O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

“TAKFIR”ga qo‘shilmaymiz va unga qarshimiz!

 
 

 Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi va sallam “La ilaha illalloh, Muhammadur rasululloh” deb turgan shaxsni kofirga chiqarish xatarini bir qancha hadislarida bayon qilganlar. Jumladan, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday dedilar: “Uch narsa imonning aslidandir.“La ilaha illalloh” degan kimsaga tegmaslik, uni gunohi tufayli “kofir” demaymiz, amali tufayli Islomdan chiqarmaymiz” (Imom Abu Dovud rivoyatlari).

Ushbu hadisi sharifda musulmon kishi boshqa dindoshiga nisbatan qanday munosabatda bo‘lishi borasida aniq hukm berilmoqda. Ya'ni, haqiqiy mo‘min boshqa birodarini gunohi tufayli kofirga chiqarmasligi, uni qilgan amali sababli unga “mo‘min emas” degan so‘zni aytmaslik lozimligi uqtirilmoqda.

Yana bir hadisi sharifda Rasululloh sallallohu alayhi va salam bunday deganlar: “Kim mo‘min kishini kofirga chiqarsa, uni o‘ldirgandek (gunohkor) bo‘ladi” (Imom Buxoriy rivoyatlari).

Ushbu hadisga sharh yozgan ulamolarimiz: “Musulmonni o‘ldirgan qotil qancha gunoh olsa, musulmonni “kofir” deb hukm qilgan kimsa ham xudi shunday gunohkor bo‘ladi”, – deganlar. Vaholanki, musulmonni o‘ldirish qanday gunoh ekanligi haqida Alloh taolo shunday degan: “Kimda-kim qasddan bir mo‘minni o‘ldirsa, uning jazosi jahannamda abadiy qolishdir. Yana unga Allohning g‘azabi va la'nati yog‘ilur va Alloh unga ulkan azobni tayyorlab qo‘ygandir" (Niso surasi 93-oyat).

Musulmonni kofirga chiqarishdan kelib chiqadigan xatar sababidan Qur'oni karim va hadislarda o‘zga birovni kufrga chiqarishdan qaytarilgan. Jumladan Niso surasi 94-oyatida Alloh taolo bunday deydi: “Ey imon keltirganlar! Alloh yo‘lida safarga chiqqaningizda aniq ish tuting! Sizlarga salom bergan (yoki taslim bo‘lgan) kishiga bu dunyo matohini (o‘ljani) ko‘zlab: “Mo‘min emassan”, demangiz! Allohning huzurida ko‘p o‘ljalar (bordir). Ilgari sizlar ham shunday (imoningizni sir tutar) edingizlar.  So‘ngra Alloh sizga ne'mat ato etdi. Bas aniqlab ish tutingiz! Albatta Alloh (barcha) ishlaringizdan xabardordir”.

Bu oyatni nozil bo‘lishi haqida Ibn Kasir tafsirida quyidagi so‘zlar bor: "Imom Ahmad Abdulloh ibn Abbosdan rivoyat qiladi: “Banu Salimdan bir kishi o‘zining qo‘ylarini boqayotganida Nabiy sollallohu alayhi vasallam sahobalarining bir guruhining oldidan o‘tib turib, ularga salom berdi. Ular: “Bizga salom berma, balki bizdan panoh so‘ra”, dedilar. So‘ng uni o‘ldirdilar, keyin uni qo‘yi bilan Nabiy sollallohu alayhi va sallam huzurlariga olib keldilar. So‘ng ushbu oyatni “Ey imon keltirganlar...” dan oxirigacha nozil bo‘ldi".

Jumhur kalom va fiqh ulamolari ittifoqiga ko‘ra, biror bir ahli qibla bo‘lgan musulmonni kofirga chiqarmaslik lozimdir.

Abu Hanifa rohmatullohi alayh ham ahli qibla bo‘lganlarning birortasini kofirga hukm qilmagan.

Tahoviy aqidasida: “Qibla ahlidan bo‘lgan biror-bir musulmonni gunohi kabira tufayli kofir sanamaymiz”, deyiladi (Al-Manhajussahih fi fahmi aqidati ahli sunna val jamaa'. Hasan Ali Saqqof,703-bet). Shuningdek, boshqa aqida va ularga yozilgan sharhlarda katta gunoh qilgan kishilar garchi uni sodir etish paytida vafot etsa ham, qilgan ishini halol sanamasa, kofir bo‘lmasligi, agar o‘z uqubatlarini dunyoda olsa katta gunohi uchun kafforot bo‘lishi, mabodo vafot etsa, bu – Allohning xohishi: xohlasa azoblashi, xohlasa kechishi bayon etilgan.

Aqida ilimining yetuk bilimdoni Abul Hasan Ash'ariy aytadilar: “Men ahli qibladan birortasini kofirga chiqarmayman. Chunki ularning barchalari yolg‘iz Allohga ibodat qiladilar”.

Xulosa o‘rnida shuni aytish mumkinki, o‘zga insonni kofir deyish, unga jahannamda abadiy qolasan, deyishga teng gapdir. Buning ustiga jamiyat kishilari orasida uning o‘rnini o‘z bilganicha belgilab berish demakdir. Bu ish juda nozik bo‘lgani va ehtiyotkorlikni talab qilgani uchun ham zinhor bu ishga shoshilmaslik kerak. Balki bu ishlarni o‘z egalariga, ya'ni olimlar, muftiylar hukmiga havola qilish lozim. Zero, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bundan qaytarganlari ham bu ishni naqadar nozik ekanligini belgilab beradi. Biz yuqorida ko‘rganimizdek, u zot sollallohu alayhi va sallamning: “Bir kishi birodariga “ey kofir!” desa, bu gap aniq ikkisidan biriga tegishli bo‘ladi. Agar u kishi rostan ham kofir bo‘lsa, unga qaytadi. Ammo unday bo‘lmasa gapiruvchining o‘ziga qaytadi” (Imom Buxoriy va Muslim rivoyati) deganlari ham bizga ibrat o‘laroq yetadi.


Manbalar asosida tayyorlandi:
Ma'rufxon Aloxodjayev,
Namangan shahar “Abdulqodir qori” jome
masjidi imom-xatibi


Kiritilgan vaqti: 04/09/2020 07:54;   Ko‘rilganligi: 1316
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/actual/takfirga-qoshilmaymiz-va-unga-qarshimiz
Chop etilgan vaqti: 20/09/2025 03:18
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing