Bilmaganimizni ahli ilmdan so‘raylik!
«Albatta, Allohdan bandalari ichidan faqat olimlarigina qo‘rqarlar». (Fotir, 28)
Tabiatga qarab, undagi mahluqot va mavjudodlarni ko‘rib, Allohning qudratini his etish, o‘ziga ibrat olib, yaratuvchi bor ekanligini anglash, yaratuvchi Alloh ekanini topgan va undan qurqqan kishi olim hisoblanadi.
Tabiatning ikir-chikirigacha o‘rgangan, undagi bor narsalarning paydo bo‘lishi, o‘lishi, ko‘payishi, tuzilishi, tarkibi shu kabi holatlarini o‘rganib, ularni yaratgan zot Allohni tanimagan va undan qo‘rqmagan kishi olim emas, balki u Allohninig nazdida johildir.
Imom Hasan al-Basriy roziyallohu anhu: «Olim Allohdan g‘oyibona qo‘rqqan odamdir. Alloh qiziqtirgan narsaga qiziqqan, Alloh yomon ko‘rgan narsadan zuhd qilgan odamdir», dedi va ushbu oyati karimani tilovat qildi «Allohdan bandalari ichidan faqat olimlarigina qo‘rqarlar».
Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhu: «Ilm gapning ko‘pligida emas. Balki u qo‘rqishning ko‘pligidadir», degan ekanlar. Kishi qanchalik Allohdan qo‘rqar ekan, demak shuncha ilmga ega bo‘lib boraveradi. Ilm hosil qilgan sari Allohdan qo‘rquv uni egallab oladi.
Bir kishi dengiz sohiliga qadam bosdi. Sohildagi suv, dengiz o‘rtasidagi suv kabi rangi, ta’mi birxil ekanini e’tirof etib, uning chuqurligini bilmasa, albatta u kishi g‘arq bo‘lishi aniq. Dengiz o‘rtasiga borgan sari uning chuqurligini ham e’tirof etgan kishida qo‘rquv paydo bo‘lgani kabi, Allohning ma’rifatini hosil qilgan sari kishida qurquv paydo bo‘laveradi.
Ha azizlar, Allohdan bandalar ichida faqatgini olimlar qo‘rqadi. Demak olim bo‘lmaganlar shaxsiy va ijtimoiy masalalarda adashmasliklari uchun olimlarga ergashishlari lozim ekan. Shundagina qilayotgan amallari mazmunli bo‘lib boradi va eng katta yaxshilikni hosil qilgan bo‘ladi.
Muoviya roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollollohu alayhi vasallam: «Alloh kimga yaxshilikni iroda qilsa, uni dinda faqih qilib qo‘yadi. Albatta men taqsimlovchiman xolos, Alloh beradi», dedilar. Muttafaqun alayh.
Fiqh so‘zi ma’rifat qilmoq, tushunmoq ma’nolarini bildiradi. Ushbu hadisda jamiyatdagi barcha kishilar orasida yaxshilik sohibi ilmli kishi ekanligi aytilinyapti. Ilmni talab qilishlik, undagi daqiq nuktalarini ajratish, qur’on va hadisdan ma’rifat hosil qila bilish barcha yaxshiliklardan afzal ekan. Faqatgina olimlar o‘zlarini yaxshilik sohibiman deya oladilar. Bu degani boshqa yaxshi amallarni qiluvchilar yaxshilik sohibi emas deyilmaydi. Balki, har-bir yaxshilikni mukammal ado bo‘lishida ilm bo‘lmasa noqislikni keltirib chiqaradi-da.
Abu Umoma al-Bohiliy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga ikki kishi zikr qilindi: «Biri obid, boshqasi olim. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Olimning obiddan afzalligi xuddi mening sizning eng kichigingizdan afzalligimga o‘xshaydi», dedilar. So‘ngra Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Albatta, Alloh, Uning farishtalari, osmonlaru yerning ahli, hatto uyasidagi chumoli va dengizdagi baliqlar ham odamlarga yaxshilikni o‘rgatuvchiga salovot aytadilar», dedilar».
Obid deganda Allohning toatida turib, amal qilayotgan har-bir kishi tushuniladi. Namoz o‘quvchi ham obid, tijorat qiluvchi ham obid, ziroatchi (dehqon) ham obid va shu kabi shari’atga muvofiq amal qilayotgan kishi obid hisoblanaveradi. Olimlar obidlarning amallari to‘g‘ri bo‘lishlarini ta’minlovchilardir. Zalolatdan hidoyatni, haromdan halolni, yomondan yaxshini ajratib olishlariga yordamchilardir.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam eng kichik sahobiydan qanchalik afzal bo‘lsalar ham diniy, ham dunyoviy ilmlar sohibining, olimining obid kishilardan shunchalar afzal ekanliklari aytilmoqda.
Hadisning davomida «Albatta, Alloh, Uning farishtalari, osmonlaru yerning ahli, hatto uyasidagi chumoli va dengizdagi baliqlar ham odamlarga yaxshilikni o‘rgatuvchiga salovot aytadilar».
Salovot aytish Alloh taolo tomonidan bo‘lganda U zotning bandaga ko‘rsatadigan rahmatini, osmonlar ahli, ya’ni, farishtalr tomonidan bo‘lganida esa, ularning bandaga istig‘for aytishini, yer ahli, ya’ni, odamlar tomonidan bo‘lganda esa ularning duo qilishlarini ifoda etadi. Odamlarga yaxshilikni o‘rgatuvchilar va to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatuvchilar faqat ulamolardir.
Imom Ahmad ibn Hanbal rivoyat qilgan hadisda, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: «Yer yuzida ulamolar xuddi yeru suvning qorong‘uligida yo‘l topishga yordam beruvchi yo‘lchi yulduzga o‘xshaydi. Yulduzlar g‘oyib bo‘lganda yo‘lovchilar adasha boshlaydilar», dedilar. Ulamolar kishilarning amallarini muhofaza qiluvchilaridir.
Amalsiz hech qanday nasab, martaba foyda bermaganidek, ilmsiz amal ham foyda bermaydi.
Imom Bayhaqiy rivoyat qilgan hadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: «Olim bilan obid qayta tiriltiriladi. Obidga: «Jannatga kir», deydilar. Olimga: «Odamlarning odobini go‘zal qilib tarbiyalaganing uchun, ularga shafoat berish uchun sobit tur» deyiladi», dedilar.
Barchalarimiz ilm sari harakat qilmog‘imiz, zikr qilingan oyat va hadislardan ibrat olmog‘imiz, hayotimizda foydalanmog‘imiz - hammamizning musulmonlik burchimizdir.
Kiritilgan vaqti: 07/10/2018 00:00; Ko‘rilganligi: 2410
Chop etilgan vaqti: 09/10/2024 02:40