O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Maqolalar

Albatta, (sizlarga ato etilgan barcha) ne’matlar to‘g‘risida so‘roq qilinursiz!

 
 

Inson mavjudodlar ichida eng ulug‘idir. Alloh taolo insonga xisobsiz nozu-ne’matlar berib qo‘ygan. Nahl surasining 18 oyatida: “Agar Allohning ne’mat(lar)ini sanasangizlar, sanog‘iga yeta olmaysizlar” deyilgan. Haqiqatdan ham fahmu farosatimiz, aqlu idrokimiz bilan o‘ylab qarasak bizga berilgan ne’matlar xisobsiz ekanligiga har birimiz shubha qilmaymiz. Albatta bu ne’matlarni tejab ishlatishga buyurilganmiz. A’rof surasining 31 oyatida “.....shuningdek, yenglar va ichinglar, (lekin) isrof qilmangizlar! Zero, U isrof qilguvchilarni sevmaydi” deyilgan. Yashashdan maqsadimiz Yaratganning rozilini topish. Ibodatlarimizda, duolarimizda xayrli ishlar qilib ehsonlar qilganimizda, “O‘zing rozi bo‘lgin, to‘g‘ri yo‘ldan adashtirmagin, savobini bergin, do‘zaxdan saqlab jannatga kirgizgin” deb yolvoramiz.

Har bir kishi o‘zi qilayotgan ishini to‘g‘ri deb biladi. Savob qilayapman, yaxshilik qilayapman deb isrof maydonida sayr etayotganligini anglamay qoladi. Unga ey oshna bu ishingiz kibru-riyoga, manmanlikka yaqin bo‘lib qolayapdi desangiz, “Oldin o‘zingga boq, og‘a-ininglarni bu yo‘ldan qaytar”deb aql o‘rgatishga o‘tadi.

2002 yil, 28 dekabrda O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan, to‘y marosim va ma’rakalarni me’yorida o‘tkazish haqidagi fatvoning 8-9 boblarida “Imom xatiblar ushbu fatvoni qanday bajarayotganliklari to‘g‘risida O‘zbekiston musulmonlari idorasiga muntazam ravishda axborot berib turilsin. Shar’iy marosimlarni faqat joylardagi rasmiy imom-xatiblar o‘tkazsinlar. Diniy idora fatvolarini hayotga tadbiq etishda sovuqqonlik qilgan va bu mas’uliyatli vazifaga loqaydlik bilan qaragan imom-xatiblarga tegishli choralar ko‘rilishi nazarda tutilsin” deyilgan. Shunday ekan biz imom xatiblar mahalla bilan birgalikda halq orasida ish faoliyat olib borishimiz kerak. Yoshlarimizga isrofning zararlari haqida ilmiy asoslar bilan gapirib hoy-havas deb ota-onalarini qiynab qo‘ymasligini o‘qtirishimiz kerak.

Alloh taola al-Isro surasining 26-27 oyatlarida “Qarindoshga, miskin va yo‘lovchiga, (xayr ehson qilish bilan) haqlarini ado eting va isrofgarchilikka mutlaqo yo‘l qo‘ymang! Chunki isrofgarlar shaytonlarning birodarlaridir. Shayton esa Parvardigoriga o‘ta noshukr edi” deyilgan.

Shuningdek, Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v) ko‘plab hadisi muboraklarida mol-mulkni bekorga zoye qilmaslikka targ‘ib va tashviq qilganlar.

Mehnat evaziga ishlab topilgan mol-dunyoni behuda sarflash ham uni nest-nobud qilish hisoblanadi. Imom Jurjoniy mol-mulkni kerakli o‘rinlarda nafaqa qilishda chegaradan chiqishni isrof, deb ta’riflagan. Bunda boy ham, kambag‘al ham isrofga yo‘l qo‘yishi mumkin. Bu haqda Imom Sufyon Savriy bunday deydi: “Alloh toatidan chiqib qilingan ozgina nafaqang isrofdir”. Shu kabi Abdulloh ibn Abbos shunday marhamat qilgan: “O‘rinsiz joyga qilingan bir dirham nafaqa isrofdir”.

Alloh taolo yemakda, kiymakda, yashashda va nafaqa qilishda o‘rtacha yo‘lni tutganlarni, baxilu isrofgar bo‘lmaganlarni madh etib, bunday deydi:

وَالَّذِينَ إِذَا أَنْفَقُوا لَمْ يُسْرِفُوا وَلَمْ يَقْتُرُوا وَكَانَ بَيْنَ ذَلِكَ قَوَامًا

(سورة الفرقان /67)

ya’ni:Ular ehson qilganlarida isrof ham, xasislik ham qilmaslar, (tutgan yo‘llari) buning o‘rtasida – mo‘tadildir.

Alloh taboraka va taolo har bir ishda, mo‘tadillik mezoniga amal qilish zarurligi haqida ogohlantirib aytadi:

وَلَا تَجْعَلْ يَدَكَ مَغْلُولَةً إِلَى عُنُقِكَ وَلَا تَبْسُطْهَا كُلَّ الْبَسْطِ فَتَقْعُدَ مَلُومًا مَحْسُورًا

(سورة ﺍﻹﺳﺮﺍﺀ/29)

ya’ni: “(Baxillik qilib) qo‘lingizni bo‘yningizga bog‘lab ham olmang. (Isrofgarchilik qilish bilan) uni butunlay yoyib ham yubormang! Aks holda, malomat va mahrumlikda o‘tirib qolursiz”.

Ushbu oyati karima mazmuniga muvofiq ish tutish orqali inson o‘z hayotida xotirjamlikka erishadi, malomat va mahrumlik balosidan, inshoalloh omonda bo‘ladi. Hazrati payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v) ham yemak, ichmak va ehson qilmakda ham isrofdan yiroq bo‘lishimizga buyurib, bunday marhamat qilganlar:

" كُلُوا وَاشْرَبُوا وَ تَصَدَّقُوا وَ الْبَسُوا فِي غَيْرِ إِسْرَافٍ وَ لاَ مَخِيلَةٍ "

(رواه أحمد و إبن ماجه)

ya’ni: “Allohning nozu ne’matlaridan xohlagancha yeb-ichinglar, xayru ehson qilinglar, kiyinib yasaninglar, lekin isrofgarchilik va manmanlikka yo‘l qo‘ymangizlar!”

Bu oyat va hadislarning ma’no mazmunlarini misollar bilan halqimizga tushuntirsak katta-katta isrofgarchiliklarning oldini olgan bo‘lamiz.

Inson topgan mol davlatini ilm yo‘liga sarf qilishi kerak. Avvalo farzandlarning ilm olishiga, undan ortsa og‘a ini, tog‘a-jiyan, qavm qarindoshlarning ilm olishiga undan ortsa mahalladoshlarning ilm olishiga ishlatish kerak. Tanishimizdan birontasi ilmiy darajaga yetsa u bilan faxrlanib mening qarindoshim bo‘ladi deymiz. Ammo o‘sha qarindoshimiz o‘qish yo‘lida qiynalib yurganida qo‘liga to‘rt besh so‘m berganimizni eslay olmaymiz.

Bugungi kunda shartnoma asosida ilm olayottgan farzandlarimiz bor. Boyligimizni shukronasi sifatida ularga xomiylik qilsak, yetti mahallaga to‘y berish degan so‘zlarning o‘rniga yettita talabaga xomiylik qildim degan so‘zlarni ishlatsak Alloh taoloning yaxshi ko‘rgan bandalari safidan joy olsak ajab emas. Alloh taolo Furqon surasining 67 oyatida O‘zi yaxshi ko‘rgan bandalarini sifatlab: “Ular ehson qilganlarida isrof ham, hasislik ham qilmaslar, (tutgan yo‘llari) buning o‘rtasida-mo‘tadildir”-aytgan.

So‘zimiz oxirida xulosa qilib aytamizki Allohning roziligini topaman degan kishi hech qachon isrofgarchilikka yo‘l qo‘ymaydi. Bugungi rasmiy ishlab turgan har bir imom xatiblarimiz o‘z halqiga isrofning yomonligini, gunohligini aytib to‘g‘ri maslahatlar bermoqda. To‘g‘ri so‘zga quloq tutmaslik ham isrofning bir turi ekanligini unutmaylik.


Kiritilgan vaqti: 20/02/2016 00:00;   Ko‘rilganligi: 3814
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/albatta-sizlarga-ato-etilgan-barcha-nematlar-togrisida-soroq-qilinursiz
Chop etilgan vaqti: 12/12/2024 09:11
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing