O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

Yaqinlarimizni xatarli yo‘ldan qaytarish insoniy burchimiz ekanligini unutmaylik

 
 

Yurtimizda barcha din vakillari uchun teng sharoitlar yaratilgan. Bu bosh qomusimiz va qonunlarimizda ham o‘z aksini topgan. Ammo, globallashuv, zamonaviy texnologiyalar, axborot va elektronika asri deya nom olgan zamonamizda insoniyat boshiga soya solayotgan terrorizm, ekstremizm, fundamentalizm, giyohvandlik va jinoyatchilik, shuningdek, missionerlik singari sarhad bilmas illatlar, taassufki, bizni ham chetlab o‘tayotgani yo‘q.

Zamonlar o‘zgarishi bilan missionerlik faoliyati yangicha qiyofalarda namoyon bo‘layotgan bo‘lsa-da, uning asl mohiyati, g‘arazli niyati o‘zgarganicha yo‘q. O‘tgan asrlarda dunyoning turli hududlariga asosan “insonparvarlik”, “xayriya tashkilotlar vakili”, “sayyoh”, “tibbiy xodim”, “o‘qituvchi” va “murabbiy” kabi yasama qiyofalarda kirib borgan “targ‘ibotchilar” kishilarni hayotini o‘zgartirish qolaversa, insoniyat hayotining bir bo‘lagi bo‘lib qolgan ijtimoiy tarmoqlar orqali undan foydalanuvchilar ongini zaharlab, g‘arazli g‘oyalarini ommalashtirishda davom etmoqda.

Xo‘sh, aslida missionerlik nima? Missionerlik lotin tilidagi “misso” – yuborish, topshiriq so‘zidan olingan bo‘lib, istilohiy ma'noda, vakillik, boshqa bir yurtda o‘z yurti, xalqi, mamlakati, dini manfaatlarini ko‘zlagan holda targ‘ibot-tashviqot yuritish, degan ma'nolarni bildiradi. Ba'zi manbalarga ko‘ra “tabshir” (xushxabar etkazish), “tansir” (nasroniylashtirish) atamalari ham ayni ma'noni anglatadi.

Azaldan missionerlik zamirida nafaqat diniy, balki siyosiy maqsadlar ham ustuvor o‘rin tutgan. Bu harakat asosan xristianlikka xos bo‘lib, milodiy IV asrda xristian dini Vizantiya imperiyasining rasman dini deb e'lon qilinganidan keyin, mazkur davlat kuch-qudrati va tashqi ta'sir doirasini kengaytirish maqsadida maydonga keladi. Xristian missionerlari XII-XIV asrlarda Hindiston, Xitoy va Yaponiyaga qadar kirib borgan. XII asrlardagi salbchilar harakati ham aslida missionerlikning amaliy, niqobsiz ko‘rinishi bo‘lganligi, uning asl qiyofasini oshkor etadi.

XXI asrda fan-texnikaning rivojlanishi, ayniqsa, global tarmoq – internetning paydo bo‘lishi insonlarning axborot almashish imkoniyatini yanada osonlashtirdi. Oqibatda, missionerlar uchun erkin va qulay muhit shakllanib, “Facebook”, “Twitter”, “Instagram” kabi ijtimoiy tarmoqlarda istalgan axborotni tarqatish va tarafdorlar safini kengaytirish imkoni paydo bo‘ldi. 

Xalqlar o‘rtasida ziddiyatlar sodir etishda saytlarning hissasi katta. Ularda manbasi noma'lum, ishonchsiz shov-shuvli yoki yolg‘on-yashiq ma'lumotlar ommaga e'lon qilinib, jamoatchilik fikrini noto‘g‘ri shakllantirishga urinishlar kuzatiladi. Oqibatda, tinch davlatlarda ham urush olovi yoqilib, begunoh odamlar, norasida go‘daklarning qoni to‘kilmoqda.

Afsuski, kiberjinoyatchilar bu bilan to‘xtab qolishmaydi. So‘ngi yillarda yoshlar, bevosita o‘zbek yoshlari o‘rtasida eng ommabop ijtimoiy tarmoq sifatida mashhur bo‘lgan “tiktok, YouTube” ham loqaydlik, hayosizlik, tubanlik targ‘ibotiga “xizmat” qilmoqda. Unda foydalanuvchi tafakkurini zaharlovchi, real hayotdan uzoqlashtirishga qaratilgan yolg‘on xabarlar soni tobora ko‘payib, ayniqsa, turli xil diniy mavzudagi qaydlar, qotillik va jinoiy videolavhalar, qo‘poruvchilik harakatlari aks ettirilgan rasmlarga foydalanuvchilar tomonidan yuqori baho berilishi ularni yanada kengroq ommaga tarqatish imkonini bermoqda.

Turli jozibador nom va shiorlar bilan odamlarni yo‘ldan adashtirayotgan, tinch-totuv hayotiga rahna solayotgan ekstremistik oqimlarning maqsad va niyatlari barchamizga ma'lum. Shunday ekan, hushyorlikni bir onga ham yo‘qotmaslik, barcha yaqinlarimizni xatarli yo‘ldan qaytarish insoniy burchimiz ekanligini unutmaylik..

Boboyev Sarvarxo‘ja

Samarqand shahar "Qo‘shboqqolli" jome masjidi imom-xatibi


Kiritilgan vaqti: 14/10/2022 09:31;   Ko‘rilganligi: 621
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/actual/yaqinlarimizni-xatarli-yoldan-qaytarish-insoniy-burchimiz-ekanligini-unutmaylik
Chop etilgan vaqti: 20/09/2025 12:59
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing