O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

Tasbeh ishlatish bid'atmi?

 
 

Mashhur sahobalar kundalik ziklarni aytishda mayda tosh donalari yoki xurmo danaklaridan tasbeh sifatida foydalanishgani sahih rivoyatlar ila sobit bo‘lgan. Lekin ming afsus hozirgi kunda soxta salafiylar zikr qilishda tasbeh donalaridan foydalanishni bid'at sanashadi. Bir amal bid'at bo‘lishi uchun dinimiz uni man etgan bo‘lishi kerak, holbuki payg‘ambarimiz Sallalohu alayhi vasallam tasbehlarni danak va toshlar bilan sanagan sahobalarni ko‘rib, bu ishdan qaytarmaganlar. Man etmaganlari esa tasbeh aytishni sanash taqririy sunnat ekanligi ma'lum bo‘ladi.

Mo‘minlar onasi Sofiya roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:

Mening oldimda 4000 dona danak bor edi. Rasulalloh sallalohu alayhi vasallam oldimga kirdilar va – “ey Huyayniyning qizi bular nima” deb so‘radilar men bular bilan aytgan tasbehimni sanayman dedim. U zot: “Men bu danaklardan ham ko‘p tasbeh aytaman” dedilar. Men ey Allohning rasuli ularni menga o‘rgating deganimda u zot “Subhanallohi 'adada ma xolaqa min shay-in (tasbehi)dedilar”.

Payg‘ambar Sallalohu alayhi vasallam ayollarni tasbeh sanashdan qaytarmaganlar, balki undan ham ko‘proq va fazilatli tasbehni o‘rgatganlar va xuddi shunday uning sahobalari ham tasbehni lozim tutganlar. Hofiz ibn Hajar “al-Isoba” da Abu Hurayra roziyallohu anhuning tarjimai holida shuningdek, ibn Sa'd sahih sanad bilan Ikrima roziyallohu anhudan qilgan rivoyatda bunday deyilgan: Abu Hurayra roziyallohu anhu har kuni 10 000 marta tasbeh qaytarar edi va “gunohim miqdoricha tasbeh aytaman” deguvchi edi. Abu Hurayra roziyallohu anhuga o‘xshagan zotni bid'at sohibi deb atash mumkinmi? Holbuki Jaloliddin Suyutiy rahimahullohdan Abu Hurayra roziyallohu anhuning ipga tizilgan donachalar va marjonlarni ishlatgani borasida naqli bor. Va sahobalar ilm bulog‘idan suv ichgan mashhur tobeinlardan biri Hasan Basriy rahmatullohi alayh tasbeh ishlatar edilar. U zotga “Qadringiz ulug‘, ibodatlaringiz go‘zal bo‘lsa, hali ham tasbeh bilanmisiz?” deyishdi. Hasan Basriy “Biz uni avvaldan ishlatar edik, nihoyada ham tashlab qo‘ymaymiz. Men Allohni qalbim, qo‘lim va tilim bilan zikr qilishni yaxshi ko‘raman” dedilar. Tasbeh ishlatishlik haqida bundan boshqa ko‘plab rivoyatlar ham bor. Ana o‘shalarni o‘rganib bilamizki tasbeh ishlatishlik bu ulug‘larning amali. Tasbeh ishlatish kecha kunduzdagi muayyag zikrlarni aytishning uddasidan aniq chiqishdir.

Hasanov Ahmad Samarqand shahar Damariq jome' masjidi imom noibi.


Kiritilgan vaqti: 21/01/2023 09:44;   Ko‘rilganligi: 1283
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/actual/tasbeh-ishlatish-bidatmi
Chop etilgan vaqti: 06/12/2025 14:13
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing