O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

Yoshlarni yot oqimlardan asrash va islom dinining mohiyati

 
 

Yoshlik ajoib davr, u har bir insonga bir marta beriladigan tengi yo‘q ne'matlardan biri bo‘lib, uning qadriga yetmoq kerak. Bu ne'matdan unumli foydalanib, o‘zining ilmiy va ma'naviy salohiyatini oshirib borgan inson o‘z zimmasidagi eng oliy vazifani uddalagan hisoblanadi.

Hozirgi kunda O‘zbekiston aholisining 64 foizidan ortig‘ini yoshlar tashkil qiladi. Mamlakatimizda mustaqillikning dastlabki yillaridanoq yoshlarning har tomonlama kamol topishiga qaratilgan islohotlar amalga oshirilmoqda. O‘zbekiston Respublikasining 2016 yil 14 sentyabrda qabul qilingan “Yoshlarga oid davlat siyosati” to‘g‘risidagi Qonuni qabul qilinishining o‘ziyoq mamlakatimizda yoshlar masalasiga alohida e'tibor berilganligidan dalolat beradi.

Jamiyatimiz ravnaqi uchun zarur bo‘lgan ilmlarni olish har bir yosh yigit-qizning zimmasidagi burchlaridan biri bo‘lib, unda niyatning xolisligi eng muhim narsadir. Albatta, yoshlarimizni dunyoviy bilimlar bilan bir qatorda  ma'lum darajada diniy ilmga ham ega  bo‘lishi ularning  ma'naviy ongini shakllantirib, razil sifatlardan uzoqlashtiradi. Jumladan, har tomonlama yetuk bilimli yoshlargina o‘zlarining sof imon-e'tiqodi bilan o‘z bilimini samarasini to‘g‘ri, foydali narsalarga yo‘naltirib, o‘ziga va atrofidagilarga, shu jumladan jamiyatga foyda keltiradi. Axloqiy bo‘shliqning oldini olib, jamiyatning porloq kelajagi uchun zamin tayorlaydi. Milliy va diniy qadriyatlarimizning yoshlarimiz tarbiyasidagi o‘rni beqiyosdir. Ulardagi vatanparvarlik, insoniylik, mehr oqibat kabi tushunchalar farzandlarimizni iymonli insofli , yurtimizga astoydil xizmat qiluvchi yuksak ma'naviyatli shaxslar qilib tarbiyalaydi. Tarbiyaviy ishlarni amalga oshirishda va yoshlarimiz ongiga milliy istiqlol g‘oyalarini singdirishda respublika ma'naviyat va ma'rifat kengashining olib borayotgan amaliy ishlarini ham a'lohida ta'kidlash lozim bo‘ladi.

Islom — milliy ma'naviyatimizning ajralmas bo‘lagidir. Ammo, bu holatdan foydalangan holda Islom dini nomidan yoshlarimiz ongini islom dini nomi ostida turli xil ekstremistik va terroristik g‘oyalarni singdirishga urunishlar hozirgi vaqtda avj olib ketdi. Bunyodkor va buzg‘unchi g‘oyalar o‘rtasidagi bunday g‘oyaviy paligon keng miqyosda dunyo bo‘ylab tarqalganligi har bir oqil insonni xavotirga solmoqda. Bugungi kunda diniy ekstremizm va terrorizmdan yoshlarimizni asrash har bir ziyoli kishining muhim vazifalaridan biri hisoblandi.

Yoshlarimizni turli xil yot oqimlardan himoya qilishda diniy omillar – Qur'on oyatlari va hadislardan keng foydalanish hamda dinning asl mohiyatini anglatish lozim. Bu amaliyotlarni din sohasidagi mutaxassislar bilan hamkorlikda olib borilishi eng samarali usullardan biri hisoblanadi. Diniy ekstremizm va terrorizm muqaddas Islom diniga aloqador bo‘lmasdan,  muayyan diniy konfessiya va tashkilotlardagi ashaddiy mutaassibona unsurlarning faoliyati mafkurasining natijasi ekanligini har bir yosh avlodga tushuntirish bugungi kunning dolzarb mavzularidandir. Holbuki, dinda mutaassibona e'tiqodda bo‘lish va sof islomiy e'tiqoddan bexabarlik diniy ekstremizm va terrorizmning asl manbai hisoblanadi. Aslida, Islom dinida o‘zaro hamjihatlik, tinchlik va bag‘rikenglikka buyuriladi. Alloh taolo Qur'oni karimda: “Ey, imon keltirganlar! Allohga itoat etingiz, Payg‘ambarga va o‘zlaringizdan (bo‘lmish) boshliqlarga itoat etingiz! Bordi-yu, biror narsada (din ishida) kelisha olmay qolsangiz – Allohga va oxirat kuniga ishonadigan bo‘lsangiz – uni Allohga va payg‘ambariga havola qilingiz. Mana shu yaxshiroq va chiroyliroq (ish)dir.”[1]

Mazkur oyatda Alloh taolo bandalarini O‘zi, Rasuli hamda o‘z oralaridan chiqqan musulmon boshliqlarga itoat etishni buyurib, biror muammoli masalaga duch kelinganda uning yechimini “Alloh va payg‘ambariga” havola etishni, demakki, Qur'on va hadisga murojaat qilishni buyurmoqda. Bunday mushkul holatlarda masalaning yechimini topish uchun eng avvalo Qur'onga murojaat qilishimiz lozim ekan. Darhaqiqat, Qur'onda bunday masalalarning chiroyli yechimi bor. Ixtilof vaqtidagi masalaning eng to‘g‘ri  yechimi, qanday yo‘l bilan bo‘lsa ham, firqalarga ajralishning oldini olishdir. Qur'oni karimda buyurilganidek, musulmon kishi uchun ko‘r-ko‘rona taqlid yarashmaydi. U har qanday masalada Allohning Kalomi va payg‘ambarining hadislariga ergashishi, agar lozim aqidaviy va shar'iy masalalarni bilishga o‘zining ilmi yetarli bo‘lmasa, ishonchli, taqvodor, olim kishilardan so‘rab bilishi hamda uni amalga tatbiq etishda fitna keltirib chiqarishdan ehtiyot bo‘lishi kerak.

Jumladan, risolat sohibi Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.)dan muqaddas dinimizga xilof bo‘lgan bunday guruhlar haqida bir qator hadislar vorid bo‘lgan.

Ibn Abbosdan rivoyat qilinadi: “Rasululloh (s.a.v.): “Mening ummatimdan bir toifa insonlar paydo bo‘lib, dinda juda tez ilmni egallaydilar va Qur'on o‘qiydilar. Ular: Boshliqlarimizga borib: “ularning molu davlatlarini bosib olamiz va o‘zlarini dinimizdan chetlatamiz (kofir deb e'lon qilamiz)”,–deydilar. Bunday qilish to‘g‘ri yo‘l emas. Qatoda (aloe)dan tikondan boshqa narsa hosil olinmaganidek, u toifa kishilarga yaqin bo‘lishdan faqat xatolarni jamlash mumkin bo‘ladi,”–dedilar.[2]

Biz Payg‘ambarimiz sallollohu alayhi va sallam bashorat qilgan bunday kimsalarni hozirgi vaqtda “al-Qoida”, “Hibu-t-tahrir”, vahhobiylik, O‘zbekiston Islom harakati, ISHID kabi ekstremistik tashkilotlarning harakatlari misolida ko‘rishimiz mumkin.

Yuqorida ta'kidlab o‘tganimizdek, Islom dinining asl mohiyati jamiyatga va butun borliqqa ezgulik hisoblanadi. U tabiat, jamiyat, inson va uning ongi, yashashdan maqsadi hamda taqdiri insoniyatni bevosita qurshab olgan atrof-muhitdan tashqarida bo‘lgan, uni yaratgan, ayni zamonda insonlarga to‘g‘ri, hidoyat yo‘lini ko‘rsatadigan va o‘rgatadigan ilohiy qudratga ishonishni ifoda etadigan ta'limotdir.

Ezgulikning yorqin namoyondasi va dunyodagi har bir mo‘min-musulmonning buyuk ustozi bo‘lgan janob Payg‘ambarimiz har bir musulmon kundalik faoliyatida qo‘llaydigan, umri davomida hayotida tatbiq etishi darkor bo‘lgan mavzularni marhamat qilganlar: “Alloh Taologa farz  ibodatlardan  keyin eng maqul ish – musulmon kishini xursand qilishdir”[3].

Abu Hurayra (r.a.)dan rivoyat qilinadi: “Rasululloh (s.a.v.) dedilar: “Musulmon – musulmonlar uning qo‘li va tilidan salomat bo‘lgan kishidir. Mo‘min – insonlar o‘z qonlari va mollarida undan emin bo‘lgan kishidir.”[4]

Ma'lumki, til va qo‘l eng ko‘p ishlatiladigan a'zolar bo‘lib, yaxshi ishlar ham, yomon ishlar ham asosan shular bilan bajariladi. Yon-atrofdagilarga aksar hollarda til bilan so‘kib yoki qo‘l bilan turtib, urib, ozor beriladi, zarar yetkaziladi. Shuning uchun, Payg‘ambar  (s.a.v.) shu ikki a'zoni lafzan zikr qildilar. Demak, birovlarga, u kim bo‘lishidan qat'iy  nazar,  dindoshmi, g‘ayridinmi – ozor berishdan  o‘zimizni  saqlashimiz lozim. Ayniqsa, tilimiz va qo‘limizga xushyor bo‘lishimiz kerak. Dinimiz ta'limotida nafaqat insonlarga nisbatan ezgu  bo‘lish, balki uni o‘rab turgan tabiat va undagi barcha jonzotlarga  nisbatan ham mehru shafqatli  bo‘lishga buyurilgan.

Muhtaram Prezidentimiz o‘z asarlarida Islom dini ezgulik dini ekanligini, bu dinning asl mohiyati nimalardan iborat ekanligini quyidagicha ta'riflaydilar: “Ezgu odatimizga aylanib ketgan mehr-oqibat tushunchasini oladigan bo‘lsak, uning juda teran tarixiy, milliy, diniy ildizlari borligini ko‘rish mumkin. Bu avvalo insonning inson bilan, qo‘shnining qo‘shni bilan, qarindoshning qarindosh, oilaning oila bilan, eng muhimi, shaxsning jamiyat bilan uyg‘un bo‘lib yashashini, yetim-esir, beva-bechora va nogironlarga, musofirlarga saxovat ko‘rsatish, sidqidildan, beg‘araz yordam berishni anglatadi va bunday xususiyat xalqimizning ma'naviy olamiga singib ketganini hech kim inkor eta olmaydi”.[5]

Xalq arbobi, buyuk mutafakkir Abdurauf Fitrat bu haqda shunday deydi: “Hech shubha yo‘qki, odamlar har xil din va mazhabdan, har xil qabila va millatdan bo‘lsalar ham, bir otaning va yagona jinsning farzandi, boshqacha qilib aytganda, bir-birlarining aka-ukalaridir. Shunday ekan, ular o‘zaro umumiy birodarlikni yuzaga keltirishlari kerak”[6].

Yuqoridagi fikr-mulohazalardan ayon bo‘layotirki, har qanday nom ostidagi zulm va zo‘ravonlik, turli ko‘rinishdagi jinoyatlar, garchi u islom nomidan sodir bo‘layotgan bo‘lsa ham, Islom aqidasi va ta'limotiga mutlaqo qarshidir. Musulmon kishi boshqa odamlarni, xossatan o‘sib kelayotgan yoshlarni yomon ishlarni qilishdan qaytarishga, nafaqat qaytarish, balki ogoh etishga mas'ul. U katta bo‘ladimi, kichik bo‘ladimi – gunohlarning har qanday ko‘rinishidan tiyilishi hamda boshqalarni ham undan qaytarishi lozim.

Yoshlarimizni turli xil buzg‘unchi va vayronkor oqimlar ta'siridan himoya qilib, bunyodkor g‘oyalarni ular ongida shakllantirish uchun nimalarga e'tibor qaratmoq kerak?

Bu borada muhtaram Prezidentimiz ogohlikka chaqirib: “O‘z uyingni o‘zing asra” degan shiorlari ostida har bir ota-ona o‘z farzandini, o‘qituvchi o‘z talabasini beparvolik qilmasdan bunday oqimlar ta'siridan himoya qilishga intilishi hamda bu yo‘lda o‘z ustida ishlamog‘i, izlanmog‘i darkor. Yoshlarimiz ta'lim-tarbiyasini milliy va diniy qadriyatlar asosida shakllantirib, Vatanga muhabbat, ota-ona, elu yurtga muhabbat bilan hamohang qilib, milliy va diniy qadriyatlarni, ona zaminni va hatto unda o‘sgan har bir daraxtni, ko‘chatni asrab-avaylamoqga hamda kelajak avlod uchun ozod-obod Vatanni asrab yetkazish o‘sib kelayotgan har bir o‘smir yigit-qizning vazifasi ekanligini o‘rgatib borishimiz zarur. Yoshlarimiz ongi va ruhiyatiga salbiy va keskin ta'sir qiluvchi har qanday vositalarga qarshi ularda avvalo immunetetni hosil qilishimiz eng dolzarb ishlardan biri hisoblanadi.

Tarbiyaviy ishlarni amalga oshirishda va yoshlarimiz ongiga milliy istiqlol g‘oyalarini singdirishda respublika ma'naviyat va ma'rifat kengashining olib borayotgan amaliy ishlarini ham a'lohida ta'kidlash lozim bo‘ladi.

Shubha yo‘qki, milliy va diniy qadriyatlarimizning tarbiyaviy jihati juda keng va serqirra jarayon bo‘lib, yoshlarimiz tarbiyasidagi o‘rni beqiyosdir. Ulardagi vatanparvarlik, insoniylik, mehr oqibat kabi tushunchalar farzandlarimizni iymonli insofli, yurtimizga astoydil xizmat qiluvchi yuksak ma'naviyatli shaxslar qilib tarbiyalaydi.

[1] Qur'oni karim ma'nolarining tarjima va tafsirni. Tarjima va tafsir muallifi Shayx Abdulaziz Mansur. –T.: TIU, 2009. Niso surasi, 59-oyat. –B. 87.

[2] Muhammad ibn Abdulloh at-Tabriziy. Mishkatu-l-masobih. Kazan. Lito-Tipografiya “Bratya Karimovi”, 1908. –B 61. Ibn Moja rivoyati.

[3] Mansurov A. Ming bir hadis. J. 2. –B. 166. 857-raqamli hadis. –T.: O‘zbek maskani, 1991.

[4] Mishkatu-l-masobih. –B19.

[5] I.A.Karimov, «Yuksak ma'naviyat – yengilmas kuch», 8-9-bet, «Ma'naviyat», T, 2008 y

[6] Terrorizm – jaholat o‘chog‘i, Metodik-bibliografik qo‘llanma Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston milliy kutubxonasi Toshkent-2003 B-4

Nodir Qobilov, Imom Buxoriy Xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi,

Payariq tuman “Sog‘ish ota” jome masjidi imom xatibi


Kiritilgan vaqti: 02/10/2019 13:08;   Ko‘rilganligi: 2169
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/actual/yoshlarni-yot-oqimlardan-asrash-va-islom-dinining-mohiyati
Chop etilgan vaqti: 01/05/2024 00:53
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing