifalardan bo‘lishi zarur.

“Ayrim joylarda qon to‘kilayotgani, nizo va adovatlar avj olayotgani, fashizm degan balo yana bosh ko‘tarayotgani, millatchilik, shovinizm kabi xavfli ofatlar maydoniga chiqayotgani, bir so‘z bilan aytganda, vaziyat tobora keskinlashib, xavf-xatarlar ortib borayotgani barchasizni tashvishga solmasdan qo‘ymaydi”. Islom Karimov

Beparvolik – og‘ir musibat

Xalqimiz imom-xatiblarni din peshvosi deya ulug‘laydi, ularning aytganlariga quloq tutadi. Shuning uchun imom-xatiblar Alloh taoloning “(Ey Muhammad,) Robbingiz yo‘li (dini)ga hikmat va chiroyli nasihat bilan da’vat qiling! Ular bilan eng go‘zal uslubda munozara qiling!..” (Nahl, 125) degan buyrug‘iga amal qilgan holda islom ma’rifatini tarqatib, kishilarni doimo hushyorlikka chaqirishlari kerak. Shu nuqtai nazarda imom-xatiblarga quyidagi tavsilarni beramiz.

Birinchidan, 2015 yil 9 may kuni poytaxtimizdagi xotira maydonida Yurtboshimiz ta’kidlaganlaridek, Ikkinchi jahon urushi davrida xalqimiz boshdan kechirgan qonli va beshafqat urush boshqa hech qachon qaytarilmasligi uchun bunday fojea va qirg‘inlarning oldini olish lozim. Bu yo‘lda imom-xatiblar tinimsiz keng ko‘lamli tushuntirish ishlarini olib borishlari zarur. Zero, tinchlik bor joyda rivojlanish bo‘ladi, ibodatda halovat bo‘ladi.

Ikkinchidan, bugungi globallashuv jarayonida uzoq va yaqin-atrofimizda vaziyat xatarli tus olayotgani barchamizdan doimo ogoh va hushyor bo‘lishni talab qilmoqda. Payg‘ambarimiz (alayhissalom)ning “Mo‘min ziyrak, ehtiyotkor va oqil bo‘ladi”, degan hadislariga muvofiq imom xatiblar mo‘min kishi doimo sergak va ogoh bo‘lib yashashini hammaga uqtirishlari zarur.

Uchinchidan, din dushmanlarining ko‘rinmas qo‘lida qo‘g‘irchoq bo‘layotgan aqidaparst kuchlarning puch da’vatlariga nisbatan xalqimiz ongida mustahkam immunitet hosil qilish, barchani botil g‘oyalarga qarshi kurashishga o‘rgatish imom-xatiblarning eng asosiy vazifasidir. Ayniqsa, bu ishlarda diqqat qaratish lozim bo‘lagan bo‘g‘in yoshlar ekanini zinhor unutmaslik kerak.

To‘rtinchidan, din inson hayotida katta ahamiyatga ega ekani haqiqat. Buni yaxshi anglagan din dushmanlari o‘z qabih maqsadlarini amalga oshirishda dinni niqob qilmoqdalar. Bunday paytda imom-xatib aql-zakovat va fahm-farosatni ishga solib, Yaratganning: “Ularga: “Yerda fasod-buzg‘unchilik qilmangiz!”, deyilsa, ular: “Albata, biz chin islohchilarmiz”, deydilar. Ogoh bo‘lingki, aynan ularning o‘zlari buzg‘unchilardir, lekin buni sezmaydilar” (Baqara, 11-12) degan ogohlantirishini mo‘min-musulmonlarga yetkazishi lozim.

Beshinchidan, xalqimiz, ayniqsa, yoshlarni tinchlikning qadriga yetishga chaqirish, ularni dunyoda kechayotgan dahshatli voqelarning asl sabablarini tushuntirishda imom-xatiblardan alohida faollik talab etiladi. Mahalla guzarlari, o‘quv yurtlari hatto shifoxanalar va mehribonlik uylarida ham Payg‘ambarimiz (alayhissalom)ning: “Har biringiz rahbarsiz va qo‘l ostingizdagilarga mas’ulsiz”, degan hadislari ma’nosiga mos ravishda imom-xatiblar din ishida peshvo ekanini unutmagan holda mehnat qilishlari kerak.

O‘rni kelganda aytish joizki, mo‘min-musulmonlar ham Alloh taoloning “Bas, (Ey Muhammad,) mening shunday bandalarimga xushxabar bering, ular gapni tinglab, so‘ng uning eng go‘zaliga ergashadilar. Aynan o‘shalar Alloh hidoyat etgan zotlardir va aynan o‘shalargina aql egalaridir” (Zumar, 17-18), degan amriga itoat etishlari, to‘g‘ri yo‘ldan aslo chalg‘imasliklari kerakligini ta’kidlaymiz.

Zero, komil imonli kishi nasihat qiluvchi ulug‘lar va peshvolarga yaqin bo‘ladi. Bu haqda Muhammad (sallollohu alayhi vasallam): “Baraka ulug‘laringiz bilan birgadir”, deganlar.

Dunyo xalqlarining eng ezgu xohish-irodasi bitta. U ham bo‘lsa, hech qachon, hech qayerda urush bo‘lmasin, onalar oh-zor chekmasin, go‘daklar nola qilmasin. Buning uchun esa tinchlikni faqat orzu qilish emas, balki osuda hayot uchun tinimsiz kurashish talab etiladi.

Aydarbek Tulepov

O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari

Hidoyat jurnalidan olindi


Kiritilgan vaqti: 23/12/2015 00:00;   Ko‘rilganligi: 3398
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/bizga-tinchlik-kerek-bizga-omonlik-kerak
Chop etilgan vaqti: 25/04/2024 22:50
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing