O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

VALIYLAR KAROMATI HAQDIR

 
 

Valiy Allohni do‘st tutuvchi, ibodatda bardavom, hukmlarda mahkam, e'tiqodda o‘rnak, gunohdan yiroq, haromdan uzoq yuruvchi kishidir. Zero, Allohtaolo Qur'oni karimda:

«Alloh iymon keltirganlarning do‘stidir. Ularni zulmatdan nur sari chiqaradi...», degan.

Shunga ko‘ra barcha mo‘minlar valiydirlar. Biroq ularning Allohga valiy-do‘stliklari Unga yaqinliklari nisbatida kuchli yoki kuchsiz bo‘ladi...

Sa'duddin Taftazoniyning «Sharhul Aqoidin Nasafiyya»  kitobida aytib o‘tilganidek, shubhasiz, ularning karomatlari haqdir. Bunday karomat uzoq masofani qisqa vaqtda bosib o‘tish, muhtoj paytda oziq-ovqat, ichimlik va kiyim-kechakning paydo bo‘lishi, suv ustida yurish, havoda uchish, jonsiz va tilsiz narsalar bilan gaplashish, kelgan balolarning zarbini pasaytirish kabilarda bilinadi. Bu kabi holatlar valiylarda g‘ayri oddiy yo‘l bilan sodir bo‘ladi.

Oxirgi paytlarda soxta salafiy vakillari ilmsizliklari bois oyat va hadislarni noto‘g‘ri talqin qilishdan tashqari valiylarning karomatlarini keskin inkor etish yo‘lidan bormoqda. Alloh har narsaga qodir Zot. Xohlagan bandasiga nabiy, rasul yoki valiylik maqomini berish Uning izmida. U Zot o‘z do‘stlarini mo‘jiza yoki karomat ila siylashi tabiiy hol, albatta. Bunga shak keltirish noo‘rin. Valiylar Alloh taoloning erka bandalari bo‘lib, ayrim ishlarda boshqalardan ajralib turishgan. Ular hayotiga razm solsak, teran mushohada etsak, buning haqligiga yana bir karra amin bo‘lamiz.

Imom Abu Bakr ibn Furak aytgan: «Avliyolarga payg‘ambarlardan farqli o‘laroq karomatlarini yashirish vojibdir».

Abu Bakr Ash'ariyesa: «Karomat nabiyga ham, valiyga ham xos», deganlar.

Demak, avliyolarda karomat sodir bo‘lishi ayni haqiqatdir. Uning qanday bo‘lishi aqlga sig‘masa-da, biroq shariat qoidalariga aslo zid emas. Aqidaviy masalalarni mukammal tushunish, to‘g‘ri talqin qilish, dalil-isbotlarga suyanib ish tutish har xil fitna va ziddiyatlarning oldini olishda ayrim buzg‘unchi guruhlarning botil e'tiqodlariga raddiya sifatida foydalanishda qo‘l keladi. Shunday ekan, soxta salafiylarning ko‘r-ko‘rona aldovlariga uchmasdan, balki o‘tgan valiy zotlarning yo‘llarini tutish, sunnatlariga ergashish, hikmatlariga suyanib ish tutish ayni kamolot cho‘qqisi ekanini unutmaslik zarur.

Hasanov Ahmad Samarqand shahar Damariq jome masjidi imom noibi Manbalar asosida tayyorlandi   


Kiritilgan vaqti: 25/01/2023 10:33;   Ko‘rilganligi: 308
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/actual/valiylar-karomati-haqdir
Chop etilgan vaqti: 30/04/2024 12:57
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing