Zulm islomdan emas
Dinimiz ilohiy ta'limot bo‘lib, g‘oyasi Yaratgan va uning payg‘ambariga ishonish, itoat etish, shu orqali ikki dunyo saodatiga erishishdir. Shariat umrni xotirjam, osoyishta, farovon o‘tkazishga, dunyoni obod qilish, mehr-shafqatli bo‘lishga chaqiradi.
Alloh taolo “Baqara” surasining 208-oyatida: “Ey, imon keltirganlar! Yoppasiga itoatga kirishing va shaytonning izidan ergashmang. U sizlarga aniq dushmandir”, deya xitob qilgani bejiz emas. Zero, aqida nozik masala. Unda adashish og‘ir gunohga sabab bo‘lib qoladi.
Afsuski, zamon o‘tishi bilan insoniyat dushmani sanalgan shayton firiblariga aldanib, noshukurlik qiladigan, botil yo‘lda adashib qolgan kimsalar ham uchrab turibdi. Dunyo sahniga e'tibor qilsak, aksariyat davlatlarda urush, fitna olovini yoqayotgan toifalar ko‘zga tashlanadi. Ular dinni niqob qilib, Islomning asl mazmuni,aqidasini buzib ko‘rsatishga urinadilar. Aslida ular mutlaqo dindan bexabar, gumrohlar ekaniga isbot ham shu. Olaylik, inson qonini to‘kish dinimizda qattiq qoralanadi. Ular esa bunday qabihlikni odat qilib olishadi. Din nomidan amalga oshirishlari esa achinarlidir.
Janobi Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam umrlarining oxirida o‘zlaridan keyin zalolat yo‘lidan boradigan yetmish ikki guruh haqida islom ummatini ogohlantirgan edilar. Bu o‘tgan o‘n to‘rt asr davomida tasdig‘ini topib bormoqda.
Buni har birimiz chuqur anglamog‘imiz, yaqinlarimiz, ayniqsa yoshlarimizni buzg‘unchilar xurujidan himoya qilishimiz zarur. Bu yo‘lda eng asosiy qurolimiz dinimizning sof aqidasi, ilm-ma'rifat. Zero, Islom hech qachon zulmga chaqirmaydi, qon to‘kilishini oqlamaydi.
Ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Zulm qiyomat kunining zulmatlaridir”, dedilar”. Ikki shayx va Termiziy rivoyat qilgan.
Bu hadisi sharifda ham zolimlarning qiyomat kunga hollaridan biri haqida so‘z ketmoqda. Bu dunyoda zolim bo‘lgan odam u dunyoda zulmog‘larda qolishi turgan gap ekan. Bu esa katta baxtsizlikdir. Alloh taolo O‘zi asrasin.
Nurbek Xidirov - Jomboy tuman bosh imom-xatibi
Kiritilgan vaqti: 21/12/2019 13:16; Ko‘rilganligi: 1134
Chop etilgan vaqti: 09/10/2024 02:11