ALLOH UCHUN QILINGAN YAXSHILIKNI KATTA KICHIGI BO‘LMAYDI
Qadim zamonlarda bir podshoh o‘z shahrida masjid qurdirmoqchi bo‘libdi. U masjidni qurishda hech kim na biror moli va na biror boshqa narsa bilan yordam bermasligini qattiq tayinlabdi. Chunki u masjidni biror bir yordamsiz, faqat o‘zining molidan qurdirmoqchi ekan...
Shunday qilib masjid qurilishi ham boshlanibdi. Masjid qurilishi yakunlangandan so‘ng, podshox masjid tepasiga naqshinkor harflar bilan o‘z ismini yozdirib qo‘yibdi.
O‘sha kechasi podshox bir tush ko‘ribdi. Tushida samodan bir farishta tushib, masjidda yozilgan nomni o‘chirib o‘rniga bir ayolni nomini yozib qo‘yibdi. Podshox havotirga tushgan holda uyqudan uyg‘onibdi va askarlarini o‘sha masjidga - ismi yozilib turibdimi, yo‘qmi bilib kelish uchun yuboribdi. Ular qaytib kelishgach:
- Ha shoxim, ismingiz o‘zingiz yozdirganingizdek turibdi, - deyishibdi.
- Ha, bu shunchaki uzuq-yuluq tush ekanda, - deb qo‘ya qolibdi podshox...
Ikkinchi kechada ham podshox aynan shu tushni ko‘ribdi. Samodan bir farishta tushib, masjidda yozilgan podshoxning nomini o‘chirib, bir ayolning ismini yozib qo‘yibdi. Tongda shox uyqudan uyg‘ongach, yana masjidga ismi yozilganmi yo‘qmi aniq bilib kelishlarini ta'kidlab jo‘natibdi. Ular qaytib kelishgach, ismi hali ham yozilib turganini aytishibdi. Podshox ham taajublanibdi, ham jaxli chiqibdi...
Uchinchi kechada ham aynan shu tush takrorlanibdi. Podshox uyqudan uyg‘ongach, farishta ismini yozgan ayolni ismini eslab qolibdi. So‘ng shu ayolni topib kelishni buyuribdi.
Uning oldiga qari bir munkillab qolgan ayolni olib kelishibdi. Podshox undan:
- Masjid qurilishida biror yordam berganmiding? - deb so‘rabdi.
Ayol:
- Men qari, yoshi katta bir ayol bo‘lsam. Buning ustiga sizning masjid qurilishiga: "HECh KIM YORDAM BERMASIN!" degan buyrug‘ingizni ham eshitgan bo‘lsam. Qanday qilib sizga itoat qilmasligim mumkin? - debdi.
- Allohning nomi bilan so‘rayman, masjid qurilishiga aloqador qanday ish qilganding? - deb yana so‘rabdi podshox.
Ayol:
- Allohga qasamki, bu masjid qurilishida hech qanday ish qilmadim, faqatgina...
- Nima faqatgina??
- Qurilish bo‘layotgan paytda masjid yonidan o‘tayotgan edim. Qurilish ashyolari va yog‘ochlarni tashiydigan eshakni qoziqqa bog‘lab qo‘yishganini ko‘rdim. Bechora qancha urinmasin yonida turgan chelakdagi suvga yetolmas, tashnalikdan holsizlanib borardi. Rahmim keldi, chelakni unga yaqinlashtirib qo‘ydim va u suvdan qonib ichdi. Qilgan ishim shu xolos, - dedi ayol.
Podshox esa boshini silkitib, xo‘rsingan holda:
- Sen bu ishni HOLIS ALLOH UCHUN qilganding, Alloh bu amalingni qabul qildi. Men esa bu ishni falonchining masjidi deyishlari uchun qilgandim, Alloh bu ishimni qabul qilmadi, - dedi.
Shundan keyin podshox, masjid peshtoqidagi o‘z ismini o‘chirtirib, keksa onaxonning ismini yozib qo‘yishni buyurdi.
SubhanAlloh! Nazdingizda kichik tuyulgan har qanday "YAXSHILIK"ni ham haqir sanamang. Zero, u siz uchun abadiy SAODAT ESHIKLARIni ochishi mumkin.
Jahongirxon Abrorov - O‘MI Samarqand viloyat vakilligi matbuot kotibi
Kiritilgan vaqti: 02/04/2020 11:47; Ko‘rilganligi: 1185
Chop etilgan vaqti: 16/09/2024 07:52